Jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XVIII milliy mukofoti uchun g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. Bosh milliy mukofot g‘olibi — “UzReport TV” telekanali jamoasiga Tracker avtomobili topshirildi.
2024-yilda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmida 18 foizga yetkazish rejalashtirilgan, dedi energetika vaziri. Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan birga Vengriya, Ruminiya va Yevropaning boshqa davlatlariga “yashil” energiya eksport qilinadi.
Gruziya parlamenti “xorijiy agentlar to‘g‘risida"gi rezonansli qonun loyihasini yakuniy o‘qishda ma’qulladi. Hujjatga qarshi ommaviy noroziliklar qariyb bir oy davom etdi. G‘arb davlatlari ham rasmiylarni tanqid qildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi Sturgeon Capital nomli yangi fondga 5 million dollar ajratadi. Investitsiyalar Markaziy Osiyodagi texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Birinchi chorak yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash hajmi 2,7 foizga kamayib, 5,82 milliard dollarni tashkil qildi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mart oyidagiga nisbatan 6,8 foizga pasaygan.
O‘zbekistonda avtomobillar savdosi hajmi ketma-ket uchinchi oyda pasaymoqda, aprel oyida u 19 foizga kamaydi. Pasayish birlamchi bozorda ham, ikkilamchi bozorda ham kuzatilmoqda. Elektromobillar savdosi qisqa turg‘unlikdan so‘ng yana o‘sishni boshladi.
O‘zbekistonda to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari va elektr jihozlari, shuningdek, meva-sabzavotlarga minimal eksport narxlari joriy etilmoqda. Minimal narxlar rejimi buzilgan taqdirda, Soliq qo‘mitasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga bildirishnoma yuboriladi.
O‘zbekistonda “BMT-ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochiladi, Shavkat Mirziyoyev va mamlakatga tashrif buyurgan BMT bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilot ijrochi direktori Sima Sami Baxus tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
“Milliy banklararo protsessing markazi” (Humo) aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etildi. Avvalroq undagi davlat ulushi sotuvga chiqarilishi xabar qilingandi. To‘lov tizimining sof foydasi 2023-yilda salkam 2 baravar, 2024-yil birinchi chorakda esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 88 foizga oshgan.
Pastdarg‘om tumanida Damas piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 11 yoshli qizni urib yubordi. Qiz tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
Dubay aeroportida noqulay ob-havo tufayli reys kechikkach, o‘zbekistonlik ayol janjal ko‘tardi. U bortdagi boshqa bir ayol bilan ham janjallashdi. Oqibatda parvoz yana kechikdi, boshqa qatnovlar vaqti ham o‘zgardi va ayollar reysdan qoldirildi. Uzbekistan Airways ko‘rgan 5037 dollar zarar ulardan undirib olindi.
15-maydan Toshkent shahrida transport kartalari sotuvchi shoxobchalar faoliyati tugatiladi. Yo‘lovchilar ATTO transport kartalarini UzPost aloqa bo‘limlaridan xarid qilishi mumkin bo‘ladi.
Hindistonda chang bo‘roni va jala vaqtida ulkan reklama banneri qulab tushdi, oqibatda kamida 14 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi. Mahalliy hokimiyat vakillari 250 tonnalik bilbord noqonuniy ravishda o‘rnatilganini aytdi.
Nukus shahridagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasida binoni qayta qurish va jihozlashga ajratilgan pullarning 530,4 mln so‘mi talon-toroj qilingani aniqlandi. Shuningdek, Brayl printerlari va ovoz yozish studiyasiga ajratilgan 140 mln so‘m o‘zlashtirib yuborildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
15-maydan boshlab mahalliy aviaqatnovlar terminalining kirish yo‘lagiga o‘rnatilgan yo‘l kameralari ishga tushadi. Kirish yo‘lagida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan oshiq turgan haydovchilar avtomatik ravishda jarimaga tortiladi. Jarimalar avtomatik tarzda transport egasiga yuboriladi.
IT Park University Solution Architecture va Cloud and DevOps kabi yo‘nalishlarda bir yarim yillik magistrlik dasturini taklif etadi. Istovchilar 9-sentabrgacha hujjatlarini topshirishi mumkin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov davlatga tegishli bo‘lgan mulklar yopiq qarorlar asosida xususiylashtirilayotgani haqidagi fikrlarga javob qaytardi. “Bizda yopiq sotish yoki boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Hammasining huquqiy asosi bor”, — dedi u.
Chortoq tumanidagi oilaviy bog‘chaning 17 nafar tarbiyalanuvchisi avval Xotira maydoniga, so‘ng qabristonga ziyorat uchun olib borildi. Bolalar bitta Damas`ga o‘tqazilgani va taqiqlansa-da, qabristonga olib borilgani uchun bog‘cha rahbari “jiddiy ogohlantirildi”.
Zangiota tumanidagi xonadonlarning birida 2 yoshli bola 5 metr chuqurlikdagi hojatxonaga tushib ketdi. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari uni pastdan sog‘ holatda olib chiqdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda toshkentlik tadbirkorlardan soliq idoralari xodimlari ma’lum turdagi nazorat-kassa mashinasidan foydalanishni talab qilayotgani va tekshiruv bilan tahdid qilinayotgani haqida shikoyatlar paydo bo‘ldi. Soliq qo‘mitasining ta’kidlashicha, tadbirkorlar NKM modelini o‘zlari tanlashlari mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting