Yetishmayotgan maktab darsliklari, bukmekerlikni targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklangani, 3 soatda Cobalt, Lacetti, Damas va Labo`ga 28 mingdan ortiq shartnoma tuzgan UzAutoMotors, Shavkat Mirziyoyevning AQShda o‘tkazgan uchrashuvlari tafsiloti va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Senat qo‘mitasida jinoiy va ma’muriy kodekslarga davlatning dunyoviy maqomini mustahkamlovchi qo‘shimchalar kiritish masalasi muhokama qilindi. Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda diniy blogerlarning faqat diniy qarashlarini aks ettiruvchi va adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan chiqishlari ko‘paygan.
Vazirlar Mahkamasi hokimiyatlarga issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va kanalizatsiya, shuningdek, shahar yo‘lovchi transporti tariflarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.
Ayrim xizmatlar uchun tariflarni pasaytirish sabab yetkazilgan zararni qoplash maqsadida davlat budjetidan 10 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Issiqlik ta’minoti korxonalari 901,9 mlrd so‘m oldi, buning 92 foizi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi. Gaz narxidagi farqni qoplash uchun 8,8 trln so‘m ajratildi.
So‘nggi haftalarda tarmoqlarda ota-onalar va o‘qituvchilar maktablarda darsliklar yetishmayotgani, shu bois ularni o‘zlari chop etib olayotganini yozmoqda. Darslikni qo‘lga kiritganlar bolalar uchun juda qiyin va javobsiz vazifalarni tanqid qilishyapti. Maktab ta’limi vazirligi esa sukut saqlamoqda.
Fevral oyida Turkiyada ro‘y bergan zilzilalarda jabr ko‘rgan bir guruh nuroniylarning 30 nafari O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta davomida mamlakat bo‘ylab sayohat qiladi. Bu tashabbus Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ilgari surilgandi.
Ozarbayjon “konstitutsiyaviy tuzumni tiklash uchun” Tog‘li Qorabog‘da “aksilterror tadbirlari” boshlaganini e’lon qildi. Tan olinmagan respublika poytaxti Stepanakert artilleriyadan o‘qqa tutilmoqda. Mudofaa vazirligi bayonotida fuqarolik obyektlari va tinch aholi nishonga olinmayotgani aytilgan.
Uzbekistan’s Club jamoasi O’zbekistonlik.Students loyihasini boshladi. Unda nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar haqida hikoya qilinadi. 1-son qahramonlari Oksford universitetidan Mushtariy Madrahimova va Sharqiy London universitetidan Azizbek Ahmadjonov bo‘ldi.
Nyu-Yorkdagi uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti va XVF rahbari Kristalina Georgiyeva fondning moliya sohasi barqarorligini kompleks tahlil qilish, iqtisodiy siyosatni takomillashtirishga hissa qo‘shish va mutaxassislar salohiyatini oshirish dasturini amalga oshirishdagi ishtirokini muhokama qildi.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklanganini ma’lum qildi. IIOga estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlar tomonidan totalizatorlar xizmatlarini reklama qilish holatlari bo‘yicha 11 ta xat ham kiritilgan.
Izboskan tumanida 2 fuqaro “xonadoniga xavf tug‘dirayotgani va qurilish ishlariga xalal bergani uchun” 3 tup g‘arb chinori daraxtini kesgandi. Sud ularga 131,4 mln so‘mlik zararni qoplash bilan birga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
UzAuto Motors 18-sentabr kuni Cobalt, Lacetti, Damas va Labo uchun kontraktatsiyani ochdi. Oradan 3 soat o‘tib, kompaniya avtomobillarining qo‘shimcha partiyasi uchun to‘liq shartnoma tuzilgani, 28 000 dan ortiq shartnoma imzolanganini xabar qildi.
Yozyovon tumanida to‘y korteji uyushtirib, jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan 16 nafar yigit 15 sutkaga qamaldi.
Dushanba kuni O‘zbekistonning 3 ta klubi Osiyo Chempionlar ligasida o‘z ishtirokini boshladi. Ilk turda “OKMK” “Al-Ittihod”ga 3:0 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, “Nasaf” “Al-Faysaliy”ni minimal hisobda yutdi. “Navbahor” esa Neymar boshchiligidagi “Al-Hilol” bilan durang o‘ynadi.
Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va GE Healthcare, Oppenheimer, Cerberus, CNH va Cintana kabi qator yirik korporatsiyalar rahbarlari bilan uchrashdi. AQSh biznesining O‘zbekistonda faoliyatini kengaytirish bo‘yicha “aniq rejalar” muhokama qilindi.
Prezident qarori bilan 2024-yildan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori stavkada ajratilishi belgilandi. Hozirda bunday kreditlar asosiy stavka darajasida ajratib kelinmoqda.
Farg‘ona shahrida farzandi bilan tilanchilik qilayotgan ayolni tepib, mashinaga o‘tirishga majburlagan PPX xodimi ishdan bo‘shatildi. Viloyat IIB ayol “faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘lidagi bolasini yerga tashlab yubormoqchi bo‘lgan”ini bildirdi.
AQShning Air Products kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy qiymati 10 mlrd dollardan ortiq yangi investitsiya dasturini amalga oshiradi. Kelishuv Shavkat Mirziyoyev va kompaniya rahbari Seyfi Gasemi o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida imzolandi. Prezident uni orden bilan taqdirladi.
O‘zbekistonda Amerika texnologiya universiteti ochilishi rejalashtirilmoqda. Uni tashkil etish masalalari Nyu-Yorkda prezident Shavkat Mirziyoyev va Cintana ta’lim kompaniyasi asoschisi Duglas Bekker tomonidan muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Nyu-Yorkda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish, savdo va sarmoya hajmini oshirish, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting