Gulnora Karimovaning advokati sentabr oyi o‘rtalarida mijozi bilan uchrashuvda uning qo‘lida ko‘karishlarni ko‘rganini xabar qilgan edi. Ombudsman Feruza Eshmatova koloniyada ko‘rishganida birinchi prezidentning qizi bilan hammasi yaxshi bo‘lganini va qaytadan monitoring o‘tkazilishini aytdi. U shuningdek, qamoqxonalarda qisqa muddatli uchrashuvlar qayta tiklanganini ham ma’lum qildi.
Afg‘onistonning Qunduz shahrida shia masjidi portlatildi. «Tolibon» vakillari kamida 100 kishi portlash natijasida halok bo‘lganligini ta’kidlamoqda. Hozircha hech qaysi terrorchi guruh ushbu terakt uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgani yo‘q.
2021 yilning 9 oyi davomida onlayn-auksion orqali jami 221,1 mlrd so‘m qiymatda 105,6 mingdan ziyod «chiroyli» raqamlar xarid qilingan. Eng qimmat sotilgan avtoraqamning narxi 441,5 mln so‘mni tashkil qilgan. Shuningdek, tovar-xom ashyo birjasidagi savdolar bo‘yicha boshqa ma’lumotlar ham taqdim etildi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi uylarning birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir kishi jarohat olib, shifoxonaga yuborildi. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 9 oy ichida 77 mlrd 877 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Bu 40 mingta xonadonning qariyib 1 yillik iste’moli degani. Vazirlik 4 kun o‘tkazilgan reydning o‘zida 67 ta holatda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganini aniqlagan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 2,48 so‘mga ko‘tarilib, 10 680,37 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda Sirdaryoni Tojikiston orqali vodiy bilan bog‘lovchi avtobus yo‘nalishlari joriy etilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘l qadimdan Xovosni vodiydagi viloyatlar bilan bog‘lab turgan. Hozirda bu yo‘lning ahvoli qoniqarli va Tojikiston tomoni ham yo‘l ochilishiga rozi. «Bu reja amalga oshishi har ikki davlat uchun ham manfaatli», — dedi prezident.
Ayrim yirik davlatlar o‘rtasida zimdan va ba’zan murosasiz tarzda olib borilayotgan qarama-qarshilik oqibatlari jahonning turli mintaqalarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda, dedi TIV rahbari Abdulaziz Kamilov. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston «dunyoning yirik davlatlari raqobati mintaqa mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini» xohlamaydi.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida hozirgi kunda yoshlarga diplom emas, kasb kerakligini ta’kidladi. “Bilim kerak! Surxondaryoga kerak bo‘lgan yo‘nalishlar kerak!”, — dedi u. Mirziyoyev “nasib qilsa, besh yildan keyin Surxondaryoda boshqacha joylarda uchrashishini” ta’kidladi.
2021 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov va filippinlik jurnalist Mariya Ressaga topshiriladi. Nobel qo‘mitasi ularning demokratiya va tinchlikning asosiy sharti bo‘lmish so‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.
Uchqo‘rg‘on tumanida M-412 rusumli avtomashina yo‘lga chiqib ketgan 3-sinf piyodani chetlab o‘tmoqchi bo‘lib qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia-2 mashinasi bilan to‘qnashdi. Oqibatda ikki avtomashina orasida qolib ketgan piyoda og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 12 oktabrdan ijtimoiy soha obyektlarini isitilishi boshlanishi haqida qaror qabul qildi.
O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida Afg‘onistondagi vaziyat mintaqadagi keskinlik omili bo‘lib qolayotganligini ta’kidladi. U bunga mamlakat hududida ayrim terrorchilik guruhlari borligini misol qilib ko‘rsatdi. «Shunday bo‘lsada, Afg‘onistonning nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki mintaqaviy konstruktiv va yaratuvchan loyihalarga asos bo‘ladigan yangi imkoniyatlar manbasi ekanini nazarda tutish lozim», — dedi vazir.
Aurelia Bushez Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi bo‘ldi. U ilgari Fransiyaning Ozarbayjon elchisi va Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi delegatsiyasi rahbari sifatida ishlagan.
Qozog‘istonda O‘zbekiston bilan chegarada «Bauirjan Konisbayev» (O‘zbekiston tomonidan «Yallama» bilan tutash) bojxona posti modernizatsiya qilindi. Hozircha bu yerdan faqat yuk mashinalari o‘tmoqda.
O‘zbekistonda Telegram guruhlari va kanallari orqali fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plab, ulardan pul undirish maqsadida foydalanish holatlari kuzatilmoqda. IIV ma’lumotiga ko‘ra, ularning yurituvchilari xorijdan turib faoliyat olib bormoqda va hozircha ushbu kanallarni bloklashning iloji yo‘q. Vazirlik fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda qo‘ymaslikni va begona guruhlarda tarqatmaslikni so‘radi.
9 oktabrdan O‘zbekiston hududiga Rossiya Yevropa qismi ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Havo haroratining 10−12 darajaga tushishi kutilmoqda. Shimolda kechasi -3 darajagacha soviydi.
Microsoft kompaniyasi Windows 11 operatsion tizimini taqdim etdi. Kompaniya Windows 11`ni turkumdagi «eng xavfsiz» operatsion tizim, deya e’tirof etgan. Windows 10 o‘rnatilgan, Windows 11`ga mos keluvchi barcha kompyuterlar taxminan 2022 yil o‘rtalarigacha yangi operatsion tizimga o‘tishi kutilmoqda.
Onlayn kimoshdi savdosiga yana 270 ta radar va kamera o‘rnatish joylari chiqarildi. Eng ko‘p uchastka Toshkent viloyatida, eng kami — Xorazmda.
Rossiya hukumati O‘zbekistondan 10 ming quruvchini mamlakatga jalb etish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha ishtirokchilari suhbat va tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari, shuningdek rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslarini bilishi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lishlari kerak.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting