Prezident qarori bilan joriy yilda 457 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, kunlik ishchilar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun «Mening ishim» onlayn-maydoni ishga tushiriladi. Ularning faoliyat turlari hamda xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar platforma orqali bepul e’lon qilib boriladi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev COVID-19ga chalindi.
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara hududida nizoli vaziyat yuzaga kelib, ikkala tomon mahalliy aholisi bir-biriga tosh otdi. Umumiy 11 kishi jarohatlanganligi aytilmoqda. Tomonlar nizo kelib chiqishida bir-birlarini ayblashmoqda. Qirg‘izistonning 3 ta qishlog‘ida favqulodda vaziyat joriy etildi.
Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ulug‘bek Toshxo‘jayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining direktori etib tayinlandi.
Volkswagen brendi futbol bo‘yicha O‘zbekiston Pro ligasi o‘z homiysiga aylanadi. Volkswagen barcha translyatsiyalar, tijorat bannerlari, shuningdek reklama va media-mahsulotlardan o‘rin egallaydi.
Toshkent shahrida Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi yo‘ldan chiqib ketib daraxtga urilgan. Natijada, haydovchi og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Nodir Erkayev Qashqadaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritayotgan Jo‘rabek To‘rayev viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Davlat rahbarining Turkmaniston prezidentining otasi Malikguli Berdimuhamedov xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etadi.
Turkmanistonning Turkmanobod shahrida «prezident imijini buzmaslik» uchun do‘konlar oldida odamlarning yig‘ilishi taqiqlanganligi aytilmoqda. Mahalliy aholi do‘konda 4 kishidan ko‘proq odam to‘plansa, politsiya hibsga olish bilan tahdid qilayotganligini ta’kidlamoqda.
«Byudjet puli, bu — xalqning puli. Bu xalqqa borishi kerak, qandaydir amaldorlarning cho‘ntagiga borishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Agar shunday bo‘layotgan bo‘lsa, ularga ayovsiz qonuniy chora ko‘rishni ta’minlashimiz kerak», — dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva
«„Poytaxt yer ostidagi“ voqealar xizmat ko‘rsatuvchining o‘z majburiyatlarini bajarmayotganiga dalolat bermoqda», — deya ma’lum qildi MQKQ huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.
May oyida O‘zbekiston va Ukraina to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi transport vaziri Ilhom Mahkamov. Uning so‘zlariga ko‘ra, haftasiga 2−3 ta reys amalga oshiriladi. Vazir Yevropa va Osiyoning bir qator davlatlariga reyslar bekor qilinganiga ham izoh berdi.
Korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish idoralari Buxoro davlat tibbiyot institutida davlat xaridlari jarayonida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini tasdiqladi. OTM rektor va shartnoma tuzilganidan keyin noshirlik litsenziyasini olgan kompaniya xodimasi muallifligidagi kitoblarni sotib olgan. Xizmat mashinalari uchun ortiqcha sarflangan gaz xarajatlari sobiq rektor Amrillo Inoyatov (hozirda SSV rahbarining birinchi o‘rinbosari) va amaldagi rektor Shuhrat Teshayevdan undirilgan.
Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston xalqi Assambleyasini boshqarish huquqini amaldagi prezidentga topshirgani, Kipr hukumatining noqonuniy ravishda 3,5 mingta «oltin pasport» bergani, Rossiyaning Boltiqbo‘yi davlatlari va Slovakiya diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborishi va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Toshkent metropolitenining “Novza” bekati yaqinida poyezd vagoni texnik nosozlik oqibatida to‘xtab qolgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi. Metro texnik nosozlik sabab to‘xtab qolgani aytildi hamda vaziyatga oydinlik kiritish uchun tezkorlik bilan ishchi guruh tuzilganligini ma’lum qilindi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Buxoroda 2021−2025 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturini imzoladilar. RF mudofaa vaziri O‘zbekistonga fashizm ustidan erishilgan g‘alabada o‘zbek xalqining hissasi to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini tortiq qildi.
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida uch yoshli qizini 60 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining “Novza” bekati yaqinida poyezd vagoni texnik nosozlik oqibatida to‘xtab qolgani va metro yo‘lovchilari bekat tomon tunnel bo‘ylab piyoda ketishgani to‘g‘risida video tarqaldi.
Dollarning rasmiy kursi 14 so‘mga arzonladi va jami 10 515 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl esa ko‘tarildi.
Toshkentdagi 107 ta maktabda ta’lim onlayn shaklga o‘tkazildi. Hozirgi kunda Toshkent maktablarida 234 967 nafar o‘quvchi an’anaviy tarzda, 214 077 nafar o‘quvchi masofadan turib ta’lim olmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting