Hindistonning Avee Broilers genetik kompaniyasi Jizzax va Samarqand viloyatlarida parrandachilik korxonasi barpo etishni rejalashtirmoqda. Ushbu korxona ishga tushirilgach, O‘zbekiston go‘sht importidan voz kechib, uni eksport qila boshlashi kutilmoqda.
Qonunchilik palatasi 1993-yilda qabul qilingan amaldagi “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun o‘rniga “Davlat siri to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Hujjatda maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati kengaytirilmoqda.
Toshkent xalqaro aeroporti chegara-bojxona postida Sankt-Peterburgdan uchib kelgan shaxs pnevmatik to‘pponcha olib o‘tmoqchi bo‘lgani aniqlandi.
O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi davlat mudofaa buyurtmasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Hujjat xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish bilan bog‘liq davlat mudofaa buyurtmasi masalalari bo‘yicha munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
IIV ichki ishlar organlarida pensiyaga chiqish uchun xizmat muddatini 25 yilgacha uzaytirish mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etib, bunday taklif yoki qo‘shimchalar ko‘zda tutilmaganini bildirdi. Hozirda bu muddat 20 yilni tashkil etadi.
Yil boshidan buyon 168,6 mln dollarlik 206,9 ming tonna iste’mol dizeli import qilindi, bu 2023-yilning yanvar-iyuliga nisbatan 22 foiz, 2022-yilnikiga nisbatan esa 7,3 barobar ko‘p. Bojxona qo‘mitasi va Energovazirlik aniqlik kiritishicha, dizelning barcha turlari hisobga olinsa, import qisqargan.
Prezident qarori bilan, IIO, bojxona, milliy gvardiya va harbiy xizmatdagi maxsus unvonlar uchun xizmat qilish muddatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
O‘zbekiston aholisining 1980-yildan avval tug‘ilgan qismi chin chechak kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Sanepidqo‘mitaning ta’kidlashicha, chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.
“Tashabbusli budjet” loyihasining 2024-yil 2-mavsumidagi loyihalarga ovoz berish boshlandi. Jarayon 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi. Loyihalar uchun 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Raqobat qo‘mitasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ Farg‘ona filiali vositachilik yig‘imi sabab yo‘lovchilardan 660 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ undirganini, shu sababli jarima jazosi qo‘llanishini aytgandi. Temiryo‘l kompaniyasi qaror yuzasidan apellyatsiya beradi, chunki “yig‘im tashuvchi tomonidan mustaqil belgilangan”.
May oyida halok bo‘lgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyoti noqulay ob-havo sharoiti va ortiqcha yuk — me’yordan ko‘p yo‘lovchilar tufayli qulagani aniqlandi.
Saneg Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi ikkita vodorod ishlab chiqarish blokini AQShning Air Products kompaniyasiga 140 mln dollarga sotmoqda. Shartnoma hali to‘liq xususiylashtirilmagan zavod ulushini o‘tkazishni nazarda tutmaydi, deya aniqlik kiritdi Saneg mas’ullari.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan 22−23-avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Toshkentda davlatlararo oliy kengash birinchi majlisini, shuningdek, ikki mamlakat biznes vakillari uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Zomin tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari yerni nasos orqali sug‘orish mobaynida uskunalarni o‘zgartirib, qariyb 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagani ma’lum bo‘ldi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2025-yildan O‘zbekistonda yer uchastkalari va kapital qurilish loyihalari yagona klassifikatorini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu bilan asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olish aniq belgilab beriladi.
Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish jiddiy qoidabuzarlik sifatida baholanishi kerak. YTHlar vaqtida tahlil qilinmayapti, aholi gavjum joylarda svetoforlar yo‘q, hokimliklar zarur choralarni ko‘rmayapti. Senatda YHXX yangi rahbari bilan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Demokratik partiya Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida rasman tasdiqladi. U Amerika yetakchi partiyalaridan birining davlat rahbari lavozimiga nomzodi ilgari surilgan birinchi qora tanli ayol va birinchi osiyolik ayolga aylandi.
Sergeli tumanida fuqaro 1 tup mojjevelnik (archa) kesgani aniqlandi. Oqibatda tabiatga 8,8 mln so‘m zarar yetgan. Huquqbuzar jami 17 mln 340 ming so‘m tovon to‘lashi belgilandi. Kompensatsiya tarzida esa 100 tup ko‘chat ekish majburiyati yuklatildi.
ITIMning lingvistik tahliliga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Nukusda o‘tgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda salkam 5000 ta so‘zdan foydalandi. Eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar “tadbirkor”, “korxona”, “xizmat”, “eksport”, “bozor”, “yer”, “bank” va boshqalar bo‘ldi. Batafsil.
O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi yo‘lkira to‘lovlarining avtomatlashtirilgan tizimi operatorlari ATTO va Tulpar integratsiya qilinadi. Jarayon tugagach, Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonda Tulpar kartalari orqali, O‘zbekiston fuqarolari esa Bishkekda ATTO orqali to‘lov qilishlari mumkin bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting