Jizzax Auto zavodi Sog‘liqni saqlash vazirligiga tez yordam avtomobillarininng navbatdagi partiyasini — 108 ta Volkswagen Caddy mashinasini topshirdi. Rejalashtirilgan 1000 dona avtomobildan 700 tasi respublika tez tibbiy yordam xizmati ehtiyojlari uchun xizmat qilmoqda, deyiladi “O‘zavtosanoat” xabarida.
Agrar OTMlar tasarrufidagi akademik litseyni tamomlaganlarni 2024/2025 o‘quv yilidan kirish imtihonlarisiz, suhbat orqali to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish taklif etilmoqda. Bunda talabgorning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foizdan yuqori bo‘lishi kerak.
Toshkent viloyatidagi “Darxon” ilmiy-tajriba stansiyasi (dendropark)da noqonuniy qurilgan binolarni sud qarori asosida buzish boshlandi. Avvalroq hududda daraxtlar nobud qilingani, yer ajratish va undan foydalanish qoidalari buzilgani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Prezident farmoniga ko‘ra, vazirliklar, Bosh prokuratura va Oliy sud 2024-yil 1-yanvargacha o‘zlariga biriktirilgan soha va tarmoqlar kesimida qonunosti hujjatlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha Adliya vazirligiga taklif kiritadi.
Amirsaid A’zamxo‘jayev O‘zbekistonning Polshadagi yangi elchisi bo‘ldi. U shu paytga qadar Istanbuldagi bosh konsullikka rahbarlik qilib kelayotgandi.
Qo‘qon shahrida kitobxon ikki yosh o‘z nikoh to‘yini “Amiri” kutubxonasida o‘tkazdi. “Bo‘lajak turmush o‘rtog‘imni shu kutubxonada uchratganman”, — deydi kuyov. Tadbirda shahar hokimi ham ishtirok etdi.
Buxoro aeroportida fuqaro 96 dona qadimiy tangani Rossiyaga olib chiqib ketishining oldi olindi. Holat yuzasidan badiiy ekspertiza va tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
UzAuto Motors bir xaridorga 10 talab shartnoma berilgani haqidagi ma’lumotni rad etib, shartnoma tuzish bilan bog‘liq boshqa “tasdiqlanmagan va provokatsion” xabarlarga izoh berdi. Kompaniyaning fikricha, bu gap-so‘zlar mijozlar orasida shov-shuv ko‘tarish maqsadida tarqatilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatarning sobiq bosh vaziri Hamad bin Jassim Ol Soniy Buxoro va Toshkentda qator investitsion loyihalarni amalga oshirish, jumladan, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil va temir yo‘llar infratuzilmasini barpo etish masalasini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib AQSh bilan madaniy qimmatliklar bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu o‘g‘irlangan artefaktlarning AQShga olib kirilishini cheklaydi va ularni o‘z mamlakatiga qaytarish jarayonini osonlashtiradi.
O‘Zbekiston Markaziy banki yuridik shaxslar uchun chet el valyutasini sotib olish shartlarini o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Valyuta sotib olishda zarur bo‘ladigan hujjatlar soni ortishi, norezidentlardan milliy valyutadagi mablag‘larning kelib chiqishi qonuniyligini ta’minlash va boshqalar talab qilinishi mumkin.
IQAir indeksiga ko‘ra, Toshkent havosi so‘nggi bir oy ichida 4 kun “nosog‘lom”, 10 kun “ta’sirchan guruhlar uchun nosog‘lom” deya qayd etildi. Poytaxtda oy davomida faqat bir kun “yaxshi” darajadagi havo kuzatildi. Toshkent ayni damda dunyoning beshinchi eng ifloslangan shahri bo‘lib turibdi.
Taftish.uz internet nashri sobiq rahbari G‘ayrat Aberayev firibgarlik, xususan, fuqarolarni aldash orqali jami 33,3 ming dollarni talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda. Unga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Global ta’minot zanjirlarining beqarorlashuvi va jahon bozoridagi volatillik sharoitida IHT davlatlari hamkorlikni mustahkamlashga intilyapti. Bunga savdo, iqtisodiy va transport aloqalarining mintaqaviylashuvi yordam bermoqda, dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “Gazeta.uz” bilan intervyusida.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2023-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda 127 ming 500 ta oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasini 12 foizga tushirish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Hozirgacha 1 million 200 ming kambag‘al oila ro‘yxati shakllantirilgan.
Buxoro shahrida chiqindi tashuvchi mashina haydovchisi axlat tashlash uchun yaqinlashgan 18 yoshli talaba qizni payqamay, avtomobilni uning ustiga haydab yubordi. Qiz olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etdi.
“Navoiyuran” va Xitoyning China National Nuclear Corporation uran sanoati sohasida strategik hamkorlik memorandumini imzoladi.
Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumaniga Shuhrat Axmedov, Tuproqqal’a tumaniga Akmal Jimalyazov va Shovot tumaniga Oybek Xolboyev hokim etib tayinlandi.
2023-yil yakunida aksiz solig‘i hisobidan davlat budjetiga tushumlar prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 1,5 trln so‘mga kam bo‘lishi kutilmoqda. Tushumlar kamayishi yil boshida gaz “zapravka”lari vaqtincha yopilgani va AI-80 benzinga aksiz solig‘i ma’lum muddat bekor qilingani bilan izohlandi.
Boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Fazliddin G‘oibnazarov Sochida WBA yo‘nalishi bo‘yicha sobiq jahon chempioni rossiyalik Rajab Butayevga muddatidan avval yutqazib, professional faoliyatidagi ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qildi (video).
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting