AstraZeneca vaksinasining keyingi partiyasi iyun oyida olib kelinadi. Buni juma kuni COVID-19`ga qarshi emlangan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ma’lum qildi. COVAX dasturi doirasida 2 mln 256 ming doza AstraZeneca`dan faqat 660 ming doza vaksina keltirilgan edi.
Toshkentda Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan hamkorlikda Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi tashkil etiladi.
Dollarning rasmiy kursi 14 so‘mga qimmatladi va jami 10 523 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa biroz arzonladi.
Prezident o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danaginining importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shu bilan birga, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritilmoqda.
Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayev viloyatda o‘rnatilishi rejalashtirilgan bayroq va uning ustuniga davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmasligini aytdi. Ustunga ajratilgan 1,35 mlrd so‘m mablag‘ Qarshi shahridagi xaroba ahvoldagi 136-sonli oilaviy yotoqxonani ta’mirlash ishlariga yo‘naltiriladi. Hokim ustun faqat homiy topilsagina qurilishini ta’kidladi.
Zangiotadagi kasalxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan 101 yoshli urush va mehnat faxriysi koronavirusdan butkul sog‘aydi.
O‘zbekistonda yaqin oylarda aeroport va vokzallar binolariga erkin kirib-chiqishga ruxsat beriladi. Bu prezidentning yangi qarorida ko‘zda tutilgan.
Yil oxiriga qadar O‘zbekistonda kamida ikkita yangi aviakompaniya tashkil etilishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi transport vaziri va Uzbekistan Airways rahbari Ilxom Maxkamov. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar allaqachon fuqarolik aviatsiyasi agentligiga ariza topshirishgan va lizing asosida samolyotlarni sotib olish ustida ish olib borishmoqda. Aviakompaniyalardan biri Air Marakanda bo‘lishi mumkin.
Olmaliq shahrida ayollar tomonidan yo‘lning qatnov qismi to‘sib qo‘yildi. Olmaliq kon metallurgiya kombinati mazkur fuqarolar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan kvota olishganini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi otishma butunlay to‘xtatildi. Tojikiston otishma sodir bo‘lgan Laylak viloyatidan hozirda buldozerlari olib tashlamoqda.
Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi sabablari haqida rasmiy ma’lumot berildi. Suv omborini loyihalashtirish, qurish va to‘g‘onning ekspluatatsiyasi jarayonida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun 17 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bugun va ertaga ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Yakshanba kuni kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 29−32 darajagacha, janubda 34−37 darajagacha ko‘tariladi.
Talabalar orasida COVID-19 infeksiyasi aniqlangani sababli, Toshkent davlat texnika universiteti, Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti masofaviy ta’lim tizimiga o‘tdi.
Publitsist Shuhrat Rizayev O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovning sakkiz kishilik xonada yotgani, yaxshiroq shifoxonaga o‘tkazish bo‘yicha undan yordam so‘raganini ma’lum qilgan edi. SSV vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida artistni davolagan shifokorlar va uning turmush o‘rtog‘i fikr-mulohazalarini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, Mirza Azizovni xorijlik, jumladan, oxirgi marta rossiyalik professor-reanimatolog tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan va shu asosda muolajalar qilingan.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqotda mintaqaviy hamkorlikning muhim masalalari hamda Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish masalalarini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni muhokama qilishdi. Shavkat Mirziyoyev yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish va uning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlari erishgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatladi.
Miraziz Bozorov 110-maktab o‘qituvchilarining jamoaviy arizasi asosida «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish» moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga aylandi. Hozirda u uy qamog‘ida. Mart oyi oxirida bloger LGBT faollariga qarshi namoyish kuni noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklangan. Ichki ishlar boshqarmasi hujum qilgan shaxsning fotorobotini e’lon qildi.
Mart oyining oxirida Amir Temur xiyoboni yaqinida o‘tkazilgan ruxsatsiz miting paytida o‘spirinlarni kaltaklaganlikda to‘rt kishi ayblanmoqda; ular sud boshlanguniga qadar uy qamog‘iga olingan. Tartibsizliklarda qatnashgan yana 27 kishining harakatlari ma’muriy huquqbuzarlik deb topildi.
Isroildagi Lag ba-Omer diniy bayrami paytida yuzaga kelgan tiqilinch natijasida 44 kishi halok bo‘ldi va 100 dan ortiq kishi jarohat oldi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu voqeani «dahshatli falokat» deb atadi.
Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 150 mln 133 mingdan oshdi, shulardan hozirgacha 87,2 mln inson COVID-19 dan tuzalgan, vafot etganlar soni esa 3 mln 162 mingdan ko‘proqni tashqil qilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting