Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov karantin endigina boshlanganida JSSTning o‘zida ham davolash bo‘yicha isbotlangan hech qanday usul bo‘lmaganini aytdi. Shundan kelib chiqib, “AQSh prezidenti birinchi bo‘lib gidroksixloroxinni maqtab chiqdi, shu zahoti buni sotib olish masalasi boshlandi”, — deya ta’kidladi.
Navoiy viloyatidagi xususiy hayvonot bog‘ida hayvonlarning ruxsatnomasiz va sharoitlarida kamchiliklar bilan saqlanayotgani aniqlandi. Hayvonot bog‘i direktori Navoiy shahar ma’muriy sudidan ogohlantirish oldi va unga besh kun ichida kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida buyruq berildi.
Sirdaryoda YPX xodimi uch yil oldin vafot etgan fuqaroga nisbatan bayonnoma tuzgan. Aniqlanishicha, texnik xatolik tufayli jarima ism-familiyasi bir xil bo‘lgan samarqandlik mahrumning nomiga rasmiylashtirib qo‘yilgan.
2019 yilning dekabr oyida Yunusobod metro liniyasi qurilishida tuproq o‘pirilishi natijasida 6 kishi halok bo‘lgan edi. Toshkent prokuraturasining «Gazeta.uz» so‘roviga javobida ilk bor favqulodda holat yuz berishida sababchi bo‘lgan to‘rt nafar mutaxassisning nomini ochiqladi. Idora nima sababdan ularga nisbatan ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmasdan jinoyat ishi tugatilganiga izoh berdi.
Tojikistonning Xo‘jand shahriga O‘zbekiston tabiiy gazi yetkazib berilishi tiklandi. Ushbu gaz dastlab shahardagi sanoat korxonalariga, keyinchalik esa aholiga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qiluvchi xalqaro sputnik telekanalini tashkil etish va unda musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan mamlakatlar tillarida efirga chiqishni, shu orqali targ‘ibot kampaniyasini kuchaytirish taklifini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar va tashqi savdo sohasidagi bag‘ishlangan yig‘ilishda moliya institutlaridan olingan qarzlarning holati va natijalariga e’tibor qaratdi. «Qarz oluvchi tarmoq rahbarlari qarorlarda belgilangan mas’uliyat va javobgarligini sezayaptimi, yo‘qmi? Man o‘ylaymanki, hali yo‘q», — dedi prezident.
Norin tumanida yashovchi 18 va 23 yoshli ikki yigit oldindan til biriktirib, ijarada yashab kelayotgan, asli uchqo‘rg‘onlik bo‘lgan 16 yoshli qizni o‘g‘irlashga urinishgan. Qiz yurib ketayotgan Damas avtomashinasidan o‘zini tashlab vafot etgan.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining ilk muloqoti tashkil etildi. 2021 yilda muloqotga raislik qilish topshirilgan Tanzila Narbayeva uchrashuvni «mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun mutlaqo yangi maslahat maydonchasi» bo‘lib shakllanayotganini ta’kidladi.
Italiyada COVID-19 asoratlaridan vafot etganlarning qarindoshlari koronavirus pandemiyasi paytida beparvoligi uchun hukumatni sudga berishdi. Ular tovon puli sifatida 100 mln yevrodan ko‘proq pul talab qilmoqda.
AQSH o‘zining Belarus hukumatiga qarshi cheklovlar ro‘yxatiga Markaziy saylov komissiyasi, Belarus ichki ishlar vaziri Gennadiy Kazakevich, KGB maxsus kuchlari va Minsk shahar mobil operativ otryadini (OMON) ham kiritdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina va Peru mamlakatlarida ham koronavirus yuqtirganlar soni milliondan oshgan. Dunyo bo‘ylab hozirgacha 78,6 mln inson koronavirus bilan kasallangan bo‘lib, eng ko‘p bemorlar AQSH, Hindiston va Braziliyada qayd etilgan.
2020 yilgi davlat byudjeti bo‘yicha kelishuvga erishilmagani sababli Isroil parlamenti avtomat ravishda tarqatib yuborildi. Endilikda mamlakatda ikki yil ichida to‘rtinchi marta parlament saylovlari o‘tkaziladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Adxam Ikromovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston toifalar va tarmoqlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan QQSga o‘tadi. Uning gaplariga ko‘ra, imtiyozlar va preferensiyalarga ega bo‘lgan kuchli o‘rta biznessiz mamlakat “hech qachon boshqa davlatlar bilan yetarlicha raqobatlasha olmaydi”.
UzAuto Motors 2021 yil yanvar oyida Asaka zavodi faoliyatini vaqtincha to‘xtatish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Kompaniyaning bildirishicha, bu yangi sifat standartlarini joriy qilish bilan bog‘liq.
Toshkentda qurilish bo‘yicha yirik loyihalar «ko‘p qavatli uylar narxlari oshishining oldini olish uchun kerak», deya ta’kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2,5−3 yil avval uylarning narxi 1 kv. metri uchun 1500 dollardan kam bo‘lmasligi prognoz qilingan. «Agar Toshkent shahrida qurilishni to‘xtatib qo‘ysak, narxlar keskin oshishi kuzatilardi», — dedi hokim.
Lionel Messi «Barselona» klubi safida 644-golini urdi va bir klub safida urilgan gollar soni bo‘yicha rekordni yangiladi. U «Santos» klubi safida 643 gol urgan braziliyalik afsona Peleni ortda qoldirdi.
Qirg‘izistonda qurilishi va jihozlanishi to‘liq O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirilgan 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi foydalanishga topshirildi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov koronavirusga qarshi vaksina sinovlari poytaxtdagi uchta poliklinikada bo‘lib o‘tayotganligini ma’lum qildi. U o‘zi ham bir oy oldin ushbu vaksinalar bilan emlanganligini, hozirgacha o‘zida nojo‘ya ta’sirini sezmaganligini aytmoqda.
Energetika vazirligining xabar berishicha, ASKUE tizimi iste’molchilarning 100 foizini qamraganidan so‘ng to‘liq tartibda ishlay boshlaydi. Bugungi kungacha 72% iste’molchilarga ushbu turdagi hisoblagichlar o‘rnatilgan. Ushbu tizimga to‘liq ulanish 2021 yil apreligacha rejalashtirilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting