Yil boshidan buyon so‘m kursi AQSh dollariga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi. Shu sababli Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tardi. MB raisining aytishicha, ushbu qaror milliy valyuta kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu qaror fonida dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 62,40 so‘mga pasayib, 11 509,59 so‘mni tashkil qildi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi elchisi Kim Xi Sangdan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilib oldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytirilishini ma’lum qildi. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hokimligi xodimi fuqaroga auksion savdosida 500 gektarlik yaylovni 35 ming dollarga evaziga olib berishni va’da qilib, pulning 20 ming dollarini olayotganda ushlandi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda 935,6 mln dollarga ortib, 1 mart holatida 35,36 mlrd dollarga yetdi. Yalpi zaxiralar o‘sishi xorijiy valyutadagi aktivlar hisobiga (983 mln dollarga ortgan) to‘g‘ri keldi. Oltin zaxiralari esa 50,4 mln dollarga kamaygan.
Respublikada kuzatilayotgan sovuq va nam ob-havo sababli vodiy viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyati soat 18.00 dan vaqtincha to‘xtatiladi.
Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova bolalarni ekspluatatsiya qilishni zamonaviy qullik va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik deb baholadi. Ombudsman fuqarolarni yo‘llarda tilanchilik qilayotgan bolalarga pul bermaslikka chaqirdi.
OTMni tugatgan yoki o‘qishini ko‘chirgan talabalarning aylanma varaqani to‘ldirish amaliyoti bekor qilindi. Endilikda bu jarayon onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Prezident xorij tajribasi asosida klinikalarni emas, shifokorlarni litsenziyalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish kerakligini ta’kidladi. «Bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, tibbiyot xodimlarini malaka oshirishga majburiy yuborish talab etilmaydi», — dedi u. Qolaversa, yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi «elektron sog‘liqni saqlash» tizimi yaratiladi.
Bloger Asal Xodjayevaning (Asalhoney) jasadi Toshkentdagi uyida qotillik alomatlari bilan topildi. Prokuratura hodisani tergov qilmoqda.
Tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5−6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali yiliga 7 mingga yaqin talaba ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga nima sababdan tibbiyot xodimlari orasidan emas, balki iqtisodchi Behzod Musayev tayinlanganiga izoh berdi. «Tibbiyotchilar juda ko‘p ishladi. Transformatsiya jarayoni ketyapti. Biz sohadagi hisob-kitobni joyiga qo‘yishimiz kerak… Iqtisodiyotni va hisob-kitobni bilganni vazir qildim», — dedi u.
Prezident 2022 yilda budjetdan tibbiyot sohasiga ajratilgan 24 trln so‘mga qo‘shimcha 3,2 trln so‘m mablag‘ berilishini ma’lum qildi. U so‘zi davomida shifokorlarning mehnatini yuksak qadrlashini aytdi. «Men shifokorning o‘g‘li bo‘lganimdan butun umr g‘ururlanib yuraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mahallada sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni ta’sis etilishini ma’lum qildi. Qolaversa, tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanishi aytildi.
Shavkat Mirziyoyev shifokor va tez yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatilayotganini tanqid qildi. «Bu bizga mutlaqo yarashmaydigan holatdir», — dedi u. Endi tibbiyot xodimlarining ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash kodeksi ham ishlab chiqiladi.
Prezident halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar to‘lab berilishini ma’lum qildi. Yangi ish boshlagan yosh shifokorlarga esa 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
Respublika bo‘yicha mevali bog‘ va tokzorlar, ertaki kartoshka va sabzavot ekinlarini sovuq urishidan asrash bo‘yicha tezkor guruhlar tuzildi. Ular soha olimlari bilan birgalikda agrarchilar uchun tavsiyalar ishlab chiqadi.
2022−2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha «Damas» va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Jumladan, reanimatsiya mashinalari ham olib kelinadi. Buning uchun 65 mln dollar jalb qilinadi.
Tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025-yil 1-yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi. Qolaversa, xususiy klinikalardan “turizm yig‘imi” undirish bekor qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev pensiyaga chiqqan shifokorlarga uyida oilaviy shifoxona ochishga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Bu dastlab Sirdaryoda, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy etiladi. Buning uchun alohida klinika ochish talab etilmaydi, shifokor o‘z uyi yoki ijaraga olgan binosida tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting