9 va 10 iyul kunlari poytaxt avtobuslari yakshanbalik, 11 va 12 iyul kunlari esa shanbalik jadval asosida harakatlanadi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Qoraqalpog‘istondagi voqealarni shaffof va mustaqil tergov qilish kerakligini ta’kidladi va internetga ulanishni cheklamaslikka chorladi.
6 iyul kuni Toshkent shahar IIBBga Yashnobod tumanidagi Zo‘r TV telekanali binosi minalashtirilgani to‘g‘risidagi xabar kelib tushdi. Hudud o‘rganilganda, xabar tasdiqlanmadi. Boshqarma tergov olib bormoqda.
Xorijda ishga joylashtirishni va’da qilayotgan xususiy bandlik agentliklarining aksariyati fuqarolarni aldaydi, deya xabar berdi Mehnat vazirligi. O‘zbekistonda atigi 6 ta xususiy agentlik xorijda ishga joylashtirish uchun litsenziyaga ega, yana 3 tasining faoliyati to‘xtatilgan.
Jizzax viloyatida «Huaxin» o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasida mexanizator bo‘lib ishlovchi xitoylik fuqarosi Man Ming zavodda kuchukka shavqatsiz munosabatda bo‘lgani aniqlandi. Zafarobod tuman IIB uni ma’muriy jarimaga tortdi.
Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov xorij tajribasidan kelib chiqib, 4 kunlik ish haftasiga o‘tish taklifini bildirdi. Shuningdek, u Mehnat vazirligidan so‘rovnomalar orqali davlat tashkilotlarida mehnat unumdorligini baholab chiqishni so‘radi. Mazkur xabar Daryo nashridan o‘chirildi.
1 sentabrdan barcha avtomaktablarning reytingi tuziladi. Bunda bitiruvchilarning «prava» uchun imtihondagi natijalari, jarima ballari, YTH sodir etganligi, qolaversa, ilmiy darajaga ega o‘qituvchilar soni inobatga olinadi. Yakunda maktablar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.
Toshkentda «Hizb ut-Tahrir» tashkiloti a’zosi ekanligi gumonlanayotgan shaxs 10 nafardan ortiq sinfdoshlariga Telegram guruhi orqali ekstremistik mazmundagi materiallar tarqatib kelgani aytilmoqda. Ushbu guruh a’zolari «tahrirchilar» faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda gumonlanib, hisbga olindi.
Hukumat qarori bilan 2024 yilgacha 13 ta tumandagi paxta maydonlarida hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya beriladi. Bunda har bir gektarga 1 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Talabgorlar 25 iyulgacha ariza bilan murojaat qilishi lozim.
Senatning 28-yalpi majlisi 8 iyul kuni chaqiriladi. Unda soliq maslahati, aholini tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarda muhofaza qilish, Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishga oid qonunlar ko‘rib chiqiladi. Vazirlar Mahkamasi Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risida hisobot ham beradi.
AQSh Davlat departamenti Nukusdagi voqealar bo‘yicha xavotirini hamda qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi. AQSh O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, hukumatni fundamental insoniy huquqlarni, jumladan tinch yig‘ilish va fikr bildirish erkinligini himoya qilishga chaqirdi.
O‘zbekistonga Afg‘onistondan tushgan 5 reaktiv snaryad, 7500 so‘mgacha ko‘tarilgan Ai-80, bolakayni qiynagan massajist, Qirg‘izistonda uchrashadigan MO davlatlari rahbarlari, Qoraqalpog‘istondagi fojea, Registonda nikohdan o‘tgan AQShliklar va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 5 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Shavkat Mirziyov va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon orqali muloqotda Rossiya prezidenti davlat rahbari tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy choralarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
5 iyul kuni O‘zbekiston chegara hududiga Afg‘oniston hududidan otilgani taxmin qilinayotgan 5 ta reaktiv snaryad uchib tushdi. Ular portlamagan, insoniy qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q, deya xabar qildi O‘zbekiston TIV.
Yakkasaroy tumanida 42 yoshli fuqaroni yo‘ldan o‘tayotgan vaqtida mashina urib ketdi. U zarba natijasida yiqilgan va shu yo‘nalishda kelayotgan boshqa bir avtomobil tagida qolib ketgan. Buning oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan. Haydovchilar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro yosh bolakayni qiynab, massaj qilgani aks etgan video tarqaldi. Soha mutaxassislari bunday massajdan so‘ng, suyaklar sinishi mumkinligini ta’kidlashdi. SSV shaxs diplom hamda malaka toifasiga ega emasligini aniqladi va uning ustidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi.
Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi protokollarni imzoladi. Hujjatlarni barcha 30 a’zo davlat ratifikatsiya qilgandan so‘ng, davlatlar ittifoqqa a’zo bo‘ladi.
«Zamin» fondi «O‘zsuvta’minot» va XTV bilan hamkorlikda Buxorodagi umumta’lim maktablarida suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena loyihasini yakunladi. Unga ko‘ra, G‘ijduvonda beshta maktab ichimlik suvi bilan ta’minladi. Qolaversa, maktabga yaqin bo‘lgan xonadonlar ham ushbu suvdan foydalanishi mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvi 21-iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tadi.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 23,45 so‘mga qimmatlab, 10 860,14 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa pasaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting