Toshkentdagi “Kosmonavtlar” metro bekatiga yaqin hududni quyuq tutun qopladi. Videolarda tutun yer ostidan chiqayotganini ko‘rish mumkin. Metropoliten va “HET” bunga elektr kabellaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda OTM talabalari, professional ta’lim muassasalari va akademik litsey o‘quvchilariga qishki ta’til 25-dekabrda boshlanib, 2024-yil 7-yanvarigacha davom etadi. Vazirlik bu tartib faqat davlat ta’lim muassasalariga tegishliligi, nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun esa tavsiyaviy ekanini bildirdi.
Prezident farmoni bilan falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasini, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarini internet orqali jonli efirga uzatish belgilandi.
Sherzod Bo‘riyev Shahrisabz shahriga hokim etib tayinlandi. U bunga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Prezident farmoni bilan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati kengaytirildi. 1-dekabrdan “Haj”ga borish uchun navbatda turganlar, bolalarni “bog‘cha”ga qabul qilish bo‘yicha arizalar navbati va yana 3 turdagi ma’lumotlar ham ochiq e’lon qilinadi.
“Antistrumin” preparati bilan bog‘liq jinoiy ish doirasida 3 nafar shifokor ayolning hibsga olingani haqidagi ma’lumotlarning tarqatilishi tergovning xolis va obyektiv o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura.
Yangi Zelandiyada 2008-yildan keyin tug‘ilganlarga sigaret sotishni taqiqlash bo‘yicha qonun bekor qilindi. Hukumat buni soliqlarni kamaytirish maqsadida qilingani bilan izohladi.
Yaponiya hukumati Qoraqalpog‘istonning Nukus tumani tibbiyot birlashmasiga qariyb 100 ming dollarlik ultratovush tekshiruvi apparati sovg‘a qildi.
Toshkent hayvonot bog‘iga Janubiy Afrikadan 3 ta zebra, 3 ta jirafa bolasi, oq Bengal yo‘lbarsi va oq sher olib kelindi. 2022-yilning avgust oyida u yerdagi Alatau laqabli jirafa nobud bo‘lgandi.
Namanganda uch nafar tibbiyot xodimi bolalarning yoddan zaharlanishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Vrachlar assotsiatsiyasi ehtiyot chorasini yengilrog‘iga o‘zgartirishni so‘rab, prezidentga xat yo‘lladi.
ITicket.uz Toshkentdagi Humo Arena`da bo‘lib o‘tgan san’atkor Jah Khalib`ning konsertiga ko‘pchilik uchinchi shaxs yoki saytlardan qalbaki chiptalar sotib olgani uchun kira olmaganini ma’lum qildi. Chiptalarni rasmiy manbalar orqali sotib olganlarga pul qaytariladi, dedi kompaniya.
Buloqboshi tumanidagi konda 46 yoshli erkakning ustiga tosh yumalab, bosib qoldi. Oqibatda u voqea joyida vafot etdi.
Termiz shahri hokimi O‘ktam To‘rayev chiqindi tashish bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarini 15 sutkaga qamatishga uringani xabar qilindi. Hokimlik esa buni rad etib, tadbirkorga chiqindilar o‘z vaqtida yig‘ishtirib olinmagani va shaharni obodonlashtirish qoidalari buzilgani uchun jarima qo‘llanganini bildirdi.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi DV-2023 (Grin kard) dasturi orqali immigratsion vizalarni taqdim etish bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni egalladi. Bu mavsumda lotoreya yutug‘ining 5,5 mingdan ziyodrog‘i o‘zbekistonliklarga chiqqan, berilgan vizalar soni esa 3100 dan ko‘proqni tashkil etgan.
Samarqand shahrida janjal bo‘layotgani yuzasidan kelib tushgan chaqiriqqa ko‘ra xonadonga borgan profilaktika inspektori uy egalari tomonidan kaltaklandi. Shuningdek, unga tegishli mashina oynalari sindirildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 fuqaro qamoqqa olindi.
Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish loyihalariga start berildi.
Qo‘shiqchi Jah Khalib konserti vaqti Humo Arena majmuasidagi tartibsizliklar vaqtida fuqarolar jarohatlangani va vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB ushbu holatlar bo‘yicha xabar kelib tushmaganini ma’lum qildi va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasida 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, yana 11 mlrd dollarlik loyiha va dasturlarni ilgari surishga kelishildi. Shavkat Mirziyoyev vazirni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
O‘zbekistonda 29-noyabr kuni ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shamol kuchayadi. Havo harorati pasayishni boshlaydi va ish haftasining ikkinchi yarmida kechasi +7, kunduzi +15 darajagacha iliq, shimolda kechasi -5 darajagacha sovuq, kunduzi +10 darajagacha iliqni tashkil etadi.
2024-yildan tadbirkorlar o‘rtasida “Yong‘in xavfsizligi a’lochisi” tanlovi o‘tkaziladi. G‘olib 100 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi va uning faoliyati 2 yil davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting