Rossiya harbiy xizmatchilari shartli dushman bazalarini qidirib topish va yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma o‘quvlarda ishtirok etish uchun Surxondaryoga yetib keldi.
O‘zbekistonda pandemiya boshlangandan beri koronavirusdan kunlik kasallanish bo‘yicha eng yuqori antirekord qayd etilishi, mamlakatga 3 mln doza Moderna vaksinasi olib kelinishi, yangi qaror va qonun imzolanishi — “Gazeta.uz"ning 30 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Antikorrupsiya agentligi O‘zbekistonning bir nechta hududlarida davlat xaridlari bo‘yicha qonun buzilishi holatlarini aniqladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 63,6 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha tenderlar qonunga zid ravishda e’lon qilingan. Bundan tashqari, qator hududlarda 29,5 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha tenderlarning g‘olibi aniqlamay turib, qurilish va ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan yoki tugatilgan.
Tokioda o‘tkazilayotgan Olimpiya o‘yinlarining yettinchi kunida 5 nafar o‘zbekistonlik sportchilar bellashuvlarda qatnashishdi. Ular orasida bokschi Rayhona Qodirova keyingi bosqichga yo‘llanma olgan bo‘lsa, qolgan barcha sportchilar musobaqadagi ishtiroklarini tugatishdi.
Prezident qarori bilan bakalavr va magistrlarga Markaziy bankning asosiy stavkasida ta’lim krediti ajratiladi. MBning asosiy stavkasi pasaytirilsa ta’lim krediti foizi ham kamayadi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi. Kredit olish uchun talabalarning oila a’zolari kafil bo‘lishiga ruxsat beriladi.
2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga oshgan. 217 ta qotillik jinoyatlarining har uchinchisi qarindoshlar yoki qo‘shnilar o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Senatning yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov yarim yil ichida sodir etilgan jinoyatlar haqida axborot berdi. Jumladan, 99 ta odam savdosi fosh etilgani aytildi. Tanzila Narbayeva esa ushbu jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa oshgani va 34 ta holat chaqaloqlar savdosi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.
2021 yilning 6 oyi davomida sodir bo‘lgan 542 ta YTHlarda 458 nafar bola jarohatlangan, 104 nafari halok bo‘lgan. Halok bo‘lgan bolalar soni o‘tgan yilning 6 oyiga nisbatan 33,3 foizga ortgan. Yarim yilda umumiy YTHlar soni 3,5 mingdan ortiq, ularda 1000ga yaqin inson halok bo‘lgan.
Dollarning rasmiy kursi 17,43 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 642,43 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari esa biroz ko‘tarildi.
Prezident imzolagan yangi tahrirdagi «Sudlar to‘g‘risida» gi qonun bilan sudyalik lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilmoqda. Hujjatda shuningdek, sudyalarning intizomiy javobgarligi va ularning ijtimoiy himoyasi batafsil aks ettirilgan.
TIV pandemiya davrida xorijliklarning O‘zbekistonga kirishi bo‘yicha tartiblarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, endilikda avtomobil orqali kelayotganlar mamlakat hududidiga faqat PZRning manfiy ko‘rsatkichiga ega bo‘lsagina kiritiladi. Shuningdek, mamlakatga kirish vaqtida turistda koronavirus infeksiyasining alomatlari bo‘lib, PZR musbat bo‘lsa, o‘ni o‘z davlatiga qaytarish ishlari yo‘lovchilarni tashish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
Senat raisi Tanzila Narbayevaning ta’kidlashicha, tibbiyot xizmat sohasidagi ko‘plab muammolar joylarda vaqtida o‘rganishlar olib borilmaganligi sababli kelib chiqmoqda. U aholining salomatligini ta’minlashda mahalliy kengashlar ham faol bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
2021 yilning yanvar-iyun oylarida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga jami 5 958 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, shundan 5 348 nafari ayol, 393 nafari erkak hisoblanadi. Hududlar kesmidida eng ko‘p murojaat Toshkent shahri (1598), Jizzax (861) va Namangan viloyatidan (540) bo‘lgan.
Isroilda 60 yoshdan oshganlarni COVID-19`ga qarshi Pfizer vaksinasining uchinchi dozasi bilan emlash ishlari boshlandi. Buning uchun fuqarolar kamida besh oy oldin ikki dozali kursni tamomlagan bo‘lishi kerak. Hozircha Isroil revaksinatsiyani boshlagan birinchi mamlakat hisoblanadi.
AQShning SRK Consulting kompaniyasi direktori Mayk Bir O‘zbekistonda 45 mln tonna mis va 5,5 ming tonna oltin zaxirasi mavjudligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, elektromobillarni ishlab chiqarish hajmi oshishi bilan jahon bozorida misga bo‘lgan talab ham keskin ortadi. U O‘zbekistonda mis ishlab chiqarishga qaratilayotgan e’tiborni uzoqni ko‘zlovchi siyosat deb atadi.
1 avgustda mamlakatni salqin havo massalari asta-sekin tark eta boshlaydi. Havo harorati +40 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. 30−31 iyulda Farg‘ona vodiysining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.
Kecha O‘zbekistonda 897 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. 546 nafar kishida pnevmoniya aniqlanib, 7 nafar bemor vafot etdi.
Qibray tumanida besh kishi shafqatsiz ravishda o‘ldirildi, gumondor qo‘lga olindi.
O‘zbekistonga COVAX mexanizmi doirasida AQShdan 3 million doza Moderna vaksinasi olib kelindi. Ushbu vaksina butun mamlakat bo‘ylab 18 yoshdan oshgan fuqarolarni emlashda qo‘llaniladi. Kuzda AstraZeneca va Pfizer vaksinalarini yetkazib berish rejalashtirilgan.
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining yettinchi kunida to‘rtta sport turi bo‘yicha 5 nafar o‘zbekistonlik ishtirok etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting