AQSh “O‘zbekistonda ta’lim va bolalar uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 21 mln dollar ajratadi. Mazkur mablag‘ 400 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta’minlangan MTTlariga yo‘naltiriladi.
Toshkentning Yunusobod tumanida Nexia-2 avtomashinasi piyodani urib yubordi. Yigit olgan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etdi.
O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga yordam berishga mo‘ljallangan Telegram-bot ishga tushirildi. Unda chet elda ishlash va yashash qoidalari, ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek, chet elda ishlayotganlarni qo‘llab-quvvatlash turlari to‘g‘risida bilib olish mumkin. Bundan tashqari, botga odam savdosi to‘g‘risida ma’lumot yuborilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi tomonidan ichimlik suvi ta’minotiga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, har oyda kamida bir marta hisoblagichlar holatini o‘rganish, ichimlik suvi ta’minotida uzilishlar davomiyligi 12 soatdan oshsa aholini maxsus mashinalarda ichimlik suvi bilan ta’minlash va tariflar narxi o‘zgarishi haqida 15 kun oldin xabardor qilish taklif etilmoqda.
O‘zbekistonda 5 iyuldan beri 8723 nafar bemorlarda pnevmoniya aniqlangan bo‘lib, ularning 2770 nafari sog‘ayib chiqqan. Shu kungacha bemorlarning 60 nafari vafot etdi. Viloyatlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri (3240), Toshkent (1288) va Jizzax viloyatida (998) qayd etilgan.
Hukumat qarori bilan notariuslarning qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazorat qilish, jumladan, rejali, qisqa muddatli, kameral tekshiruvlar o‘tkazish tartibi belgilandi. Shu bilan birga, notariuslar adliya organi rahbarining buyrug‘i asosida «Sirli mijoz» tadbiri yordamida tekshiriladi.
Samarqand viloyatida 5 ta uy yonib ketdi. Yong‘in kuchli shamol oqibatida katta maydonga tarqalgan. Uni o‘chirishga 1 soatdan oshiq vaqt ketdi. Yong‘in natijasida jarohat olganlar yo‘q.
Antikorrupsiya agentligining Qashqadaryo viloyatida o‘tkazgan o‘rganishlari natijasida davlat xaridlariga oid amaldagi e’lonlar bo‘yicha 32 ta holatda 10,4 mlrd so‘mlik ish va xizmatlar hali shartnomalar tuzilmasdan pudratchilar tomonidan boshlab yuborilganligi aniqlandi. E’lon muddati hali tugamagan ba’zi ishlar 100 foiz bajarilgan.
O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqarolarning erkin harakatlanishi uchun yaratilgan «Puteshestvuyu bez COVID-19» («COVID-19`siz sayohat qilaman») ilovasiga qo‘shildi. 1 sentyabrdan boshlab ilovadan foydalanish Rossiyaga tashrif buyurayotgan o‘zbekistonliklar uchun majburiy bo‘ladi. Ilovada tahlil natijalarini ko‘rish uchun belgilangan laboratoriyalarda PZR-testini topshirish kerak bo‘ladi.
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida «UAZ» avtomobilidagi gaz balloni yorildi. Jabrlanganlar yo‘q.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist Boybo‘ta Do‘stqorayev 78 yoshida vafot etdi.
Kecha O‘zbekistonda 843 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. 556 nafar kishida pnevmoniya aniqlanib, 8 nafar bemor vafot etdi.
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining beshinchi kunida ikkita sport turi bo‘yicha 4 nafar o‘zbekistonlik ishtirok etadi.
JSSTning elektron sigaretlar tarqalishini cheklashga chaqirayotgani, Qozog‘istonda LinkedIn’ning bloklangani, Kobul va uning atrofidagi viloyatlarning elektr ta’minotisiz qolgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
O‘zbekistonda pandemiya boshlangandan beri koronavirusdan kunlik kasallanish bo‘yicha eng yuqori antirekord qayd etilishi, vaksinadan bosh tortganlar ishdan chetlatilishi mumkinligi, O‘zbekiston Olimpiadaning to‘rtinchi kunini ham medalsiz yakunlashi — “Gazeta.uz"ning 27 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
2021 yilning birinchi yarmida doimiy yashash uchun xorijga ko‘chib ketganlar soni 10 ming nafardan oshdi. Bu 2020 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 4,5 barobarga, 2019 yilning dastlabki olti oyiga nisbatan 2,2 barobarga ko‘p demakdir.
Yarim yil ichida O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 301,3 ming kishiga yoki 0,9 foizga oshib, 34,86 mln nafarga yetdi. Tug‘ilish va o‘lim darajasi 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan qariyb 7 foizga o‘sgan.
OTMlarga kirish test sinovlari 5-avgustdan boshlanadi. Test sinovlari qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Shuningdek, test savollari qisqartirilib, majburiy fanlardan ular 10 tadan bo‘ladi.
Saudiya Arabistoni 10 avgustdan boshlab xorijlik ziyoratchilar uchun Umra mavsumi tiklanishini e’lon qildi. Ziyoratchilar koronavirusga qarshi Pfizer, Moderna, AstraZeneca yoki J&J vaksinalari bilan to‘liq emlangan bo‘lishi kerak.
Tokiodagi Olimpiadaning to‘rtinchi kunida dzyudochi Sharofiddin Boltaboyev kuchli sakkizlikdan joy olgan bo‘lsa, bokschi Bobousmon Baturov o‘zining dastlabki jangini g‘alaba bilan boshladi. Bugungi kun ham O‘zbekiston uchun medalsiz bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting