Andijonda tibbiyot fakulteti talabasi — Hindiston fuqarosi turmush qurish taklifini rad etganidan so‘ng o‘zini yoqib yuborgan Hindiston fuqarosi vafot etdi.
Si Szinpin va Shavkat Mirziyoyev muzokaralari, O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi 41 ta hamkorlik hujjati, maktabda o‘quvchini tishlab olgan ilon, Ozarbayjonda 3 ta konni o‘zlashtirishni rejalashtirayotgan “O‘zbekneftgaz”, Boku portida terminal ochadigan O‘zbekiston va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Sobiq energetika vaziri Alisher Sultanov O‘zbekiston prezidentining neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston va Xitoy rahbari 2023−2027-yillarga mo‘ljallangan ikki davlat o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildi. Ular ishtirokida davlat organlari va kompaniyalar o‘rtasida ham qator hujjatlar imzolandi.
Kelgusi besh yil issiqxona gazlari chiqindilari va El-Nino tabiiy hodisasi tufayli rekord darajadagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin, deya ogohlantirmoqda Butunjahon meteorologiya tashkiloti.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va XXR raisi Si Szinpin Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurash tajribasini mamlakatda tatbiq etish, qayta tiklanadigan energiya manbalari, xususan, quyosh panellar ishlab chiqarish, elektromobil zavodlarini ishga tushirishdagi hamkorlik kabi masalalarni muhokama qildi.
Toshkentdagi 348-sonli maktab (sobiq Toshkent viloyatiga qarashli, kollektor yonida joylashgan) binosida 6-sinf o‘quvchisini suv iloni tishlab oldi. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yetkazilgan, shundan so‘ng u o‘qishga qaytgan.
“O‘zbekneftgaz” SOCAR bilan birgalikda 2024-yilda Ozarbayjonda uchta uglevodorod konini o‘zlashtirishni boshlashni rejalashtirmoqda. SOCAR`ning esa O‘zbekistondagi qidiruv ishlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
Energetika vazirligi quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha tanlov natijasi bekor qilinganini bildirdi. Qariyb 2 trln so‘mlik tanlovning barcha — 6 ta lotida ikkita kompaniya g‘olib chiqqan. Tanlov noto‘g‘ri tashkil etilgani uchun energetika vaziri ichki tekshiruv e’lon qildi.
Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini ochishni rejalashtirmoqda. Hozirda tovarlarni saqlash uchun mazkur port hududida ombor infratuzilmasini yaratish ishlari olib borilmoqda.
Ukraina donini Qora dengiz portlaridan olib chiqish bo‘yicha bitim yana 60 kunga uzaytirildi. Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMT tomonidan tuzilgan bitimning amal qilish muddati 18-mayda tugadi.
IIV Kiberxavfsizlik markazi o‘zini Slick to‘lov tizimining xavfsizlik xizmati xodimlari sifatida tanishtirib, fuqarolarning bank kartalaridan pul yechib olgan bir necha shaxsni aniqladi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov qozog‘istonlik hamkasbi Ruslan Jaqsiliqovni qabul qildi. Tomonlar harbiy sohada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirishdi va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdi.
“Gazeta.uz” respublikada mavjud memorial muzeylar haqida ko‘plab maqola va fotoreportajlar tayyorlagan. 18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan tahririyat ana shu tarixiy manzillarga virtual sayohat qilishga taklif etadi.
Surxondaryo viloyatida feldsherlar sinov tariqasida “tez yordam” chaqiruviga skuterlarda ham bormoqda. Bunda tirbandliklar va harakatlanish qiyin bo‘lgan joylarda oson yura olish maqsad qilingan. Ular ahvoli og‘ir bo‘lmagan bemorlarga birinchi yordamni ko‘rsatib qaytadi.
2023-yilning may-sentabr oylarida O‘zbekiston Tojikistondan 1 mlrd 285 mln kVt soat elektr energiyasini import qiladi.
2017-yil Nyu-Yorkda yuk mashinasini odamlar ustiga haydab, 8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov 8 marta umrbod va 260 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
YTTB Uzbekistan Airports`ga O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida maxsus texnikalar parkini yangilash uchun 28 mln yevrogacha mablag‘ ajratadi. Shuningdek, bank kompaniya va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyati samaradorligini oshirish uchun 1 mln yevro miqdorida grant ajratadi.
1-dekabrdan O‘zbekistonda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Bunda “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to‘g‘risida tezkor xabarnoma yuboriladi.
Tijorat banklari 18-may kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 405 — 11 450 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 480 — 11 520 so‘m.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting