Investorlar muvaffaqiyatini kafolatlashini aytgan prezident, yil oxirigacha o‘zgarmaydigan ipoteka va ta’lim kreditlarining foiz stavkalari, Autodriver Study atrofidagi voqealar, shakar narxi oshishiga “vahimachi tadbirkorlar” sababchi ekanligi, YPX xodimi suratini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlash taklifi va boshqalar — “Gazeta.uz” ning 24-martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Chorshanba kuni Ukrainadan yana 146 nafar o‘zbekistonlik, shu jumladan, 42 nafar ayol, 12 nafar voyaga yetgaman bola va 2 nafar chaqaloq Polsha orqali olib kelindi. Evakuatsiya boshlangan kundan to hozirga qadar 27 ta aviareys yordamida jami 6030 nafar fuqaro vatanga qaytarildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonim hamda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakavani qabul qildi. Uchrashuvlarda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni tayyorlashga kelishib olindi.
Afg‘onistondagi maktablar 23 mart kuni barcha o‘quvchilar — ham o‘g‘il, ham qiz bolalar uchun ochilishi kerak edi, biroq o‘qish boshlangan kuni 6-sinfdan katta o‘quvchi qizlarlarga darsga kirishga ruxsat berilmadi yoki dars boshlanganidan bir necha soat o‘tib ketish buyrug‘i berildi. «De-fakto hokimiyatning layoqatsizligi, ularning bir necha bor va’da berishiga qaramasdan, 6-sinfdan kattaroq qizlar uchun maktablar qayta ochilmasligi chuqur umidsizlikka tushirdi. Bu Afg‘onistonga jiddiy zarar yetkazadi», — dedi BMT Bosh kotibi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi. Quvvati 1,56 GVt va umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan IES oxirgi yillarda mamlakatda quriladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo‘ladi. Loyiha Germaniyaning Siemens Energy, Fransiyaning YeDF va Niderlandiyaning Stone City Energy kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Olimjon Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini bunga qadar Vazirlar Mahkamasida mas’ul xodim sifatida ishlagan Murodjon Majidov egalladi.
Dollar so‘mga nisbatan 25,68 so‘mga arzonladi va 11 483,91 so‘m etib belgilandi. Yevro ham arzonladi, rubl esa so‘mga nisbatan qimmatlashdi.
Jahonda sodir bo‘layotgan voqealar fonida ba’zi eksportchilar boshqa logistika koridorlaridan foydalanishga majbur bo‘lganligi sababli ularning transport-logistika xarajatlari oshdi, dedi ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov. Shundan kelib chiqib, Eksportni rag‘batlantirish agentligi transport xarajatlari uchun kompensatsiya miqdorini oshiradi, qolaversa, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan ham yuk tashish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Qozog‘iston bilan shakar va bug‘doyni temir yo‘l orqali tashishni 30 foizgacha arzonlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Oxirgi ikki savdo kunida shakarning birja narxi qariyb 30 foizga — 8735 so‘mgacha arzonlashdi. Xorazm shakar zavodi vakili narxlarning oshishida «vahima ichida katta hajmdagi mahsulotlarni sotib olib, narxlarning sun’iy ravishda oshishiga sabab bo‘lgan» tadbirkorlarni aybladi.
26−27 mart kunlari to‘qqizta viloyatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin xavfi e’lon qilindi.
IIV YPX xodimining foto va videosini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlashga oid taklif nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini e’lon qildi. Jamoatchilik vakillari esa bunga qarshi munosabat bildirdi, jumladan, Davletovuz yozishicha, «bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam». Nurbek Alimov esa bu bilan jamoatchilik nazorati yo‘qolishini ta’kidladi. Xushnudbek esa VMning bunday cheklov o‘rnatishga vakolati yo‘qligini eslatib o‘tdi.
1 iyun kuni futbol bo‘yicha Yevropa va Janubiy Amerika qit’alari chempionlari o‘rtasida superkubok o‘yini o‘tkaziladi. Italiya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv Londonning Uembli stadionida bo‘lib o‘tadi.
24 mart — Butunjahon silga qarshi kurash kunida USAID Sog‘liqni saqlash vazirligiga 16 ta GeneXpert diagnostika uskunasini sovg‘a qildi. Ushbu tizimlar bir kun ichida sil kasalligini diagnostika qilish imkonini beradi, boshqa muqobillari esa natijalarni 80 kunda chiqarib beradi.
Joriy yilda Navoiy viloyatining Karmana, Qashqadaryoning Shahrisabz shahri va Kitob tumanida markaziy oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha olti yillik loyihalar boshlanadi. Ularning umumiy qiymati 119 mln yevroni tashkil etadi, shundan 105 mln yevrosi Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan kredit shaklida taqdim etilgan.
Prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlab, O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydigan real haqiqat ekanligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlarga yuzlanib, «2026 yilga qadar iqtisodiyotdagi eksklyuziv huquqlar va 25 dan ortiq faoliyat bo‘yicha monopoliyalar tugatilishini» ma’lum qildi. U shuningdek, kelgusida 7 ta yo‘nalish doirasida ishbilarmon uchun yaratiladigan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Deputat Rasul Kusherbayev Toshkentdagi haydovchilik guvohnomasini beruvchi Yagona imtihon markazi ochilishida prezident qarori talablari buzilganini ma’lum qildi. Kompaniya asoschisi Komil Allamjonov esa ayblovlarni rad etib, deputatga «eski korrupsiyalashgan tizim ko‘proq yoqishi mumkin"ligini taxmin qildi. Yaqinda markaz valyuta kursi va boshqa mamlakatlardagi vaziyat bilan izohlagan holda narxlarni oshirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, muqobillar yo‘qligiga qaramay, markaz ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniyalar reyestriga kiritilmaganiga e’tibor qaratildi.
«Toshkent xalqaro marafoni» o‘tkazilishi munosabati bilan poytaxtning ayrim ko‘chalari 25 va 27 mart kunlari transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.
O‘zbekistonda yangi koronavirus holatlari soni keskin kamayib bormoqda. Chorshanba kuni faqat poytaxtda 6 kishida koronavirus aniqlandi. Oxirgi bor bunday past ko‘rsatkich pandemiya boshida — 2020 yil martda qayd etilgan edi.
Ishtixon tuman Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi tadbirkorga ajratilgan yer hujjatlarini qayta rasmiylashtirib berish uchun 12 ming dollar so‘ragani ma’lum qilindi. Gumonlanuvchi shundan 6 ming dollarini tanishi orqali olgan vaqtida ushlangan.
AQSh Davlat departamentini boshqargan birinchi ayol Madlen Olbrayt 84 yoshida vafot etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting