2022 yilda chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Xususan, ular Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan olib kelingan.
Senat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston va Xorazm maktablarida o‘quvchilarga bepul ovqat berish tizimini o‘rgandi. Ishlab chiqarish muddati yo‘q mahsulotlar olingani, sifat nazorati jurnali yuritilmagani aniqlandi. Zararlangan oziq-ovqat tarqatilgan Kegeylidagi maktablar direktorlari jarimaga tortildi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand filiali yuristi ayol hamkasbini to‘shakka taklif etib, unga tahdid qilishi ortidan ishdan olingandi. Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, yurist juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarda gumonlanib, qamoqqa olindi.
Kelasi hafta O‘zbekistonga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk tashrif buyuradi. Uning qator davlat organlari rahbarlari, fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.
«Gazprom» Markaziy Osiyo orqali Xitoyga gaz yetkazib berish hajmini yiliga 20 milliard kub metrgacha oshirishi mumkin.
«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturi doirasida 2022 yilda 11,4 millionta ichki sayyohat amalga oshirildi. Bu 2021 yilga qaraganda 1,9 barobar ko‘p.
Hukumat qarori bilan Shamsiddin Sultonov Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markaziga direktor etib tayinlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat va jamiyat hayotida faol bo‘lgan bir guruh xotin-qizlarni turli unvon, orden va medallar bilan mukofotladi. Shuningdek, 28 nafar ayol-qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Rossiyaning «Pobeda» aviakompaniyasi aprel oyi oxiridan Moskvadan Toshkent va Samarqandga charter reyslarni boshlashni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Rossiya shaharlaridan Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Tijorat banklari 7 mart kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 290 — 11 340 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 360 — 11 405 so‘m.
Qamchiq dovonida 70 metr kub tuproq-loy ko‘chkisi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Samarqand shahrida sobiq ichki ishlar xodimi fuqarodan ishini hal qilib berish evaziga 5000 dollar olishda gumonlanib ushlandi. Tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonlik velopoygachi ayol Yanina Kuskova Xorvatiyada o‘tkazilgan Porec Trophy Ladies turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Olga Zabelinskaya esa sakkizinchi natijani qayd etdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Bloger Farhod Mannopovning vafoti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, 11 mart kuni umumxalq xayriya hashari, O‘zbekistonda ko‘chalar qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatgan IIV marafoni, Turkiyadan qaytgan mudofaa vazirligining tibbiy otryadi, isitish mavsumi yakunlanishi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Jurnalistlar uyushmasi jurnalistlar va jamoatchilik vakillarining senzura haqidagi murojaatiga izoh berar ekan, «hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lmadik», deya ta’kidladi. Aksincha, so‘z erkinligini suiiste’mol qilish holatlari haqida xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev deputat va senatorlar, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan aholi tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Bosh qomus loyihasi Konstitutsion sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayevning Yashnobod hokimi Baxtiyor Rahmonqulovga hayfsan berish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi.
O‘rtacha sutkalik harorat +10 darajadan yuqori bo‘layotgani sababli 10 martdan Toshkent shahrida isitish mavsumi yakunlanadi.
Jomboy tumanida fuqarolarni qo‘rqitib, yalang‘och holatda tasvirga tushirish va ulardan pul undirish bilan shug‘ullangani aytilgan ayol va sportchilar ushlandi. Samarqand IIB ular bir yigitni shantaj qilib, 1500 dollar olayotganda qo‘lga tushganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting