O‘zbekistonda suv yo‘qotilishini kamaytirish maqsadida kanallarni betonlash dasturini davom ettirish rejalashtirilmoqda. 2025-yilda bu maqsadga 800 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Prezident betonlangan kanallarda suv oqimini tezlashtirish hisobiga kichik GESlar qurish imkoniyatini qayd etdi.
2024-yilda sement ishlab chiqaruvchilarga yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq rejalashtirilgan 2 barobar o‘rniga 4 barobar kamaytirilgandi. Bu imtiyoz hisobiga joriy yilda ularning ixtiyorida 250 mlrd so‘m qoladi. Ayrim qurilish materiallari uchun alohida soliq stavkalarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
2024-yilda o‘rtacha global harorat rekord darajaga yetishi kutilmoqda. 2015-yilgi Parij kelishuvi doirasida mamlakatlar global isishni 1,5 daraja Selsiygacha cheklashga kelishib olgan, ammo bu yil ko‘rsatkich mazkur chegaradan oshishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika bo‘yicha o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinayotganini ta’kidladi. Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida esa bu ko‘rsatkich 2−3 barobar yuqori. To‘rtta viloyatda nasoslar yangilanmagani uchun suv tannarxi oshib ketmoqda.
Endi chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi. Bu vazifaga Qurolli Kuchlar zaxirasidagi harbiylar ishga qabul qilinadi. Shuningdek, musiqa fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahorati baholanib, malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Havoning kuchli ifloslanishi saqlanib qolayotgani sababli Pokistonning Lahor shahrida yuzlab odamlar nafas olish muammolari bilan kasalxonaga yotqizildi. Hukumat maktablardagi barcha sinflarni onlayn ta’limga o‘tkazdi va aholini yanvar oyi oxirigacha ko‘chalarda niqob taqishga chaqirdi.
JSTga a’zolik masalasida “tashkilotga yaqinda a’zo bo‘lgan davlatlar bilan muzokaralar olib borish osonroq, chunki ular bu jarayon naqadar murakkab ekanini hali unutishmagan”, — dedi prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov. U, shuningdek, notarif to‘siqlar muammosiga ham to‘xtaldi.
️2025-yildan boshlab har yili sinxron suzish bo‘yicha Toshkent shahrida “Suv parisi”, suzish bo‘yicha esa Samarqand viloyatida Silk Water xalqaro turnirlari o‘tkaziladi. 2026-yildan esa tajriba tariqasida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda 6×15 metr o‘lchamli suzish havzalari barpo etiladi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida 4 kishi kafeda tayyorlangan ovqatdan zaharlanib, kasalxonaga yotqizildi. Holat Sanepidqo‘mita xodimlari tomonidan nazoratga olingan.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni barcha mavjud vositalar bilan qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi, deb ta’kidladi elchi Toyvo Klaar. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi “yaqin kelajakda” Bryusselda, YI-Markaziy Osiyo birinchi sammiti esa 2025-yilda bo‘lib o‘tishi mumkin.
Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman bo‘limi mansabdor shaxslari 202,9 mlrd so‘mlik 200 ta ijro ishini qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatgani aniqlandi. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Payshanba kuni Urganch tumanining Gurlan ko‘chasidagi kiyim do‘konlarida yong‘in chiqdi. 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, 1 soat ichida alangani o‘chirdi. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmadi.
Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi butunlay taqiqlanmoqda. Mamlakat bu jarayonni tartibga solish sohasida jahon standartini o‘rnatmoqchi. Avstraliya raqamli sanoat assotsiatsiyasi buni “zamonaviy muammolar uchun o‘tgan asrdagi yechim” deya atadi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan fuqarolar saqlashi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlandi. Shuningdek, davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlandi.
Donald Tramp jamoasi Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish rejalaridan kamida 20 yilga voz kechmoqchi, deb yozadi WSJ. Bu Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha takliflarning bir qismidir. AQSh, shuningdek, Rossiyaning kelgusi tajovuzlarini to‘xtatish uchun Ukrainaga qurol berishni davom ettirishi mumkin.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan 20 foiz miqdorda cheklov (spred) joriy etdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols mamlakat moliya vaziri Kristian Lindnerni “ko‘pincha uning ishonchini oqlamagani va murosaga kelmagani” uchun ishdan oldi. Shuningdek, “svetofor koalitsiyasi” deb ataluvchi hukmron koalitsiya parchalanib ketdi. Yanvarda Bundestagda hukumatga ishonch masalasi ovozga qo‘yilishi kutilmoqda.
Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Hujjat uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qo‘qon shahrida “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotini qo‘llab-quvvatlashda aybdor deb topilgan 11 kishi 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Prezident xalq tabobati sohasida ishlash huquqi yo‘q shaxslar tomonidan tashxis qo‘yish va davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilaydigan qonunni imzoladi. Bundan tashqari, xalq tabobatida ruxsat etilmagan usullardan foydalangan holda bunday xizmatlarni reklama qilish taqiqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting