Rossiyaning Ulyanovsk viloyatida Cobalt va yuk mashinasi to‘qnashdi. Oqibatda yengil mashinada bo‘lgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Hozirda ularning jasadlarini vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zgidromet 20−22-dekabr kunlari O‘zbekistonga nam va sovuq havo massalari kirib kelishidan ogohlantirdi. Ayrim joylarda yomg‘ir va qor yog‘adi. Harorat kechasi -10, kunduzi -3 darajagacha pasayadi.
Gulnora Normurodova Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari bo‘ldi. U bir paytda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i ham hisoblanadi.
Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways va Silk Avia kompaniyalarini ustun mavqega ega deb topdi. Ikkita kompaniya mahalliy aviatashuvlar, bundan tashqari, Uzbekistan Airways xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashuvlari bozorining 40 foizdan ortig‘ini egallaydi.
Toshkent metropoliteni birinchi marta bir kunda 1 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Millioninchi yo‘lovchiga poytaxt jamoat transportidan bir yil davomida bepul foydalanish imkonini beruvchi transport kartasi sovg‘a qilindi.
Besh yilda kichik va o‘rta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40 foizdan 28 foizgacha pasaydi. Prezident kichik biznes subyektlari hisobidan yirik loyihalarni moliyalashtirish amaliyotidan voz kechish kerakligini aytdi. Kredit tarixini baholashda soliq, elektr, gaz to‘lovlarini hisobga olish taklif qilinmoqda.
Ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Chorvoq bo‘yida joylashadigan Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazi loyihasini taqdim etdi. U 500−700 gektar maydonda dam olish maskanlari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, turar joy majmualari va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
IMVda qator tayinlovlar amalga oshirildi: MHTI direktori Umid Abidxadjayev va DXSH loyihalari departamenti direktori Ilhom Umrzakov vazir o‘rinbosarlari bo‘ldi. G‘aznaqo‘m raisi Murod Bekberganovich Pensiya jamg‘armasiga rahbar etib tayinlandi, uning o‘rnini esa vazir o‘rinbosari Abdulaziz Xaydarov egalladi.
Nilufar Normirzayeva Toshkent viloyati hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha Yangiyo‘l tumani hokimiga o‘rinbosar bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda yangi turmush qurganlar nikoh to‘yining ertasiga is gazidan vafot etgani haqida ma’lumot tarqaldi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, birga yashagan juftlik noma’lum moddadan zaharlanib vafot etgan.
Strategik islohotlar agentligida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. IMV vakili tungi vaqtda ishlashning yagona standartlarini ishlab chiqish, IIV uni nazorat qiluvchi alohida organ tuzish, SSP va RTV vakillari esa buning uchun ixtisoslashtirilgan hududlar ajratishni taklif qildi.
Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi prezident Yun Sok Yolga harbiy holat joriy etishga uringani uchun impichment masalasini ko‘rib chiqishni boshladi. Sudyalar uni lavozimidan chetlashtirish yoki qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Huquq organlari Yunni isyon ko‘tarish ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqirdi.
Prezident tumanlarda mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini ma’qulladi. Ular mahalla biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, aholi g‘oyalarini loyihalarga aylantiradi. Banklar, shuningdek, rezidentlarni kredit olish, qaytarish, biznes ochish va mahsulotini sotishga o‘rgatadi.
O‘zbekistonda 9 ta davlat bankiga 2025-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturini amalga oshirish uchun 1 mlrd dollar miqdorida kredit jalb etish tavsiya etildi. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan 300 mln so‘m miqdorida shartsiz kreditlar ham ajratiladi.
Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad Moskvadan maktub e’lon qilib, u “oxirigacha Suriyani tark etmoqchi bo‘lmagani, bu voqealar paytida iste’foga chiqish yoki boshpana so‘rash haqida o‘ylamagani”ni aytdi. Asadning ta’kidlashicha, aynan Moskva uni mamlakatdan zudlik bilan evakuatsiya qilishni so‘ragan.
Prezident banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Shavkat Mirziyoyev hozirda banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk borligi, ulardan tezroq qutilsa, qo‘shimcha resurs va 150 ming ish o‘rni yaratish uchun zaxira paydo bo‘lishini aytdi.
Cobalt haydovchisi Yangiyo‘lda 5 nafar bolani urib yubordi, ulardan 2 nafari halok bo‘ldi. Sudya uning jazosini yengillashtirib, qamoqdan ozod qildi. Bir haftadan keyin aynan shu sudya o‘lim bilan bog‘liq YTH sodir etgan boshqa haydovchiga ikki yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini ma’qulladi. 54 nafar jismoniy shaxs va 30 ta, jumladan, Xitoy, Hindiston, BAA va boshqa mamlakatlar tashkilotlari cheklovlarga uchradi. Yangi choralar Rossiyaning “soyadagi floti”ga ham qaratildi.
Fizika-matematika fanlari doktori, senator Shavkat Ayupov Fanlar akademiyasi prezidenti etib saylandi. U bunga qadar akademiyaning Matematika instituti direktori bo‘lib ishlagan.
Zebo Saidova Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari bo‘ldi. U bunga qadar shahar hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting