Financial Times Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi rahbariyati uchun tayyorlangan hisobotga tayanib, korxonaga gaz savdosini urushgacha bo‘lgan hajmga qaytarish uchun kamida 10 yil vaqt kerak bo‘lishini yozdi. Hisobot mualliflari davlatning sezilarli yordamisiz yangi bozorlarni topish qiyin bo‘lishini aytgan.
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ilk bor zaxiralarni diversifikatsiya qilish maqsadida xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga birlamchi investitsiya kiritildi va tegishli portfellar shakllantirildi.
Oltiariq tumanida fermer xo‘jaligi yeridagi sun’iy suv havzasiga cho‘milish uchun borgan 3 kishi (bir erkak va 2 nafar voyaga yetmagan bola) cho‘kib ketib, halok bo‘ldi. Prokuratura tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.
Samarqand viloyati Nurobod tumanida 25 yoshli “KamAZ” haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lakchasida ikki bolali ayolni urib yubordi. Ikkala bola ham halok bo‘ldi.
Tailand OAV 1-iyundan 36 ta davlat (jumladan, O‘zbekiston) uchun vizasiz rejim joriy qilinishi haqida yozgandi. O‘zbekiston TIV bu bo‘yicha Tailand hukumati qarori borligi, ammo hali rasman ma’lumot berilmaganini ma’lum qildi. Tailanddan rasmiy nota olinishi bilan qo‘shimcha xabar beramiz, deyiladi xabarda.
“Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni davom etmoqda. Unda 37 nafar sudlanuvchining har biriga qanday ayblov qo‘yilayotgani o‘qib eshittirildi. Ularning 3 nafari aybiga qisman iqror bo‘ldi, qolganlari ayblovni rad etmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahrida turmush o‘rtog‘i bilan videomuloqot chog‘ida janjallashib, o‘g‘lini bo‘g‘ishga uringan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayolning aytishicha, eri Rossiyada boshqa ayolga uylangan va qaytishni istamayapti. Bolamni bo‘g‘madim, erimni shunday qilib qo‘rqitmoqchi bo‘ldim, dedi u.
Toshkentda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro kongress 300 ga yaqin ishtirokchini birlashtirdi. “Bolalar sog‘lom bo‘lishi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish burchimizdir”, — dedi forumda so‘zga chiqqan birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva.
Bloger Murod Maxsudov 7,5 yilga hukm qilindi, u jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi. Sud uni tuhmat, tovlamachilik va o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda aybdor deb topdi.
O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasining birinchi reaktorini 5 yildan keyin ishga tushirish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Atom energiyasi agentligi Spot`ga. Loyiha narxi maxfiy ma’lumot bo‘lib, oshkor etilmaydi, deya ta’kidladi agentlik.
Ukrainadagi ikki yillik urush davomida 210 mingga yaqin turli bino, jumladan, 900 dan ortiq maktab, kasalxona va cherkovlar shikastlangan yoki vayron bo‘lgan, deyiladi New York Times tahlilida. Harbiy harakatlardan eng ko‘p jabr ko‘rgan shaharlar Mariupol, Xarkov, Irpen, Rubejnoye va Marinka bo‘ldi.
Hindistonda dunyodagi eng yirik parlament saylovlari natijalari sarhisob qilindi. Narendra Modi uchinchi bor bosh vazir lavozimini egallaydi, biroq uning partiyasi parlamentdagi mutlaq ustunlikni yo‘qotdi va endi koalitsion hukumat tuzishga majbur.
BMT Bosh assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etishda yagona front bo‘lib hamkorlik qilishga tayyorligi” rezolyutsiyasini ma’qulladi.
Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov lavozimini tark etadi. U Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori etib tayinlanishi kutilmoqda.
Prezident “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat davlat organlari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq kompaniyalarga nisbatan tatbiq etiladi. Qonun 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Prezident rasmiy tashrif bilan Turkiyaga uchib ketdi. Davlat rahbari Anqarada Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Shavkat Mirziyoyev va JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala uchrashuvida O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish borasidagi amaliy ishlari muhokama qilindi. Tomonlar elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish, mamlakatda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazi tashkil etish masalalariga to‘xtaldi.
Prezident Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida yangi loyiha bo‘yicha ta’mirlanayotgan yo‘lni ko‘zdan kechirdi. U 20 yilgacha xizmat qilishi kerak bo‘lgan yangicha qatlamli asfalt-beton bilan qoplangan. Shavkat Mirziyoyev loyihani yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Xivada fuqaro 2 nafar tanishini ishlash uchun Norvegiyaga yuborish evaziga 5600 dollar so‘ragani aniqlandi. U avans olayotganda ushlandi.
Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan Musulmonlar idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonda muloqot qildi. U muftiydan fuqarolarning sharoiti, salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, O‘zbekistonga qaytgach, “hojilar yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga” umid bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting