Toshkent IIBB firibgarlikning yangi turidan ogoh etdi. Bunda noma’lum shaxs qariyalarga qo‘ng‘iroq qilib, ularga o‘zini qizi yo nevarasi deb tanishtiradi va YTHga uchraganini aytadi. Telefonni soxta tergovchi olib, hodisaga qariyaning yaqini sababchiligini bildiradi va qamoqqa olmaslik uchun pul so‘raydi. Batafsil.
Toshkentda mashinasiga yo‘lovchi sifatida chiqqan ayolning qaddi-qomatini tavsiflab, oyog‘ini ushlagan 30 yoshli haydovchi 5 sutkaga qamaldi. Sudda haydovchi “skorost”ga urayotganida qo‘li ayolning oyog‘iga tegib ketganini aytgan. Ayol esa suhbatni yozib olganini bildirgan.
Bekobod tumanida 28 yoshli ayol o‘zini 5-qavatdan tashlab vafot etdi. Marhuma eri tomonidan muntazam ravishda zo‘ravonlikka uchrab kelgani aytilmoqda. Unga uch marta himoya orderi berilgan. Qo‘shnilar ayol pastga tushib ketishi oldidan “yashashni istamayman, kaltaklaringdan to‘yib ketdim”, deya baqirganini eshitgan.
Martda 0,7 foizlik inflyatsiya qayd etildi. Yillik inflyatsiya 7,98 foizgacha sekinladi, bu — 2016-yil maydan beri eng past ko‘rsatkich. Statistika agentligiga ko‘ra, go‘sht narxi 5 oydirki pasayib bormoqda, sut, shakar, un, kartoshka, piyoz, sabzi qimmatlashgan. Benzin, temiryo‘l va havo transporti narxlari oshdi.
O‘zbekistonning aksariyat hududlarida 2−3-aprel kunlari yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. So‘ngra harorat kechasi +5…+10, kunduzi +18…+25 darajagacha ko‘tariladi. Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov haydovchilarni o‘qitish uchun Germaniyadan “50 yillik stajga ega” haydovchilar, Moskvadan esa instruktorlar olib kelinganini aytdi. “Har bir haydovchini o‘qityapmiz. Ularni toifalarga bo‘lamiz, eng yuqori toifadagilariga boshqalarni o‘qitish huquqi beriladi”, — dedi vazir.
Chilonzor tumanidagi Seul ko‘chasida Nexia va 2 ta Cobalt ishtirokida YTH yuz berdi. Ikki haydovchi jarohatlangani uchun shifoxonaga olib ketildi.
Vazirlar Mahkamasi yengil avtomobillar uchun metanning eng baland chakana narxini ikki oyga uzaytirdi. Bir kubometr uchun maksimal narx 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha oshirildi.
O‘zbekistonda 1-apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar 68 baravar (34 ming so‘mdan 2,32 mln so‘mgacha), elektromobillar uchun esa 15 baravarga oshadi. Ichki ishlar vazirligining bu bo‘yicha buyrug‘i to‘lovlar miqdori oshishidan bir kun oldin qabul qilindi.
1-apreldan O‘zbekistonda avtomobillar importi tartibi kuchaytirilishi, muvofiqlik sertifikati boshqa shaxs nomiga berilgan bo‘lsa, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish taqiqlanishi kutilmoqda. O‘zgarishlar haqida rasmiy xabar berilmadi. Rasmiy dilerlar orqali sotish tartibi ham tiklanishi kutilmoqda.
Farzand tug‘ilgandagi suyunchi puli hammaga ham berilavermaydi, ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chipta taqdim etiladi, “to‘siqsiz” mehmonxonalarga subsidiya ajratiladi, gazli va energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etiladi, QQS bo‘yicha ba’zi imtiyozlar bekor bo‘ladi — 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?
Tuproqqal’a tumanida Cobalt haydovchisi boshqaruv paytida uxlab qolishi sababli o‘zidan oldinda ketayotgan Isuzu yuk mashinasiga urildi. Oqibatda u voqea joyida halok bo‘ldi, mashina salonida bo‘lgan ikki kishi shifoxonaga yotqizildi.
Avtomobillar uchun ekostikerlar nafaqat Toshkentda, balki O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy etiladi. Ekodiagnostika 1-iyundan bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Aksariyat mashinalar uchun stikerlar bepul bo‘ladi. Ekozonalarga kirish uchun kompensatsiyalar va jarimalar joriy etiladi. Yangi qaror tafsilotlari.
Venetsiyadagi 60-zamonaviy san’at biyennalesida o‘zbekistonlik rassom Aziza Qodiriy va Qizlar Collective ijodiy guruhining “Imkoniyatingni qo‘ldan boy berma” (Don't Miss the Cue) ko‘rgazmasi namoyish etiladi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, loyihada ayollar hikoyalariga e’tibor qaratilgan.
O‘zbekistonda “zararli” toifadagi avtomobillarni “toza” toifadagi avtomobillarga almashtirish uchun subsidiya berish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir oy muddatda mazkur tashabbusni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
O‘zbekistonda sudyalarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi unga nafaqat o‘ta og‘ir, balki og‘ir jinoyat aybi qo‘yilganda ham qo‘llanishi mumkinligi belgilanmoqda. Senat tegishli o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Normadan maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish ekani aytildi.
2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.
Toshkent shahrida 1-apreldan 31-maygacha, shuningdek, 15-apreldan may oyi oxirigacha issiq suv ta’minotida ikki va to‘rt kunlik uzilishlar bo‘lishi reja qilinmoqda. Shu kunlarda issiqlik tarmoqlari sinovdan o‘tkaziladi. Jadval yangilanib boradi.
Senatorlar “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni qabul qildi. Hujjatda bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘lishi, xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.
Birinchi chorakda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizga, sanoat esa qariyb 10 foizga o‘sadi, deyiladi prezident bilan uchrashuvda. U korxonalarning debitor qarzdorligini kamaytirish va xarajatlar asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting