Sentabrda O‘zbekistonda sezilgan inflyatsiya darajasi 13,3 foizgacha pasaydi. Daromadi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarning aksariyati non va un, 10−15 mln so‘m bo‘lganlar benzin va yoqilg‘i, 15 mln so‘mdan yuqori bo‘lganlar esa meva va sabzavotlar narxi sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov va Braziliyaning AQShdagi elchisi Mariya Viotti uchrashuvida Braziliya hukumati Toshkentda elchixona ochish masalasini o‘rganib chiqayotgani ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda 2024-yil 1-yanvardan yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi.
Termizdagi “Ayritom” chegara bojxona postida Afg‘onistondan kirib kelgan yuk poyezdining ostida 2,14 kg opiy yashirilgani aniqlandi.
O‘zbekiston Ekologiya vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Toshkent botanika bog‘i faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha hujjat loyihasini tayyorlaganini ma’lum qildi. Vazirlik uning madaniyat va istirohat bog‘iga aylantirilishini tasdiqlamaydi, deyiladi bayonotda.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qonun loyihasi, zilziladan so‘ng Afg‘onistonga yuborilgan insonparvarlik yordami, elektroskuter va samokatlarni davlat ro‘yxatiga olish rejasi, ishdan olingan “Afrosiyob” poyezdi boshlig‘i, Yandex Go atrofidagi yangiliklar va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kun dayjestida.
Alisher Amirov Surxondaryo viloyati hokimning qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. Bunga qadar u Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Sud qarorlari bilan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i hududidagi 11 noqonuniy bino buzib tashlandi. Ushbu hududdan 39,8 gektar yer ijaraga va qurilish uchun noqonuniy ravishda berilgani haqida avvalroq yozgan edik. Ayni paytda buzilgan binolar o‘rniga daraxtlar ekilmoqda.
Poytaxtda harakatlanuvchi 14 va 89-sonli avtobuslarning yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Toshkent viloyati Olmaliq shahrida uy egalari jo‘mrakdan qonli suv kelayotgani, bolalar kasal bo‘lib qolganidan shikoyat qildi. Hokimlikka ko‘ra, holat kushxonadagi oqova suv va ichimlik suvi quvuri teshilgani uchun qo‘shilib ketishi sababli kuzatilgan. Ichimlik suvi quvuri yangilanmoqda, deyiladi xabarda.
7-oktabrdagi kuchli zilzilalardan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga O‘zbekistondan qariyb 100 tonna insonparvarlik yordami yetkazildi. Jo‘natma tarkibida oziq-ovqat va birlamchi tibbiy yordam vositalari bor.
Yevroparlament O‘zbekiston bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi, unda mamlakatning yutuq va kamchiliklari, YI tavsiyalari keltirilgan. “YI O‘zbekiston uchun ezgulik kuchi bo‘lishda davom etadi… Shu bilan birga, do‘stlar singari kamchiliklar haqida ochiq gapiramiz”, — dedi Yevroparlament deputatlaridan biri.
IIV yo‘l harakati qoidalariga elektrosamokat va skuterlar harakatini tartibga soluvchi o‘zgartirishlarni kiritmoqchi. 14 yoshga to‘lmaganlarga ularni boshqarishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Ularda piyodalar yo‘laklarida 6 km/soat, yo‘llarda esa 20 km/soat tezlikda harakatlanish mumkin bo‘ladi.
Qonunchilik palatasi Surayyo Rahmonovani Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili etib tasdiqladi. U avval Bosh prokuratura, AOKA va Senatda ishlagan. Nomzod endi Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak.
O‘zgidromet juma kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va tog‘li hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishidan ogohlantirdi. Harorat kunduzi +10, kechasi +2 darajagacha pasayishi mumkin.
Sentabr oyida O‘zbekistonda aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari pasaydi. Aholi va tadbirkorlarning valyuta kursi o‘zgarishidan xavfsirashi biroz pasaygan, lekin yoqilg‘i va energiya narxi oshishini qayd etgan respondentlar ulushi ketma-ket beshinchi oy oshmoqda.
Tarmoqlarda xorijlik sayyohning “Afrosiyob” poyezdidagi joyini ekonom klassdan vip klassga o‘zgartirish uchun poyezd boshlig‘iga qo‘shimcha pul bergani aks etgan video tarqaldi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi holat iyul oyida sodir bo‘lgani va boshliq ishdan olinganini bildirdi.
Antimonopoliya qo‘mitasi Yandex Go O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganiga izoh berib, bu uning bozordagi ustun mavqeini aniqlashga ta’sir etmasligini ma’lum qildi. Qo‘mita tez kunlarda raqamli platforma bo‘lgan agregatorlar xizmatlari bozorining tahlili natijalarini e’lon qilmoqchi.
Buvayda tumanidagi “Bumozor” MFY raisi tegishli choralar ko‘rmasdan 5 yoshli 6 ta archa ko‘chatlarini qurib qolishiga olib kelgani uchun 330 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Isroil HAMAS guruhining harakatlariga javoban G‘azo sektorini “to‘liq blokada” qilishga buyruq berdi. Falastin SSV bemorlar ko‘payib ketgan kasalxonalarga shoshilinch tibbiy yordam ta’minotini yetkazib berish uchun xavfsiz yo‘lak ochishga chaqirmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting