Dunyo bo‘ylab aniqlangan koronavirus holatlari 20 mlndan oshdi. Bunda, 12,35 mln nafar bemor COVID-19 infeksiyasidan sog‘aygan va 736 ming nafari esa hayotdan ko‘z yumgan. Hozirgacha AQSH, Braziliya va Hindistonda eng ko‘p koronavirus bilan zararlanish holatlari qayd etilgan.
COVID-19 bemorlari soni 241 nafarga ortib, jami 31545 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlar Toshkent shahrida, Samarqand, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, ikki nafar COVID-19 bemori vafot etdi.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko telefon orqali muloqotda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqilib, o‘zaro muloqotni jadallashtirishga kelishib olindi.
Zominda o‘zidan oldindagi mashinani quvib o‘tmoqchi bo‘lgan Lada-Largus haydovchisi Isuzu yuk mashinasi bilan to‘qnashuv sodir etdi. Natijada yengil avtomobilning ikki yo‘lovchisi olamdan o‘tdi, to‘rt kishi, jumladan, ikki bola jarohatlandi.
Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoyasini yanada kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish muhimligi ta’kidlandi. Qashqadaryo, Farg‘ona va Buxoroda yengillatish jarayoni boshlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida Janubiy Koreyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Tashrif koronavirus pandemiyasi sababli keyinroq muddatga ko‘chirilgan.
O‘zbekiston Afg‘oniston Maslahat loya jirg‘asining 400 nafar tolib-mahbusni ozod qilish to‘g‘risidagi qarorini olqishlashini ma’lum qildi. Afg‘onlararo muzokaralari shu hafta ichida boshlanishi mumkin.
Xolmo‘min Yodgorov Sudyalar oliy kengashi raisi etib tayinlangani munosabati bilan Oliy sud raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti insonparvarlik yordami sifatida O‘zbekistonga 500 ta kislorod konsentratorini jo‘natdi. Hafta oxirigacha laboratoriyalar uchun zarur bo‘lgan moddalar bilan yuklangan yana bir insonparvarlik yordamining kelishi kutilmoqda.
Andijon viloyatida institutga kiritish evaziga 2 ming dollar olgan kafedra dotsenti firibgarlik ustida ushlandi.
O‘zbekiston 2025 yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi.
Oldinroq Uzcard kompaniyasining 75 foiz aksiyasiga ega bo‘lgan Oybek Tursunov hozirda kompaniya ta’sischilarining ro‘yxatida yo‘q. Endilikda aksiyalarning 51 foizi «O‘zmilliybank»ga, 6 foizdan aksiya «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka» bank, Ipoteka-Bank va «Aloqabank» banklariga tegishli bo‘lsa, qolgan 25 foiz aksiyalar jismoniy shaxslarga tegishli.
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi gidroelektrstansiya hududida jomadon ichidan erkak kishining jasadi topildi. O‘limning «mexanik asfiksiya» natijasida sodir bo‘lgani xabar qilindi.
Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy faollikning sekinlashuvi ish haqi miqdorlarining pasayishiga olib keldi. Jumladan, 1 mln so‘mgacha maosh oladiganlar soni 100 ming kishiga ko‘payib, 1,77 mln nafarga yetdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni Belarus prezidenti saylovida erishgan g‘alabasi bilan qutladi.
2020 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida Davlat byudjeti daromadlari 58,2 trln so‘mni, xarajatlari esa 64,8 trln so‘mni tashkil etib, defitsit 6,7 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Dollarning rasmiy kursi deyarli 22 so‘mga qimmatlab, jami 10 231 so‘m etib belgilandi. Bu AQSH milliy valyutasining ikkinchi hafta oshishi. Yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Hafta o‘rtalarida havo harorati kunduzi 30−35, kechasi 18−23 darajagacha pasayadi. Tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Ish haftasining oxiriga kelib esa harorat yana ko‘tarilib, 33−38 darajaga yetishi kutilmoqda.
9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida 5 nafar nomzod ishtirok etdi. 10 avgust kuni mamlakat markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini e’lon qildi va unda 80,23% ovoz bilan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoning qo‘li baland kelgani ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtdagi Mirzo Ulug‘bek tumaniga kiruvchi Ulug‘bek shaharchasining aholisi shaharchani Toshkent viloyatining Qibray tumaniga o‘tkazishga qarshi chiqdi. Ularning fikricha, bu shaharcha va u yerda joylashgan Yadro fizikasi institutining holatini yomonlashuviga olib keladi. Aholining ochiq xati 2700 ga yaqin imzo to‘plagan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting