Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz, shuningdek, Rossiya kompaniyalari va iqtisodiyot tarmoqlariga nisbatan sanksiyalar O‘zbekistondagi faoliyatga ta’sir qiladi, deb ta’kidladi S&P. Mamlakat Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgan davr mobaynida tashqi shoklar va noaniqliklarga bardosh beradi, ammo xavflar ham mavjud.
Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning oziq-ovqat importi hajmi 48,9 foizga oshib, 1,12 mlrd dollarni tashkil qildi. Ta’minotning asosiy qismini bug‘doy, xom shakar, margarin va aralash yog‘lar, go‘sht va kartoshka tashkil qiladi.
Turkmaniston orqali yuklarini tranzit yuborishga ruxsat olgan O‘zbekiston, Toshkentga kelgan FIFA kubogi, Braziliya prezidentiga hamdardlik yo‘llagan Shavkat Mirziyoyev, Farg‘onada qizini kaltaklab, o‘ldirib qo‘ygan ota, yangi tayinlovlar va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 6 iyundagi xabarlar dayjestida.
Hukumat qarori bilan Botir Parpiyev mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri maslahatchisi etib tayinlandi. Uning lavozimi maqom bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimiga teng.
Shavkat Mirziyoyev Braziliyaning shimoli-sharqiy hududlarida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan ushbu mamlakat prezidentiga hamdardlik yo‘lladi. Ofat natijasida halok bo‘lganlar soni 128 kishiga yetgan.
O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish hamda o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish chorasini belgilash taklif qilinmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqotda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida fuqaro o‘z tomorqasida 329 tup ko‘knori yetishtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqandda turistlarga elektroshoker qo‘llagan IIB xodimlarining ikki nafar rahbari ham lavozimidan ozod etildi. Viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur voqeadan keyin xodimlarga fuqarolar bilan qanday muomalada bo‘lish va elektroshoker qo‘llash tartibi bo‘yicha yo‘riqnoma tarqatilgan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi YUNISEFdan 2150 ta kompyuter qabul qilib oldi, bu mamlakatning samarali vaksina va immunizatsiya boshqaruvini joriy etish imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori lavozimiga Abdushukur Sadikov tayinlandi. U mazkur lavozimda Nodirjon Tursunovning o‘rnini egalladi.
O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari ishiga to‘sqinlik qilish, ularga noqonuniy topshiriqlar berish uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan jismoniy shaxs BHMning 5 baravari, mansabdor esa 7 baravari miqdorida jarimaga tortiladi yoki 10 sutkaga qamoqqa olinadi.
Tbilisidagi «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi turnirda o‘zbekistonlik dzyudochilar bitta kumush va to‘rtta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Mo‘g‘uliston O‘zbekistonga go‘sht mahsulotlari eksportini oshirishni taklif qildi. O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga esa oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish hajmi oshiriladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Shanba kuni Uchko‘prik tumanida 16 yoshli qizini bir yigit bilan uchrashib yurganini ko‘rib qolgan ota uni urib, tan jarohatlari yetkazgani aytilmoqda. Buning oqibatida qiz vafot etgan. Gumondor hibsga olindi, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Rossiyalik turist Polina Yermakova O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib Toshkentda dron olib kirgani uchun hisbga olingandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bojxona xodimi kvadrokopterni olib kirishga e’tiroz bildirmagan. Sud uni oqladi, biroq dron undan tortib olindi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 29,91 millionni tashkil etmoqda. 100 kishiga 84 ta abonent to‘g‘ri kelmoqda. Har beshinchi foydalanuvchi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.
Samarqand viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida noqonuniy valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Ulardan biri 5000, boshqasi 2800 dollarni sotishga uringani aytilmoqda. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand viloyatida mashina 4 yoshli qizchani piyodalar o‘tish joyida urib yubordi, u vafot etdi. YHXX mahallada suhbat uyushtirib, aholiga «ogohlikka chorlovchi» bukletlar tarqatdi.
Hafta mobaynida O‘zbekiston bo‘ylab havo ochiq va issiq bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati hududlarga qarab, +35…+42 darajagacha ko‘tariladi. Ayrim tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi, shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, juma kuni esa ba’zi joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting