Toshkent shahri Yashnobod tumanida Captiva bilan to‘qnashuv oqibatida 39 yoshli piyoda halok bo‘ldi. Haydovchi mast edi. Mashina do‘kon devori oldida o‘tirgan erkakni bosib ketgan.
Chilonzor tumani sudi Telegram orqali notkoin yig‘ib, uni 800 ming so‘mga sotgan 24 yoshli TerDU talabasini 10 sutkaga qamash to‘g‘risida hukm chiqardi. Kriptoaktivlar aylanmasidagi qonunchilikni buzishda ayblangan surxondaryolik yigit bu ishi noqonuniy ekanini bilmaganini ta’kidladi.
O‘zbekiston ilk marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) a’zoligiga saylandi. 54 ta a’zodan iborat kengash BMTning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul hisoblanadi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi 42 yoshli ayol 4 ayolga yaxshi daromad topadigan ish topib berishni va’da qilib, ularni Turkiyaga fohishalikka yuborayotgani aniqlandi. Ular Toshkent xalqaro aeroportida to‘xtatib qolindi.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksenga Kopengagenda bir erkak hujum uyushtirdi. Uning ahvoli yaxshi ekani, ammo voqeadan “juda hayratda” ekani qayd etildi. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi.
G‘allaorol tumanida MAN yuk avtomobilida nosozlik kuzatilib, 2 ta yuk mashinasi va UzAuto Motors avtotreyleri bilan to‘qnashdi. Kompaniya 4 ta Cobalt va 3 ta Equinox texnik shikastlanganini bildirdi. Yuk mashinalari ham jiddiy zararlangan, haydovchilar jarohat olmagan. 2 kilometrli tirbandlik hosil bo‘lgan.
Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kasaba uyushmasi kompaniyaning 55 yillik tarixida birinchi marta ish tashlash uyushtirdi. Xodimlar ish haqini oshirishga harakat qilmoqda.
AQSh “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan o‘nlab Gruziya fuqarolariga, jumladan, Gruziya parlamenti a’zolari va xavfsizlik xodimlariga nisbatan viza cheklovlarini joriy qildi. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi vakili “hech kim sanksiyalardan qo‘rqmaydi”, deya javob qaytardi.
Toshkentda sovrin jamg‘armasi 20 ming dollarni tashkil qiluvchi Sahibkiran Amir Temur Cup musobaqasida o‘zbekistonlik grossmeyster Abdimalik Abdisalimov g‘olib chiqdi.
Koreya Respublikasi prezidentining O‘zbekistonga tashrifi arafasida Von Do Yon ushbu mamlakatning Toshkentdagi yangi elchisi etib tayinlandi.
Shavkat Mirziyoyev IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish markaziga tashrif buyurdi. U xodimlar kiberjinoyatlarning oldini olish uchun texnologiyalarni yaxshi bilishi kerakligini ta’kidladi. U, shuningdek, vazirlikda uchuvchisiz qurilmalardan foydalanish bo‘yicha tuzilma yaratish vazifasini ham qo‘ydi.
Toshkent shahrining Elbek ko‘chasida Lacetti avtomashinasi daraxtga urildi, haydovchi voqea joyida halok bo‘ldi. To‘qnashuv oqibatida mashina butunlay vayron bo‘lgan.
Vladimir Putin Rossiyada imperialistik ambitsiyalar yo‘qligini aytib, bu pozitsiyani O‘zbekiston misolida tushuntirdi. “Agar kimdir bizni qandaydir imperialistik ambitsiyalarda gumon qilsa, tasavvur qiling: Sovet Ittifoqini tiklasak, bizda asosan islomiy aholi bo‘ladi”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi yangi suv sporti saroyini ko‘zdan kechirdi. 50 metrli basseynga ega majmua bir vaqtning o‘zida 100, kuniga esa 1000 dan ortiq odamga xizmat ko‘rsata oladi. Unda professional sportchilar ham, havaskorlar ham mashq qilishi mumkin.
Rossiyaning “Inter RAO” energetika kompaniyasi O‘zbekistonga elektr yetkazib berishni boshlashi mumkin. Kompaniya kuzatuv kengashi raisi Aleksandra Paninaning aytishicha, kuzgacha Qozog‘iston qancha hajmni tranzit qilishi mumkinligi aniqroq ishlab chiqiladi.
30-iyundan Qanot Sharq aviakompaniyasi “Toshkent — Budapesht — Toshkent” muntazam qatnovlarini yo‘lga qo‘yadi. Dastlabki reyslar haftada bir marta yakshanba kunlari amalga oshiriladi, 4-sentabrdan esa chorshanba kunlari qo‘shimcha reyslar parvozlarni boshlaydi.
Bosh vazir investitsiyalar, sanoat va savdo vaziriga o‘rinbosar vazifasini bajaruvchilar sifatida Shoxrux Gulamov hamda Akram Aliyevni tayinladi.
Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealaga ko‘ra, hech bir mamlakat tashkilotga a’zolikni siyosiy irodasiz amalga oshira olmagan. “O‘zbekiston hukumatida kuchli siyosiy irodani ko‘ryapman”, — degan bosh direktor a’zolikka da’vogarlar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonga kelganini qayd etdi.
Shuhrat Rizayev Kinematografiya agentligi rahbari etib tayinlandi. U bunga qadar agentlik direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Tashkilotning avvalgi rahbari Firdavs Abduxoliqov Islom sivilizatsiyasi markazi direktori bo‘lgan.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol keyingi haftada davlat tashrifi bilan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonga keladi. Tashriflar 10−15-iyun oralig‘ida bo‘lib o‘tadi va Koreya yetakchisiga mamlakat birinchi xonimi hamrohlik qiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting