Prezident “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat davlat organlari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq kompaniyalarga nisbatan tatbiq etiladi. Qonun 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Prezident rasmiy tashrif bilan Turkiyaga uchib ketdi. Davlat rahbari Anqarada Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Shavkat Mirziyoyev va JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala uchrashuvida O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish borasidagi amaliy ishlari muhokama qilindi. Tomonlar elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish, mamlakatda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazi tashkil etish masalalariga to‘xtaldi.
Prezident Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida yangi loyiha bo‘yicha ta’mirlanayotgan yo‘lni ko‘zdan kechirdi. U 20 yilgacha xizmat qilishi kerak bo‘lgan yangicha qatlamli asfalt-beton bilan qoplangan. Shavkat Mirziyoyev loyihani yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Xivada fuqaro 2 nafar tanishini ishlash uchun Norvegiyaga yuborish evaziga 5600 dollar so‘ragani aniqlandi. U avans olayotganda ushlandi.
Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan Musulmonlar idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonda muloqot qildi. U muftiydan fuqarolarning sharoiti, salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, O‘zbekistonga qaytgach, “hojilar yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga” umid bildirdi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2023-yilda 11 foizga o‘sib, 5,13 mlrd yevroga yetdi. YeI elchisi Sharlotta Adrian ittifoq O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.
Yong‘in texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi mudiri Yakubjon Rustemov gaz ballonli avtomobillarni haydashda nimalarga e’tibor berish kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berdi. Uning aytishicha, qoidalarni bilmaslik, ba’zida esa beparvolik oqibatida baxtsiz hodisalar soni yildan-yilga oshmoqda.
Buxoro hududini 3831 gektarga kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shaharda “Yangi O‘zbekiston” massivi va “juda baland bo‘lmagan stela”li istirohat bog‘i, tarixiy obidalar maketlari, raqamli panorama va boshqa obyektlar quriladi. Prezidentga shaharni 2045-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi.
Uchtepa tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari fuqarolarni AQShga noqonuniy jo‘natish holatlariga chek qo‘ydi. Qo‘lga olinganlardan biri buning uchun 42 ming dollar, ikkinchisi esa 17 ming dollar so‘ragan.
O‘zbekistonda yanvar-may oylarida davlat budjeti defitsiti 29 trln so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Maydagi daromad va xarajatlar orasidagi farq oy boshiga shakllangan qoldiq va oy davomida muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlari hisobiga qoplangan.
AQSh prezidenti Jo Bayden Meksikadan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga boshpana berishni vaqtincha taqiqladi. Bu choralar ularni deportatsiya qilishni osonlashtiradi, dedi Oq uy. Taqiq AQSh janubiy chegarasidagi tirbandlik yuzaga kelgan davrda ham amal qiladi.
Sabine Mahl BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori etib tayinlandi, u bu lavozimda 1-iyundan ish boshladi. Tayinlovga qadar u 2019-yildan beri BMTning Gruziyadagi doimiy vakili edi, Indoneziya, Falastin va Qirg‘izistondagi BMT Ayollar bo‘limlariga rahbarlik qilgan, shuningdek, YeXHTda ishlagan.
Buxoro viloyatida 226 mln dollar evaziga yangi aeroport quriladi, avvalroq mavjud aeroportning o‘zida yangi terminal qurish ko‘zda tutilgandi. Prezidentning ta’kidlashicha, hozirgi havo bandargohi “sayyohlar oqimini ikki baravar oshirish rejasi uchun kichiklik qilmoqda”.
Shavkat Mirziyoyev turizm sohasidagi tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazdi. Prezident turoperatorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, QQSni subsidiya shaklida qaytarish muddatini uzaytirish, pensiyadagi sayyohlar uchun alohida viza rejimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi va boshqa masalalarni muhokama qildi.
Ziyadulla Karimov Sirdaryo viloyatining Sardoba tumaniga hokim bo‘ldi. U bunga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Urgut tumanida 9-sinf o‘quvchisi boshqaruvida bo‘lgan Nexia-2 yuqori tezlikda 6 yoshli qizni urib yubordi. Qiz shifoxonada vafot etdi. Bola mashinani uyidan otasining ruxsatisiz olib chiqib ketgani aniqlandi.
May oyida O‘zbekistonda 971 ta holatda iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bunda davlat manfaatlariga 67,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Bunday holatlarning eng ko‘pi Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekistonda badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etildi. Tanlov 2025-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. G‘oliblarga BHMning 300 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etilmoqda. Shuningdek, 1-oktabrdan iste’mol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘shimcha litsenziya talablari kiritiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting