Madaniy meros agentligi Toshkentdagi 150 dan ortiq fasad qismida tarixiy-badiiy ahamiyatga ega mozaikalar bo‘lgan uylarni davlat himoyasiga olish ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Mozaikalar madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgach, ularga zarar yetkazganlar jazolanadi.
1 mart holatiga ko‘ra, banklarning muammoli kreditlari (NPL) miqdori 265 mlrd so‘mga pasayib, 17 trln 212 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. NPL kamayishida «Ipoteka-bank», «O‘zsanoatqurilishbank» va «Xalq banki» ushbu kreditlarning bir qismidan halos bo‘lgani asosiy rol o‘ynadi.
O‘zbekistonga kelayotgan Turkiya prezidenti, «Ochiq budjet» portalida mablag‘ ajratishga ovoz berish jarayonini «tilanchilik» deb atagan «Adolat» partiyasi vakili, Surxondaryoda kartoshkaga o‘xshatib qadoqlangan 154 kg «gashish», Ukrainadagi urush barchani birlashtirganini aytgan Xarkovdagi «Navro‘z» restorani boshqaruvchisi, Qarshi shahar hokimi har ikki kunda o‘zi qabul qilgan bitta qarorni bekor qilishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 28 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12,57 so‘mga pasayib, 11 474,30 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Yirik kompaniyalar Rossiyani tark etishi fonida O‘zbekiston mintaqaviy sanoat va tijorat habiga aylanish uchun noyob imkoniyatga ega, deb hisoblaydi tadbirkor Zafar Hoshimov. «„Xavf va tahdid sotuvchilari“ bizni yana qo‘rqitishiga va o‘tmishga qaytarishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi u.
Sudyalar oliy kengashi 2021 yilda 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgani, yana 220 nafar sudya kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun intizomiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi. 2022 yilning birinchi choragida esa, 22 nafar sudya ishdan olingan, 80 nafariga intizomiy chora qo‘llanilgan.
28 mart holatiga e-qaror.gov.uz elektron tizimida 221 ta viloyat, tuman, shahar hokimiyatlari qabul qilgan 76 mingga yaqin hokim qarorlari haqida ma’lumot mavjud. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda hokimiyatlar bir yil ichida kuniga o‘rtacha 177 ta qaror qabul qilgan. Qarshi shahar hokimi esa o‘rtacha har ikki kunda o‘zi tomonidan qabul qilingan bitta qarorni bekor qiladi.
«Adolat» partiyasi vakili Gulniso Saidova «Ochiq budjet» portalida fuqarolar muammolar yechimi bo‘yicha tashabbuslarni taklif etib, bunga ovoz to‘plash jarayonini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu o‘zlariga qadrdon bo‘lgan tashkilot, maktab, bog‘cha va hokazolarga davlatning mablag‘ ajratilishi uchun tilanchilikdir». So‘nggi uch oyning o‘zida platformada 69,7 ming tashabbusga 5,9 mlnta ovoz berilgan.
Shveysariya kompaniyasi Davlat ekologiya qo‘mitasiga elektroliz orqali suvni 99,99% gacha viruslar, shu jumladan COVID-19, bakteriyalar va boshqalardan tozalaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taklif berdi. Ekoqo‘mita hamkorlik imkoniyatlarini tegishli vazirlik va idoralar bilan ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
Surxondaryo viloyatidagi «Ayritom» chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk mashinasiga ortilgan 22 tonna kartoshka orasiga 154 kg «gashish» yashirib qo‘yilgani aniqlandi. Ushbu giyohvandlik moddasi kartoshkalar ko‘rinishida qadoqlangan.
Sirdaryoning Sayxunobod tumanida Lacetti haydovchisi YPX xodimlarining ko‘rsatmasiga bo‘ysunmasdan, qochishga urindi. Avtomobil saloni ko‘zdan kechirilganida, ko‘p miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan. Haydovchini ushlash aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.
Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistonga 60 mln dollar miqdorida kredit ajratmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobiga mamlakatda soliqlarni hisoblash va to‘lashni avtomatlashtirish darajasini 90 foizga, QQS undirishni 75 foizga yetkazish, soliq hisobotlarini tayyorlash va topshirish vaqtini ikki barobarga qisqartirish maqsad qilingan.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 29−30 mart kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» tashkil etildi.
Mart oyi oxirigacha respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat seshanba kuni ba’zi hududlarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat janubda +25 darajagacha ko‘tariladi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi katta mutaxassisi fuqaroga uy olish uchun subsidiya ajratib berish evaziga 1200 dollar pora olganlikda gumon qilinmoqda. Tezkor tadbir davomida uning yonidan «marixuanna» va uni iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan moslama ham topilgani aytilmoqda.
Uzbekistan Airways Namangan — Olmaota — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Parvozlar haftada ikki marta amalga oshiriladi.
Muzrabot tumanida korxona rahbari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun ajratilgan 220 ming dollar kredit mablag‘ini o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda. Uning asl bahosi 737,8 mln so‘m bo‘lgan bino narxini sun’iy ravishda oshirib, uni 2,5 mlrd so‘mga garov ta’minoti sifatida qo‘ygani ham aniqlandi.
AQShda «Oskar» mukofotining 94-marosimida Uill Smitt eng yaxshi aktyor, Jessika Chesteyn esa yilning eng yaxshi aktrisasi deb e’lon qilindi. Eng yaxshi badiiy film nominatsiyasida CODA e’tirof etildi. «Dyuna» filmi 6 ta «Oskar» sohibi bo‘ldi.
Dushanba kuni O‘zbekiston COVAX dasturi doirasida koronavirusga qarshi yana 2,1 mln dozadan ortiq Moderna vaksinasini qabul qilib oldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting