Dollarning rasmiy kursi 9,26 so‘mga pasaydi va jami 10 621,49 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa biroz ko‘tarildi.
«Tolibon» harakati vakillari Afg‘onistonning Qandahor shahriga kirishdi. Avval shaharning markaziy qamoqxona, so‘ng bozor hududida janglar bo‘lib o‘tgani aytilmoqda. Bir necha tinch aholi vakillari halok bo‘lgan va yaralangan.
AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini chiqarishni 31 avgust kuni yakunlaydi. Amerika prezidenti Jo Bayden AQSh «Al-Qoida» rahbarini yo‘qotib, mamlakatdagi o‘z maqsadlariga erishganligini ta’kidladi. «Afg‘onistonning keyingi taqdirini hal qilish — faqat afg‘on xalqining huquqi va mas’uliyati», — dedi u.
O‘zbekiston umumiy qiymati 870 mln dollarga teng bo‘lgan yevro obligatsiyalarini ikkita transhda chiqaradi. Dollarli transh 10 yil muddatga, so‘mda ko‘rsatilgan yevrobondlar esa 3 yoki 5 yilga chiqariladi, deya xabar berdi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov.
2020 yilda O‘zbekiston xayriya indeksi (World Giving Index) jahon reytingida 53-o‘rindan 29-o‘ringa ko‘tarildi. Pandemiya sharoitida odatda birinchi o‘ntalikka kiradigan mamlakatlar (AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Kanada, Niderlandiya) o‘rniga Indoneziya, Keniya va Nigeriya yuqori o‘rinlarni egalladi. Mutaxassislar ushbu mamlakatlarda xayriya yordamining ko‘payishini kambag‘al aholi qatlamlarining ahvoli yomonlashayotgani, shuningdek, fuqarolik jamiyati va ko‘ngillilar harakati faollashgani bilan izohlashmoqda.
O‘zbekiston hukumati va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida maktabgacha ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun 10,9 mln AQSh dollar ekvivalentidagi kredit bitimi imzolandi.
Juma kuni Toshkent viloyatida kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Dam olish kunlarida salqin havo oqimlari barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati +39 darajadan yuqori bo‘lmaydi.
Namangan viloyati Davlatobod tumanidan 4 ta butun va 2 ta yarim yemirilgan bomba topildi. Topilgan bombalarni zararsizlantirish maqsadida yo‘q qilish ishlari olib borilmoqda.
2022 yil 1 yanvardan ho‘l pilla hosilining 1 kg uchun 5 ming so‘m miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qo‘llaniladi. Bundan tashqari, qorako‘lchilikni yanada rivojlantirishga 200 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Nodir Musamuxamedov Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Payshanba kuni O‘zbekistonda 482 nafar fuqaroda koronavirus, 221 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 4 nafar koronavirus bemori vafot etdi.
Moskvada Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va «Tolibon» harakati delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. «Tolibon» Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi buzilmasligiga, Afg‘oniston hududida xorij davlatlarining diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligi bo‘yicha kafolat berdi.
Prezident farmoni bilan davlat mulkini 1 so‘m qiymatda sotish amaliyoti bekor qilindi. obyektlar savdolarga bozor narxlarida chiqariladi. Mol-mulk sotilganidan keyin hududlar va davlat byudjeti ixtiyorida qoladigan mablag‘lar ulushi 73 foizdan 87 foizgacha oshirildi.
Toshkent markazidagi Geologiya muzeyi binosi auksionga qo‘yildi. Obyektning boshlang‘ich narxi — 27,6 mlrd so‘m.
Samarqandda yoqilg‘i quyish shoxobchasi hududida payvandlash ishlari olib borilayotgan vaqtda portlash sodir bo‘ldi. Bir kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurahim Qurbonov 47 yoshida koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi.
J. P. Morgan investitsiya banki 2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining 8,1 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Mamlakat bozorlarni liberallashtirish, keng miqyosli xususiylashtirish orqali iqtisodiyotdagi davlat ulushni qisqartirish kabi islohotlar arafasida turibdi. Shu bilan birga, xususiylashtirishning xatarlardan kafolatlanmagani qayd etildi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida Suriyadagi terroristik tashkilotlar jangarilariga qo‘shilishga uringanlikda gumon qilinayotgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida besh oy ichida 1000 dan ortiq peshlavha, reklama va e’lonlar davlat tiliga tarjima qilindi. Bu «Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzishi mumkin.
Toshkent shahrida uyida mast holatda janjal qilayotgan fuqaroni IIBga olib bormoqchi bo‘lgan inspektor va aholi o‘rtasida janjal chiqdi. Poytaxt IIBBning ta’kidlashicha, «vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lmagan qo‘shnilar noto‘g‘ri xulosa chiqarib, inpsektorning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilishgan».
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting