Koronavirus bemorlari soni 290 nafarga ortib, jami 18171 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlar Toshkent shahrida, Andijon, Surxondaryo, Namangan, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, yana bir koronavirus bemori vafot etdi.
Pandemiya davrini o‘z ichiga olgan yarim yil mobaynida O‘zbekistonda bezorilik, firibgarlik, o‘g‘irlik, giyohvand vositalariing noqonuniy aylanishi, qo‘shmachilik, fohishaxona saqlash bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi o‘n kunda 16 nafar rahbar ishdan bo‘shatilgan, «talon-torojlik va korrupsiya avj olgan» kadastr sohasiga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari tizimga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Namanganda «Xalq banki» xodimlari 11 kishini xabardor qilmasdan, ular nomiga 200 mln so‘m kredit ajratib, o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi.
Deputat Rasul Kusherbayev UzAuto Motors kompaniyasini Damas larni «ot narxlarida» sotishda va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq og‘ir ahvolga e’tibor bermaslikda aybladi. «O‘zavtosanoat» ning ta’kidlashicha, kompaniya xayriya maqsadida 37 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratgan. Lekin kompaniya deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan «Xayriya to‘g‘risida» gi qonun sababli xayriyaga undan ko‘proq sarflay olmasligini aytmoqda.
Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida aholi ekinlarini sug‘orish uchun suv kelmagani sababli Nukus-Toshkent magistral yo‘lini yopib qo‘ydi. Tuman hokimi va boshqa mutasaddilar voqea joyiga kelib, masala qisqa vaqtda ijobiy hal etildi.
Markaziy bank raisining sobiq o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori Ashur Qodirov va taniqli olim, akademik Sattor Tursunmuhammedov olam o‘tdi.
O‘zbekistonda koronavirusga chalingani rasman tasdiqlangan bemorlar soni 165 nafarga oshib, umumiy ko‘rsatkich 17 755 taga yetdi. Yangi kasallanish holatlarining asosiy qismi — 104 tasi Toshkentda, 54 tasi esa Andijonda aniqlandi.
Parkent tumanida karantin qoidalarini buzgan 86 kishiga istisno tariqasida 397,6 mln so‘mlik jarimalar tayinlanmagani aniqlandi.
2020 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 15,8 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,2 foizga pasaydi. Jumladan, eksport — 22,6 foizga, import — 15 foizga kamaydi.
Xitoyning Sinopharm Group kompaniyasi koronavirus vaksinasi sinovlarining yakuniy bosqichini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini bildirdi. Yangi vaksina BAAda ham sinovdan o‘tkaziladi.
Quvayt jamg‘armasi O‘zbekiston tibbiyot muassasalarini koronavirusga qarshi kurashda zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 5,6 mln dollar ajratishni ma’qulladi.
«Milliy tiklanish» partiyasi lideri Alisher Qodirov Isroil tajribasiga suyangan holda xorijdan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirishni taklif qildi. Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda qolgan barchani qaytarishga va’da bergan edi.
Toshkent Davlat texnika universiteti (TDTU), Toshkent arxitektura-qurilish instituti (TAQI) va Toshkent kimyo texnologiya instituti (TKTI) talabalarda kasbiy mahoratni oshirish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish sohasida O‘zbekiston muhandis-maslahatchilar uyushmasi (O‘zMMU) bilan hamkorlik qiladi.
O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev bir vaqtning o‘zida Portugaliyada ham elchi etib tayinlandi. 20 iyul kuni u Portugaliya prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri bosh rassomi, xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zubaydulla Botirov 57 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. U 10 yildan ortiq Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan bayram tantanalarida sahnalashtiruvchi rassom sifatida ishlagan.
O‘zbekiston hududida kuchsiz zilzila qayd etildi. Yer osti silkinishlari o‘chog‘i Qirg‘izistonda joylashgan bo‘lib, zilzila Farg‘onada 4 ball bilan sezildi.
«Paxtakor», «Buxoro» hamda «Surxon» futbol klublarining o‘ndan ziyod o‘yinchilarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli Superliga uchrashuvlari 28 iyulga qadar to‘xtatiladi.
Koronavirus bemorlari soni 276 nafarga ortib, jami 17590 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlar Toshkent shahrida, Qoroqalpog‘istonda, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, yana bir koronavirus bemori vafot etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi 31 iyul kuni Islom olamidagi eng ulug‘ bayram Iydul-Azho — Qurbon hayitining birinchi kuni bo‘lishini e’lon qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting