Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasi e’lon qilindi. Unda 4 ta harfning shakli o‘zgarishi ko‘zda tutilgan: o‘, g‘, sh va ch. Loyiha bo‘yicha yangi o‘zbek alifbosi 28 ta harf, 1 ta harf birikmasi va tutuq belgisidan iborat bo‘ladi.
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan dollar kursi o‘zining tarixiy maksimal qiymatini yangiladi va 12 200 so‘m chegarasidan o‘tdi. Yil boshidan buyon milliy valyuta 8,6 foizga qadrsizlandi.
Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat tufayli Yerevanda uch kundan beri ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar Armaniston bosh vazirining iste’foga chiqishi va tan olinmagan respublikadan keluvchilar qabul qilinishini so‘ramoqda. Politsiya 80 dan ortiq namoyishchini hibsga olgan.
O‘zbekistonda 1 kVt/soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘mni (2022-yil may oyidan +21,2% oshgan), gazning bir kubometri 1890 so‘mni (+35%) tashkil qilmoqda, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Kuni kecha Energetika vaziri bir kVt/soat elektr energiyasi narxi 800 so‘mdan oshganini aytgandi.
Suriyadagi terrorchilik tashkilotiga qo‘shilgan 36 yoshli o‘zbekistonlik erkak uzil-kesil 9 yilga qamaldi. U yaqin do‘stining taklifi bilan xalqaro terroristik tashkilotga qo‘shilgan va bir guruh shaxslarni Suriyaga jo‘natishni tashkillashtirgan.
22-sentabr kuni Toshkent shahri sudi binosiga bomba o‘rnatilgani haqida ma’lumot tarqaldi. Poytaxt IIBB xavotirga berilmaslikni so‘rab, Toshkent shahri sudi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Shundan keyin Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Ukrainaga 325 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. Bayden buni “butun dunyodagi mustaqillik va hududiy yaxlitlik uchun kiritilgan sarmoya” deb atadi.
Farg‘ona viloyati Furqat tumanida Xitoy kompaniyasi bilan yillik quvvati 1000 dona bo‘lgan elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, elektromobillarni quvvatlash uskunalarini va elektrobuslarga akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avgust oyi oxirida Urganch shahridagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining zo‘rlanishi bo‘yicha ish sudga qaytarildi. Oliy sud saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shimcha tergov o‘tkazilganiga qaramay, sobiq amaldorlarga qo‘yilgan ayblovlar o‘zgarishsiz qoldi.
Toshkent aeroportida taksi xizmati uchun joylar texnik shartlarga qo‘shimchalar va tushuntirishlar kiritilgani sababli qaytadan kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Har uchala lot bo‘yicha savdolar 3-oktabr kuni E-auksion.uz saytida bo‘lib o‘tadi.
Bir qismi O‘zbekistonga o‘tgan Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortib kelinadi. Bu bo‘yicha kelishuvga Farg‘ona viloyati hokimining Xitoyga tashrifi davomida erishildi.
Madaniy meros agentligi yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilishi aytilgan “Sharq” va O‘zA binolari madaniy meros obyekti ekanini va xususiylashtirish mumkin emasligini ma’lum qildi. Ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha Davaktiv agentligiga ogohlantirish berildi.
Shanba va yakshanba kunlari havo kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechalari +11…+16 darajani tashkil etadi, kunduzi +25…+30 darajagacha isiydi.
Toshkent metropolitenining Buyuk ipak yo‘li bekatida yuzni skaner qilish (Face ID) orqali yo‘lkirani to‘lash tizimi ishga tushdi. Undan foydalanish uchun ATTO ilovasida yuzni skanerlab, ro‘yxatdan o‘tish kerak. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa bekatlarda ham bu tizim paydo bo‘ladi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yoppasiga ishdan olgan Qibray tumanidagi rahbarlar o‘rniga 47 nafar yangi rahbar tayinlandi. “Hech kimga amal nikohlab berilmagan”, deya ta’kidlagan hokim “yangi kadrlarga o‘zi kafil bo‘lishi”ni aytdi.
Toshkentda oxirgi 15 kunda metro poyezdi yo‘liga yo‘lovchilar shaxsiy buyumlarini olish uchun uch marotaba o‘zboshimchalik bilan tushgan. Metropoliten yo‘lovchilarni u yerdagi katta kuchlanishli elektr tokidan ogohlantirib, buyumlar tushib ketgan vaqtda xodimlarga murojaat qilishni so‘radi.
BMTning Loyiha xizmatlari bo‘yicha boshqarmasi (YUNOPS) O‘zbekiston bilan bitim imzoladi. Hamkorlik sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, epidemiyaga tayyorgarlik darajasini oshirish va mamlakat ta’lim infratuzilmasini yaxshilash yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.
Toshkentning Mirobod, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi ayrim mahalla va ko‘chalarda 22-sentabr kuni gaz ta’minoti to‘xtatiladi.
Prezidentning “svetoforsiz estakadalar” qurilishi bo‘yicha ta’kidi savollar keltirib chiqardi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Gazeta.uz”ga gap shaharlar emas, balki viloyatlararo magistral yo‘llar haqida ketayotganini ma’lum qildi. Yo‘l o‘tkazgichlar qayerda qurilishi kerakligi bo‘yicha mezonlar qabul qilinadi.
Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari — 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizildi. Rasmiy idoralar ular aynan nimadan zaharlanganiga aniqlik kiritmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu yod preparatidan bo‘lishi mumkinligi yozilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting