1-dekabrgacha O‘zbekistondagi barcha avia, temiryo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi. Avia, temiryo‘l va avtobus chiptalarini tabaqalashtirilgan narxlarda kamida 6 oy oldin savdoga chiqarish tizimini joriy qilinadi.
O‘zbekiston uchun yangi milliy turizm brendi yaratiladi. Buning uchun tanlov oktabrgacha o‘tkazilishi kerak. Hozirgi brend 2013-yilda ro‘yxatga olingandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-avgustgacha turizm sohasidagi tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi. Shuningdek, faoliyat boshlaganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan turoperatorlarning xalqaro turizm ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasining 50 foizi qoplanadi.
Toshkent tumanidagi tezkor tadbirda 22 yoshli shaxs mashinasida taxminiy narxi 1 mlrd so‘m bo‘lgan 1,4 kg mefedron sintetik moddasini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
AVO Bank AJga nisbatan reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgani uchun jarima qo‘llanadi. Raqobat qo‘mitasi bankning sayti va ijtimoiy tarmoqdagi reklama materiallarida qonun buzilishi holatlarini aniqladi.
Ekologlar ikki holatda Qashqadaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy tarzda qum qazib olinganini aniqladi. Umumiy hisobda tabiatga 6,3 mlrd so‘m zarar yetgan. To‘plangan hujjatlar prokuraturaga yuborildi.
Toshkent viloyati Qibray tumanida uyidagi 8 to‘plam mayning qurilmasini umumfoydalanishdagi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab, 1,2 mlrd so‘m zarar yetkazgan fuqaro qo‘lga olindi. Shu kabi holat Yuqori Chirchiq tumanida ham aniqlandi.
O‘zbekistonda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajadagi yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash rejalashtirilmoqda. 2023-yilda tug‘ma nuqson va irsiy kasalliklar bilan tug‘ilgan bolalarning 9,7 foizi yaqin qarindoshlar o‘rtasida bo‘lgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “ToshuyjoyLITI” loyiha instituti ustav kapitalidagi 61,6 foiz, shuningdek, “Uzinjiniring"ning 100 foiz davlat ulushini sotish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Konsultant sifatida Abrau Capital ishlaydi.
Gulistonda QR-kodli chek so‘ragan 12 yoshli bolaga tarsaki tushirgan do‘kon sotuvchisi 15 sutkaga qamaldi. Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi “chek talab qilish mayda-chuyda narsa emas” deya bolaga minnatdorchilik bildirgandi.
Raqobat qo‘mitasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov reklama qilgan kiyim do‘konini “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunni buzgan deb topdi. Bunda vazirning xatti-harakatlarida qonun buzilishi aniqlanmadi.
Zangiota tumanida ayol bir yil davomida 13 yoshli o‘gay qizini do‘pposlab va o‘ldirish bilan qo‘rqitib, tan jarohatlari yetkazib kelgani aniqlandi. Sud hukmi bilan unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari turizmni rivojlantirish doirasida “Dugoba” alpinistlar lagerini tiklash, shuningdek, Qadamjo — Shohimardon yo‘nalishidan birgalikda foydalanishni rejalashtirmoqda, deya ma’lum qildi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov.
Seshanbadan jumagacha Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li hududlarida kutilayotgan yomg‘irlar sababli sel-suv toshqinlari yuz berishi mumkin.
O‘zbekistonda akademik litseylarga kirish test sinovlari 25 va 26-iyul kunlari o‘tkaziladi. Test sinovlari ta’lim yo‘nalishiga mos 2 ta fan va intellektual qobiliyat darajasini (IQ) aniqlash bo‘yicha bo‘ladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Humo davlat to‘lov tizimini sotib olish uchun arizalar qabul qilish boshlanganini ma’lum qildi. Davlat ulushi “muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish” usuli orqali sotiladi.
O‘zbekistonda ish haftasi biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Chorshanba kunidan boshlab harorat ko‘tarilishi kutilmoqda, havo +38…+43 darajagacha qiziydi.
Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev do‘konda QR-kodli chek so‘ragani uchun sotuvchi urgan bola bilan uchrashdi. U bolaga minnatdorchilik bildirdi va “chek talab qilish mayda-chuyda narsa emas” dedi. Sotuvchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonning Buxoro viloyatidagi ikkita shamol elektr stansiyasining 35 foiz ulushini sotdi. Xaridor China Southern Power Grid International bo‘ldi.
Shanba kuni Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborida katamaranga gidrotsikl kelib urildi. Oqibatda katamaranda bo‘lgan 2 nafar fuqaro tan jarohati olib, voqea joyida vafot etdi. Hozirda IIB va prokuratura surishtiruv ishlari olib bormoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting