IIO xodimlarini bayram bilan tabriklagan prezident, metroda sumkasida bomba borligini aytgan qiz 5 sutkaga qamalgani, 24/7 ishlashga o‘tadigan Milliy kutubxona, Kampir-obod suv omborining O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqani uchun qamalgan 20 nafar faol va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, Senatga yuborildi. Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat xizmatida tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikning oldi olinishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Prezident videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryo viloyatida 2023 yilda 207 mingta ish o‘rni yaratish vazifasini qo‘ydi. Jumladan, sanoatda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish mumkinligi aytildi.
Bishkek sudi Kampir-Obod suv ombori hududining O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqan 20 nafarga yaqin siyosatchi va faolni qariyb ikki oy muddatga hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qirg‘iziston Ombudsmani ommaviy hibslar yuzasidan xavotir bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevga mamlakatning milliy bayrami — Respublika kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston prezidentiga mustahkam salomatlik, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, qozoq xalqiga esa farovonlik, baxtu saodat va ravnaq tiladi.
Rishi Sunak Buyuk Britaniyaning 57-bosh vaziri bo‘ldi. Uni qirol Charlz III qabul qilib, yangi hukumat tuzishni so‘radi.
Urganchda «Chorvanasl» markazi mutaxassisi fuqaroning 50 gektar yerini yangi fermer xo‘jaligi tarkibida qayta rasmiylashtirib berish evaziga $60 ming olganida ushlandi. Voqeaga aloqador tuman hokimi o‘rinbosari ham $43 ming pora bilan qo‘lga olindi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev Milliy kutubxona «yaqin vaqt ichida» sutkasiga 24 soat ishlay boshlashini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa bunday va’dalar avval ham berilganini eslatdi.
Oasis Credit`ning direktori Mahmudali Guseynov kompaniyaning boshqa mamlakatlarda kredit berish tajribasi va xalqaro moliya tashkilotlarining resurslari haqida so‘zlab berdi.
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida moliya vaziri Timur Ishmetov ehtiyojmand oilalar soni oxirgi 3 yilda 600 mingdan 2 mlngacha ortganini ma’lum qildi. Amaliyotda ularning ayrimlari ehtiyojmand emas, yoki aksincha, ehtiyojmand oilalarni qamrab olish yetarli bo‘lmayapti, dedi u.
Toshkent metrosining «Alisher Navoiy» bekatida IIO xodimlariga sumkasini tekshirtirayotgan 19 yoshli qiz uning ichida bomba borligini aytgan. Sumkani ko‘zdan kechirish chog‘ida undan portlovchi moslama topilmagan. Sud yolg‘on ma’lumot bergani uchun qizga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi monitoringi davomida, savdo nuqtalarining 85 foizi soxta xamirturushlar sotishi aniqlandi. Agentlik ta’kidlashicha, bunday mahsulot odamlar salomatligiga xavfli hisoblanadi.
Seshanba kuni issiqxonalari gazdan uzilgan tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to‘plandi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, turli hududlaridan kelgan o‘nlab tadbirkorlar dastlab prezident Administratsiya rahbari bilan ko‘rishishga uringan, biroq ular Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirilgan.
Andijon viloyatining Andijon tumaniga Baxtiyor Mamatkarimov hokim etib tayinlandi. Xorazm viloyatining Gurlan tumaniga esa Umrbek Jumaniyazov hokim bo‘ldi.
Xalqaro kosmik stansiya fazo chiqindilari bilan to‘qnashuvdan qochish maqsadida manyovrni amalga oshirdi. NASAning xabar berishicha, bu «Kosmos-1408» sovet sun’iy yo‘ldoshi bo‘lagidan uzoqlashish uchun qilingan.
Prezident ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan soha vakillarini tabriklab, barcha jabhalar qatori IIO faoliyatini liberallashtirish, sohada ochiqlik va oshkoralik muhitini kuchaytirish, «insonparvar va xalqchil tizimga» aylantirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini 300−400 dollar evaziga olib berishni va’da qilgan gumondor shaxslar ushlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi qishki jadvalga o‘tmoqda. Mavsumda Malayziya va Tailandga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Shuningdek, Farg‘onadan Dubayga qatnovlar amalga oshiriladi, Toshkentdan Sharjaga parvozlar haftasiga uch martaga ko‘paytiriladi.
Yangiyo‘lda 32 sotix yerni $29 ming evaziga sotishda gumonlanayotgan shaxslar aniqlandi. Ulardan biri tuman Kadastlar palatasi muxandisi ekanligi aytilmoqda. Andijonda esa fuqaro 3,5 gektar yerni auksionda yutib berishni va’da qilib, $1000 olganda ushlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari ko‘zg‘atildi.
Merit kompaniyasi o‘zining Merit College talabalar maktabini ochmoqda. Kompaniya kollejning o‘quv dasturi, afzalliklari, kirish imtihonlari bilan batafsil tanishtirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting