Xalqaro kosmik texnologiyalar konferensiyasi doirasida O‘zbekiston ta’lim sun’iy yo‘ldoshi uchirilishini e’lon qildi. Shuningdek, kosmosdagi ta’limiy loyihalar doirasida hamkorlik memorandumlari imzolandi, poytaxtda kompetensiyalar markazlari ish boshladi.
2023/2024 o‘quv yilidan OTMlarning pedagogika yo‘nalishidagi sirtqi ta’limda o‘qishni istagan o‘qituvchilar kamida 5 yillik pedagogik stajga ega bo‘lishi shart. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
2023-yil boshidan beri gaz ta’minoti korxonalarining 9 nafar xodimi firibgarlik va boshqa jinoyatlar uchun javobgarlikka tortildi. Qo‘lga olinganlarga nisbatan tergov choralari ko‘rilmoqda, fuqarolardan xodimlar bilan til biriktirmaslik va noqonuniy xatti-harakatlar haqida xabar berish so‘raldi.
“Yuksalish” harakati jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish Konstitutsiya zid ekanini ma’lum qildi. Harakat bu masalani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.
MB tomonidan yana bir bank — “Yangi bank”ga litsenziya berildi. Uni “O‘zagroeksportbank” rahbarining sobiq o‘rinbosari Odil Amerqulov boshchiligidagi “Yangi Group” kompaniyasi tashkil etgan.
Juma kuni tushdan so‘ng O‘zbekistonning janubiy qismi, xususan, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida chang bo‘ronlari sodir bo‘ldi.
Toshkent shahrida kompaniya rahbari va boshqa shaxslar fuqaroni $25 ming evaziga Turkiya va Meksika orqali AQShga jo‘natishga uringanlikda ayblanib ushlandi.
UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari uchun shartnomalar berishni ushbu modellarning konfiguratsiyasi yangilanishi munosabati bilan vaqtincha to‘xtatdi. Kompaniyaning bildirishicha, avtomobillar uchun “issiq” variantlar kutilmoqda.
27−29-aprel kunlari Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyatining (ELSA) Kongressi Samarqandda “Ipak yo‘lida minimal invaziv xirurgiya” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
Avgust oyiga qadar Toshkent shahridagi barcha — 160 ta avtobus yo‘nalishida naqd pul tushumlari bo‘yicha kunlik reja bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Hozirda poytaxt transport boshqarmasi ularning narxini hisoblab chiqmoqda, yozda tenderlar o‘tkaziladi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2023-yilda O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova sayyor qabulda eri bilan bog‘liq ishni hal qilish uchun kelgan ayol bilan janjallashdi. Aniqlanishicha, u ayolni bosh prokuror bilan uchrashishga qo‘ymagan. Yakunda bosh prokuror ayolni qabul qilib, murojaatni nazoratga oldi.
Toshkent shahrida Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 16 nafar mahkum (shu jumladan, marhum Polat Shamshetov)ning birinchi sud jarayoni bo‘yicha shikoyatlari, shuningdek, shartli ravishda hukm qilingan 4 kishiga nisbatan prokuratura protestini ko‘rib chiqish boshlandi.
Shanba kuni O‘zbekistonga Kaspiy dengizidan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib keladi. Havo harorati kunduzi +18 darajagacha pasayadi. Yakshanba kuni qator viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Aprel oyida O‘zbekistonda ulgurji iste’molchilar tomonidan qariyb 30 mln kub metr hajmdagi (28,9 mlrd so‘mlik) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanildi.
Surxondaryodagi “Ayritom” chegara bojxona postidan o‘tkazilayotgan anor sharbatlari tarkibida 103 kg metamfetamin sintetik giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi. Ular Toshkentdagi kompaniyalardan biriga yuborilayotgan bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentda 5-maydan boshlab 14 ta avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma asosida tashkil etildi. Yangi tizim daromad rejasiga (kunlik plan) asoslanmaydi. Endi barcha tushumlar shahar budjetiga o‘tkaziladi, hokimlik yo‘lovchi tashuvchiga pulni bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib o‘tkazib beradi.
Tijorat banklari 5-may kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 390 — 11 440 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 450 — 11 515 so‘m.
Endilikda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar 2023-yildan boshlab jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” portalida ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda har bir mahallada 8 mlrd so‘mdan oshmagan loyihalar paketi shakllantiriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 230-sonli bog‘cha direktori “xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun” ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Uning 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilganlikda gumonlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting