O‘zgidromet 25−27 fevralda kutilayotgan sovuqlar oyning ikkinchi o‘n kunligida mevali daraxtlarning yozilgan kurtaklari va gullariga zarar yetkazadi deya ogohlantirmoqda.
Dollarning rasmiy kursi 17 so‘mga qimmatladi va jami 10 549 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa biroz pasaydi.
Uzbekistan Airways 1 martdan boshlab o‘z qatnovlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish xizmatini joriy qiladi.
Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Ushbu qonun arbitraj kelishuvga erishish, arbitrlarni tayinlash va arbitraj muhokamasini o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Deputat Rasul Kusherbayev xalq hokimlarni saylashga tayyor emasligi haqidagi fikrga ko‘shilmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ruxsat berayotganlarning o‘zi tayyor emas». «Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Qaysi ma’noda, ular xohlagan odamni, odamlar saylamasligi mumkin», — dedi u. Prezident hokimlarni xalq saylashi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Shu bilan birga, u bunga saylanayotganlar ham, saylovchilar ham tayyor bo‘lishi kerakligini aytgan.
Qonunchilik palatasi deputatlari transport vaziri lavozimiga Ilhom Mahkamov nomzodini ma’qulladi. U o‘tgan yilning oktyabridan buyon vazir vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgan edi. Avvalroq, Elyor G‘aniyev transport vaziri lavozimidan ozod etilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zladi. Uning nutqidan asosiylari: yaqin vaqt ichida parlament Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qiladi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ladi, qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi, O‘zbekiston bu bo‘yicha maxsus ma’ruzachini taklif etishni ko‘zlamoqda, qolaversa, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar tashrifi ham kutilmoqda.
Xorazmda choyxona egasi, turmush o‘rtog‘i va bir farzandi gaz o‘chog‘idan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ikki farzandi kuchli zaharlangan.
Yashnobod tumanidagi shifoxonada vafot etgan bemorning o‘limidan so‘ng, shifokorlarning do‘pposlanishi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Braziliyadan Chevrolet Onix avtomobilining sinov namunalari olib kelindi. UzAuto Motors kompaniyasi o‘zining yangi GEM platformasida ushbu modelni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
«„Eri ruxsat bermasa deyapti“. Bu ham hozir bizning Namanganda mana shu ibora paydo bo‘lyapti. Bu ibora bilan ham kurashishimiz kerak. Nimaga desangiz, hammamiz teng bo‘lib, ayollarimizni ham munosib ish bilan ta’minlashimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Rospotebnadzor dunyo bo‘ylab ilk bor H5N8 parranda grippi bilan zararlangan insonni aniqladi. Virusning odamdan odamga yuqishining iloji yo‘qligini ta’kidlanmoqda, ammo virusda mutatsiya sodir bo‘lishi mumkin.
BMTTD Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magi bilan mahalla qo‘mitalari uchun 100 ta noutbuk va routerlarni taqdim etdi. Uskunalar mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlariga elektron hujjat aylanishi tizimida ishlashga imkon beradi va shu bilan fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tezlashtiradi.
Qibray tumanida farmatsevtika klasteri doirasida Farmatsevtika texnik universiteti tashkil etiladi. Universitet dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Bundan tashqari, Qibray tumanida muassasaninig tarkibi, xodimlar sonini tasdiqlaydigan Klaster direksiyasi tashkil etildi.
4-son shahar klinik shifoxonasida vafot etgan 52 yoshli bemorning farzandlari shifokorlarni do‘pposlagan. Tibbiy xodimlarning ahvoli og‘ir deb belgilanmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yo‘llagan.
23 fevraldan boshlab O‘zbekistonga sovuq va nam havo massasi kirib keladi. 25−26 fevral kunlari havo harorati kechasi −7… −12, kunduzlari −2… −7 darajagacha pasayishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘istonda harorat kechasi −17… −22 gacha, kunduzi −10… −15 gacha, Xorazmda kechasi −12… −17 gacha kunduzi −5… −10 darajagacha pasayadi.
Fransiyaning «SUEZ» kompaniyasi Toshkent va Samarqand shaharlarida suv ta’minoti tizimlarini takomillashtirish uchun loyihalarni amalga oshiradi. Fransiya tomonidan Toshkent shahrida suv ta’minoti tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun 145 mln yevro ajratiladi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Qashqadaryodagi umumta’lim maktablarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston aholisi uchun koronavirusga qarshi vaksinani xarid qilish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi. «Eng ma’qulini topamiz. Bizning iqlimimizga mos, xalqimizga foydasi ko‘proq bo‘ladigan vaksinani sotib olamiz», dedi prezident.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov prezident rejalashtirilmagan tarzda borgan «Bunyodkor» mahallasida muammolar o‘z yechimini topguniga qadar yashashini aytdi. «Bugun shu yerga konteyner o‘rnaydi va unga „viloyat hokimining uyi“ deb yozib qo‘yiladi», — dedi hokim. Boshqa hududlardagi muammolar ham shu tarzda hal etilishi ma’lum qilindi.
Prezident qarori bilan O‘zbekistonda yaqin ikki yil ichida sun’iy intellektdan sog‘liqni saqlash sohasida, jumladan, ayollarda ko‘krak bezi saratoniga tashxis qo‘yishda fodalanish ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, pnevmoniyani aniqlashda qo‘llash ham rejada bor.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting