Yozda Uchtepa tumanida 6 yoshli bola usti ochiq qoldirilgan issiq suv qudug‘iga tushib ketib halok bo‘lgandi. Quvurda ta’mirlash ishlarini olib borgan 32 yoshli ta’mirlash montajchisi uni ochiq qoldirib, atrofiga to‘siq o‘rnatmagani aniqlandi. Sud unga 2 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
MB asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida qoldirdi. “Energiya narxlari erkinlashtirilishi ta’siri kamayishi kutilayotganiga qaramasdan, inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotgani pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda”, — deya qayd etgan regulyator.
Qarshi shahridagi 23-maktab direktori o‘qituvchilarga o‘quvchilar formasi uchun pul yig‘ishga ko‘rsatma berdi. “Nimchasi bo‘lmasa, darvozadan chiqarib yuboraman, menga formasiz o‘quvchi kerak emas”, — dedi u. Maktab ta’limi boshqarmasi direktor jarimaga tortilgani va bunday holatni keskin qoralashini bildirdi.
Bo‘stonliq tumanida “Chinorkent” temiryo‘l bekati 22-yanvar kuni foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan Toshkentdan Xo‘jakentgacha bo‘lgan elektropoyezd qatnovi 1,5 km masofaga — Chorvoq shaharchasida yaqinida joylashgan “Chinorkent” bekatigacha uzaytirildi.
Buxoro viloyati Jondor tumanida 4 magnitudali yer silkinishi qayd etildi. Zilzila epitsentri Toshkentdan 526 km uzoqda joylashgan.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024-yilda 6% ga o‘sgan. 2025-yil uchun prognoz 5,8% ni, 2026-yil uchun esa 5,9% ni tashkil etadi, bu Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
Markaziy bank hozirda bank nazoratidan tashqarida bo‘lgan bo‘lib to‘lash bozorini tartibga solish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bo‘lib to‘lashni taqdim etadigan xizmatlar nobank kredit tashkilotlari deb hisoblanishi mumkin.
Kriminologiya tadqiqot instituti jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida shartnoma asosida pulli xizmatlar ko‘rsata boshlaydi. Institut ekspertlik, ilmiy-tadqiqot, noshirlik, matbaa xizmatlarini taqdim etadi. Narxlar bozor kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda tasdiqlanadi.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiyi Timur Kapadze milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bunda uning “murabbiylik iste’dodi, mas’uliyati, jamoa a’zolari orasida mavqei” inobatga olindi. Avvalroq sobiq murabbiy Srechko Katanets sog‘lig‘idagi muammolar sabab vazifasidan ozod etilgandi.
O‘zbekistonda endi tegishli sohadagi davlat ekspertlik va oliy ta’lim muassasalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganligini o‘rganadi. Bunda xulosalar tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi, ular inobatga olinmaganda kelishmovchiliklar jadvali tayyorlanadi.
Prezident qarori bilan Zokir Ishpulatov suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari — Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. U bungacha Vazirlar Mahkamasi kotibiyati bosh mutaxassisi bo‘lib ishlagan.
O‘zbekistonda 2025-yildan boshlab banklar uchun ustav kapitalining eng kam miqdori 500 milliard so‘mgacha oshirildi. Bugungi kunga qadar to‘rtta bank ushbu talabni bajarmagan, Markaziy bank ulardan ikkitasining aktiv operatsiyalarini cheklab qo‘ydi.
Oliygohlarda registrator ofislari ochib, oliy ta’lim va ilm-fan xizmatlarini qamrab olgan yagona raqamli tizim joriy etish rejalashtirilmoqda. Dual ta’limda ishtirok etayotgan korxonalar rag‘batlantiriladi. Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlari tashkil etiladi.
Telegram`dagi “Nazorat Uz” kanali ma’murlari ovqatlanish tarmoqlari rahbarlaridan katta miqdorda pul talab qilganlikda gumonlanmoqda. Ular oshxonada suvarak chiqqani aks etgan videolar borligini aytib, tadbirkorlarni qo‘rqitgan. Holat yuzasidan uch kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda ekologik markirovka belgisi tasdiqlandi. Ekologiya vazirligi “Yashil belgi” tizimini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organi hisoblanadi hamda unga bir qancha vazifalar belgilandi.
O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi va 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan harbiy sohada strategik sheriklik dasturini imzoladi.
Aprel oyida Samarqandda Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Avvalroq tadbir YeIda o‘tgan yili yangi hukumat tuzilgani sababli 2024-yildan 2025-yilga ko‘chirilgan edi.
O‘zgidromet 23−27-yanvar kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfidan ogohlantirdi.
Toshkentda advokat 26 yoshli fuqaroning 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini yengillashtirish uchun 20 ming dollar olganda ushlandi. U 15 ming dollarni shu ishga aloqador boshqa shaxs — bank yuristiga topshirgan. Huquqshunos ham tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
O‘zbekistonda Cyber university davlat universiteti tashkil etiladi. Oliygoh raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik sohasida kadrlar tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting