Vazirlar Mahkamasi majlisida davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyati tanqid qilindi. Jizzax viloyatidan boshqa barcha hududlar saytida ochiq ma’lumotlar uch oygacha yangilanmagani ta’kidlandi. OAV va jamoatchilik bilan tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘ymagani uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev va Andijon shahar hokimi Baxromjon Haydarov ogohlantirildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori bilan deputat Murod Nazarovning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. U o‘z arizasiga ko‘ra deputatlikdan ketgan.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2022−2025-yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Birinchi bosqich 1-sentabrdan boshlanadi.
Poytaxtning Chilonzor tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida uch nafar xodim benzin paridan zaharlanib, hushini yo‘qotdi. Ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining toksikologiya bo‘limiga yotqizilgan.
Meteorologlar mart oyida Antarktidada rekord darajadagi yuqori haroratni (o‘rtacha oylik darajadan 40 daraja yuqori) va qit’aga xos bo‘lmagan yomg‘irlarni qayd etishdi. Antarktidadan kattaligi Rim yoki Nyu-Yorkka teng muz bo‘lagi ajralib chiqdi.
Toshkentning Olmazor tumanidagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ta’mirlanayotgani tufayli bog‘ga kirish 30 aprelgacha to‘xtatiladi.
Yanvar-mart oylarida ulgurji iste’molchilar tomonidan 28 mln kubdan ortiq tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani ma’lum qilindi. Bu bilan gaz ta’minoti korxonalari manfaatlariga 25 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Oqoltin MFYda fuqarolar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi. Viloyat IIB fermer o‘z dala maydonini shudgor qilayotganda aholi vakillari qarshilik ko‘rsatganini ma’lum qildi. Fuqarolar esa fermer yeridan aholiga tarqatilyapti, deb eshitib kelganlarini ta’kidladi. «Xalqqayam yer bersin, bolalarimiz Rossiyada ishsiz yuribdi», — dedi mojaro ishtirokchilaridan biri.
Yil boshidan buyon Rossiyadan O‘zbekistonga 133 ming nafar mehnat muhojiri qaytgan bo‘lsa, shundan 50 ming nafari mart oyida keldi, deb xabar qildi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi. Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov respondentlarning 60 foizi hali qaytishni rejalashtirmaganini ko‘rsatdi. Shuningdek, Rossiyada ish haqini vaqtida ololmayotgan o‘zbekistonliklar soni keskin ortgani aytildi.
O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston hududidan noqonuniy yuk olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslarga qarata o‘q uzdi. Ularning ikki nafari halok bo‘ldi, qolganlari Qirg‘iziston ichiga qochib kirgan.
1 dekabrdan qoidabuzar haydovchilar uchun jarima ballarini hisoblanishi, hokimlarga o‘z hududida radar o‘rnatishga ruxsat berilgani, jismoniy shaxslarning to‘lov hujjatlariga STIR o‘rniga JSHSHIRni kiritishi, 1 sentabrdan boshlanadigan maktab direktorlarini sertifikatlash tizimi, «Gazeta.uz» da e’lon qilingan maqolaga munosabat bildirgan Intellektual mulk agentligi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 5 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Forbes’ning 2022-yilgi milliarderlar reytingida SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask 219 mlrd dollar bilan 1-o‘rinni egalladi. Fransuaza Bettankur Mayers (74,8 mlrd dollar) dunyoning eng boy ayoli bo‘ldi. Shuningdek, Rossiyaning Top-15 milliarderlari boyligining kamaygani qayd etildi. Dunyoning eng ko‘p milliarderlari yashaydigan shaharlari va davlatlari ro‘yxati ham e’lon qilindi.
Oliy sud muqaddam 6,5 yilga qamalgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishiga kassatsiya tartibida berilgan shikoyatni ko‘rib chiqib, hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.
The New York Times jurnalistlari Ukrainaning Bucha shahridan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilib, tinch aholining jasadlari ko‘chalarda mart oyi o‘rtalarida, shahar hali Rossiya harbiylari nazorati ostida bo‘lgan paytda paydo bo‘lgan degan xulosaga kelishdi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 23,43 so‘mga arzonlab, 11 385,07 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
1-sentabrdan maktab direktorlarini sertifikatlash tizimi joriy etiladi va shunga ko‘ra ular lavozimga tayinlanadi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev “yangi o‘quv yiliga qadar tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan 173 ta maktab tashkil etilishi shartligi va bunga viloyat, shahar va tuman hokimlari javobgar ekanligini” ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kelgusi 3−4 yilda barcha o‘qituvchilar yangi metodika asosida o‘qitiladi. Buning uchun har bir viloyat kesimida «trenerlar guruhlari» shakllantiriladi. Ushbu maqsadlar uchun qo‘shimcha 100 mln dollar yo‘naltiriladi.
5 aprel kuni Humo milliy to‘lov tizimida mablag‘larni ikki marotaba yechib olish holatlari kuzatildi. Shu sababli nosozlik bartaraf etilguniga qadar Humo o‘z terminallari va to‘lov ilovalari ishini vaqtincha chekladi.
Prezident maktablardagi ta’lim sifati va muallimlar salohiyati pastligini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda maktabning eng katta muammosi o‘qitish metodikasi mutlaqo eskirganligida. «Afsuski, maktab ta’limi eski qolipdan chiqa olmayapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Qolaversa, yanvardagi yig‘ilishda yuklatilgan topshiriqlarni bajarmagan ayrim hokimlarga oxirgi marta 3 oy muddat berildi, keyin, jiddiy chora ko‘riladi.
DXX Toshkentning bir qator tumanlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aylanmasiga chek qo‘ydi. Shuningdek, Yunusobod tumanida mariaxuana tayyorlanadigan narkolaboratoriya aniqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting