Surxondaryo viloyatida Xalq deputatlari tuman kengashi deputati Ramazon Abdullayev Haj safari uchun jamg‘argan mablag‘i hisobidan Gumatak qishlog‘ida ko‘prik qurib berdi. Tuman hokimi deputatni tashakkurnoma bilan taqdirladi.
“Adolat” SDPdan prezidentlik saylovi uchun Robaxon Mahmudova nomzod sifatida tasdiqlandi. Uning saylovoldi dasturida “Ijtimoiy davlat-2030” dasturini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va boshqalar ko‘zda tutilgan.
Sankt-Peterburgdan Toshkentga uchib kelayotgan samolyotda mast holda janjal ko‘targan erkakka 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Yunusobod tumanida 6 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hech kimga tan jarohati yetmagani ma’lum qilindi.
Eron-Afg‘oniston chegarasida sodir bo‘lgan otishmada kamida 3 kishi halok bo‘ldi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyat Hilmand daryosi suvidan foydalanishdagi nizo sababli keskinlashgan.
2023-yilda O‘zbekistonga benzin importi bir necha barobar oshdi. Birinchi to‘rt oyda 335,2 mln litr keltirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri uchun 0,4 sentni tashkil etdi. Importning aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri keldi.
Ulug‘bek Inoyatov prezidentlik saylovlarida XDPdan nomzod sifatida tasdiqlandi. Partiya qurultoyida nomzodning qimmat mol-mulk uchun soliq joriy etish, sudlov hay’ati institutini tashkil qilish va boshqalarni nazarda tutuvchi dasturi ham tasdiqlandi.
Oq uy va Respublikachilar partiyasi AQSh davlat qarzi chegarasini oshirish bo‘yicha kelishib oldi, bu esa jahon iqtisodiyotiga tahdid soladigan defoltning oldini olishi kutilmoqda.
2023-yilning yanvar-aprel oylarida respublikada 2144 ta yo‘l transport hodisasi oqibatida 499 kishi vafot etdi.
Xonqa tumanidagi maktabning 61 yoshli o‘qituvchisiga nisbatan 2 nafar 3-sinf o‘quvchisiga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Nemolchi.uz loyihasi ishni qayta kvalifikatsiyalashni talab qilib, pedagog o‘z qilmishi uchun to‘liq jazolanishini so‘radi.
Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha eng nufuzli turnirlardan biri — Norway Chess musobaqasida ishtirok etadi, unda Magnus Karlsen, Aliriza Firuzja va dunyoning boshqa kuchli shaxmatchilari qatnashadi.
Kogon shahrida er xotinini rashk sabab pichoqlab o‘ldirdi. Janjalni ajratmoqchi bo‘lgan erkakning onasi ham jarohat oldi.
Yangihayot tumanidagi 122-sonli bog‘chaga amaliyot o‘tash uchun kelgan kollej o‘quvchisi uxlamagan bolalarning tanasiga igna tiqib olgani aniqlandi. U amaliyotdan chetlatildi, holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.
O‘zbekiston “Rosatom” bilan AES qurish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda va parallel ravishda kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganmoqda. “AES qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyatdir. Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Marhamat tumanida 20 yoshli yigit kanalga tushib ketgan qizni qutqarmoqchi bo‘lib, o‘zi cho‘kib ketdi. Qiz boshqa odamlar tomonidan qutqarildi, yigitning jasadi oradan 3 kun o‘tib topildi.
O‘zbekistonda ish haftasi davomida kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat ayrim tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari +15…+20 daraja, kunduzi +35…+37 darajagacha bo‘ladi.
Tijorat banklari 29-may kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 360 — 11 415 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 440 — 11 475 so‘m.
Turkiya MSK rahbari bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida avvalroq 52,15 foiz ovoz olgan Erdog‘an g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. U xalqqa “demokratiya bayrami” uchun minnatdorlik bildirdi, muxolifat nomzodi Qilichdaro‘g‘li esa saylovlarni oxirgi yillardagi eng adolatsiz saylovlardan biri deb atadi.
Samarqandda 30 ming dollar evaziga fuqarolarni Meksika orqali AQShga noqonuniy yuborishga kelishib, shundan 10 ming dollarni olishda gumon qilingan shaxsni ushlandi.
Quvasoyda Qo‘riqlash boshqarmasi va tez yordam mashinalari o‘rtasida YTH sodir bo‘ldi. Oqibatda ikki fuqaro yengil va o‘rta darajadagi tan jarohati oldi. Holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting