Hafta davomida O‘zbekiston bo‘yicha kuzatilgan juda issiq ob-havodan so‘ng, payshanba kuni nisbatan salqin havo kirib kela boshladi. Dam olish kunlarida Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Farg‘ona vodiysining ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Tolimarjon IESda umumiy quvvati 1 GVt dan ortiq bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurilishi boshlandi. Ularni ishga tushirish 2025-yil oxirigacha rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 771,8 mln dollarga baholanmoqda.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi temir yo‘l kesishmasida elektrovoz yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.
Tijorat banklari 28-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 540−11 590 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 650−11 660 so‘m.
“Roma” Eldor Shomurodovni A Seriyaning boshqa klubi — “Kalyari”ga keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga berdi. Shomurodov klubdagi birinchi o‘zbek futbolchisi hisoblanadi. O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisining yangi jamoasi quyi ligada bir mavsum o‘tkazib, Italiyaning yuqori divizioniga qaytgandi.
2023−2024 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga kirish test sinovlari 1-avgustdan boshlanib, 13-avgustda to‘liq yakunlanadi. Imtihonlar kuniga 2 smenada o‘tkaziladi.
JPMorgan oltin narxi 2024-yilda rekord darajaga — bir unsiyasi 2175 dollargacha ko‘tarilishini kutmoqda. Bu, ekspertlarning fikriga ko‘ra, yaqinda asosiy stavkani 22 yil ichida maksimal darajaga ko‘targan AQSh Federal zaxira tizimining pul-kredit siyosatini yumshatishi fonida sodir bo‘ladi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Azizbek Ikramov Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Avgustdan alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi. Eski namunadagi aksiz markalaridagi mahsulotlarni 5 oy mobaynida sotishga ruxsat beriladi. 2024-yil 1-noyabrdan eski namunadagi aksiz markasidagi mahsulotlar savdosiga qarshi kurashish boshlanadi.
Termizning sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U Jinoyat kodeksining 7 ta moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Shuningdek, 17 nafar sudlanuvchiga ham turli darajada jazolar tayinlandi.
O‘zbekistonning kambag‘allik yuqori nuqtalari, svetofor o‘rnatmaslikni ma’qul ko‘rayotgan hukumat, Surxondaryo va Buxoroda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi ehtimoli, rekonstruksiyasi 2024-yil oxirida tugaydigan Toshkent aeroporti yaqinidagi ko‘prik va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat IIB va soliq boshqarmasi boshliqlari, Rishton tumani va Marg‘ilon shahar hokimlari ishdan olindi. Shuningdek, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, Bag‘dod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.
Markaziy bank raisi O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda budjet xarajatlari ortishi gaz importi hajmi oshishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Yanvarning 8 kunida budjet taqchilligi yillik kutilmaning 20 foiziga yetgandi. Shundan so‘ng Iqtisodiyot vazirligi daromad va xarajat bo‘yicha ma’lumot berishni to‘xtatdi.
Markaziy Osiyo va Yevropadagi bolalarning qariyb yarmi issiqlik to‘lqinlariga duchor bo‘lmoqda — bu global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p, deyiladi YUNISEF hisobotida. Tashkilot mintaqa hukumatlarini shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.
Toshkent hokimiyati eng xavfli piyodalar o‘tish joyi muammosini “hal qildi”. U shunchaki yo‘q qilindi. Odamlar esa o‘z hayotlarini yanada kattaroq xavf ostiga qo‘yib, ko‘p polosali magistralni kesib o‘tishda davom etmoqda. Hukumat svetofor o‘rnatmaslikni ma’qul ko‘rmoqda.
Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo‘li sabab 70 mingga yaqin daraxt kesilishi mumkin. Loyiha hujjatlari hukumatga topshirilgani aytilmoqda. Jamoatchilik bundan norozi bo‘lsa, Ekologiya vazirligi har ikki viloyatda odamlar fikri eshitilishini bildirmoqda.
Toshkent aeroporti oldidagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish ishlari 2024-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. U kengaytiriladi, Kichik halqa yo‘liga kirish va chiqish yo‘llari, velosiped yo‘laklari tashkil etiladi. Loyihaning umumiy qiymati bo‘yicha ma’lumot berilmagan.
Andijon viloyati IIBning 3 nafar va MIB Andijon shahri bo‘limining 1 nafar xodimi talon-torojliklar va mansab soxtakorligi bo‘yicha sudlanmoqda. Dastlabki ayblov xulosasiga ko‘ra, jinoyat oqibatida 5,6 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilgan.
26-iyul kuni elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord o‘rnatildi — 250,7 mln kVt/soat. Energetika vazirligi issiq havoda elektr tarmoqlarining uzatish quvvati 25 foizga pasayganini bildirib, vaziyatni to‘g‘ri tushunishni so‘radi va elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishga chaqirdi.
O‘zbekiston prezidenti 27−28-iyul kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, sanoatdagi ishlar hamda mahallalar hayoti bilan tanishadi. Shuningdek, videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting