Yangi HET Billing elektr energiyasini hisoblash tizimining ishga tushirilishi sababli 31-iyul soat 23:50 dan 5-avgust 22:00 gacha profilaktika ishlari olib boriladi, deya xabar qildi “HET”. Bu vaqt ichida elektr uchun to‘lovlarda uzilishlar bo‘lishi mumkin va qarzdor iste’molchilar ta’minotidan uzilmaydi.
Prezident 7−8-avgust kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi. 9-avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi.
Raqobat qo‘mitasi Toshkent shahridagi do‘konlardan nazorat uchun sotib olingan 8 nomdagisi oziq-ovqat mahsulotini laboratoriya sinovlari amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deb topganini ma’lum qildi.
Parij Olimpiadasining 5-kunida 6 nafar o‘zbekistonlik sportchi medal uchun kurashni boshlaydi. Dzyudochi Gulnoza Matniyozova va Davlat Bobonov nimchorak final uchun bellashadi. Abdumalik Xalokov va Asadxo‘ja Muydinxo‘jayev boks, Amirxon Sadikov va Ziyodaxon Abdusattorova esa kamondan otish bahsida qatnashadi.
22-avgustdan Qozog‘istonning Mangistau viloyatiga Nukus shahridan temiryo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poyezd haftada uch marta harakatlanadi, qatnov salkam 21 soatni tashkil qiladi.
Xalqaro islom akademiyasi professori Matluba Qahhorova Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Tehronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya va uning qo‘riqchisi ularga qilingan hujum oqibatida halok bo‘ldi. Haniya Eronning yangi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida qatnashishi uchun Tehronga kelgandi.
Turkiya parlamenti qarovsiz itlarni tutish va boshpanalarga joylashtirish haqidagi qonunni ma’qulladi. Mamlakat bo‘ylab hujjatga qarshi noroziliklar bo‘lib o‘tdi, faollar bu hayvonlar evtanaziyasining kuchayishiga olib keladi, deb hisoblamoqda. Muxolifat qonunga sud orqali e’tiroz bildirishga va’da berdi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanida ikki nafar fuqaro cho‘l toshbaqasiga nos chektirgani aniqlandi. Ularga nisbatan BHMning 3 baravari miqdorida jarima belgilandi.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida 6-sinfdagi singlisiga sevishini aytgani uchun 15 yoshli bolani “samosud” qilgan erkak 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Parij Olimpiadasidagi so‘nggi uchrashuvida Dominikan Respublikasi bilan durang o‘ynadi (video, statistika).
“O‘zgidromet” sinoptiklari avgust oyi ob-havosi uchun dastlabki prognozini tayyorladi. Oy issiq havo bilan boshlanadi, keyinchalik jazirama biroz pasayadi. Ilk o‘n kunlikda kunduzgi harorat +36…+39 darajada bo‘ladi. Avgust oyi quruq keladi, uchinchi o‘n kunlikda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Toshkentda kun davomida LED ekranlarda “Onasini emsin” iborasi aks etdi va bu shaharliklarni shoshirib qo‘ydi. Bu Butunjahon emizish haftaligi (1−7-avgust) uchun axborot kampaniyasining bir qismi edi. Tashabbuskorlar bu iboraning “asl ma’no”sini qaytarishga qaror qildi.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi maktab direktori ro‘mol o‘rab kelgan 7-sinf o‘quvchisini kaltaklab, haqorat qilgandi. U MJTKning 2 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, BHM 10 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
AQSh dollari o‘zbek so‘miga nisbatan pasayishda davom etmoqda, u 12-martdan boshlab o‘zining minimal qiymatiga — 12 541 so‘mgacha tushdi. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari, investitsiyalar hajmining o‘sishi va boshqa omillar fonida milliy valyuta mustahkamlanmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturi tizimida 25 yildan ortiq tajribaga ega Akiko Fujii BMTTDning O‘zbekistondagi yangi doimiy vakili etib tayinlandi. U avval Maldiv orollaridagi doimiy vakil hamda Vetnam va Fijidagi ko‘p davlat idorasida doimiy vakil o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Yaqinda O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli bo‘lgan Yusup Kabuljanov o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. U Primorsk o‘lkasi ombudsmani va IIV vakillari bilan uchrashdi, ular bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, fuqarolar huquqlarining buzilishi holatlarini muhokama qildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov maktab va bog‘chalarda o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalari haqida ma’lumot berdi. O‘quvchilarining deyarli 28 foizida va tarbiyalanuvchilarning 26 foizida turli xil kasalliklar, jumladan, anemiya, asab tizimi kasalliklari va yurak nuqsonlari aniqlangan.
AQSh Davlat departamenti noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashuvchi sayyohlik agentliklari va turoperatorlari rahbarlariga nisbatan viza cheklovlari joriy etilishini e’lon qildi.
Ombudsman idorasi mehnat qulligidan qochgan ayolning O‘zbekistonga qaytishiga yordam berdi. Yil boshida uni aldov yo‘li bilan Rossiyaga olib ketishgan, pasportini olib qo‘yishgan va dalada majburlab ishlatishgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting