Yandex Eats Express24 bilan tuzgan bitimdan so‘ng ovqat yetkazib berish agregatori xizmatlari bozorining 87,5 foizini nazorat qiladi. Raqobat qo‘mitasi mazkur bitim monopoliyaga qarshi organ bilan oldindan kelishish talabiga tushmasligini qayd etdi.
Elektroskuterlar, shuningdek, elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar kuchga kirdi. Bu vositalar yorug‘lik qaytargichlar va chiroqlar bilan jihozlangan bo‘lishi shart. Ularda yo‘lovchi tashish taqiqlandi.
Raqobat qo‘mitasi Davr Bank ATBga nisbatan mikrokredit bo‘yicha tashqi reklamada aniq ma’lumotlarni keltirmagani uchun moliyaviy jarima qo‘llashga qaror qildi.
Gruziyada parlament saylovi natijalariga qarshi bir necha yuzlab kishilar norozilik namoyishini o‘tkazdi. Unda prezident ham qatnashib, xalqaro yetakchilar bilan gaplashgani va suhbatdoshlari ham natijalarni tan olmaganini aytdi. Aksiyada asosiy talab xalqaro tashkilotlar kuzatuvida yangi saylov o‘tkazish bo‘ldi.
France Football Rodrini yilning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qildi va unga “Oltin to‘p” sovrinini topshirdi. So‘nggi kunlargacha bu sovrinni Vinisius Junior olishi kutilayotgandi. Lamin Yamal eng yaxshi yosh futbolchi, Emiliano Martinez esa yana eng yaxshi darvozabon bo‘ldi.
Isroil parlamenti 90 kun ichida mamlakatda BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA) faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Agentlik hamda xalqaro tashkilotlar bu harakat “xavfli pretsedent yaratishi” va “BMT nizomiga zidligi”ni bildirmoqda.
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 13 yoshli bola ruhiy nosog‘lom qarindoshini o‘ldirib qo‘ydi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, marhum bolaning qo‘liga pichoq berib, uni o‘ldirishini so‘rab qo‘rqitgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
IT Community of Uzbekistan va Uzum IT sohasida yosh mutaxassislarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik boshlanganini e’lon qildi.
Toshkent viloyati Angren shahridagi metan “zapravka” elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali 1,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi. Hujjatlar tegishli organlarga yuborildi.
Yangi qonun bilan foydali qazilmalarni takroran ruxsatnomasiz qazib olganlarga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Amaldagi qonunchilikda bu uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
MJTKga individual harakatlanish vositalari (velosiped, skuter, samokat va hokazo) va ularning elektron variantlari orqali sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
2025-yildan Moskvada xorijiy fuqarolarga tajriba tariqasida elektron guvohnomalar berila boshlaydi. Unda fuqaro haqidagi barcha dolzarb ma’lumotlar aks etgan bo‘ladi. Bu, jumladan, jinoyatlarni ochishning yangi bosqichiga chiqishga imkon beradi, deydi poytaxt meri.
Talab etilgan til sertifikatiga ega bo‘lib, ammo kvota doirasida magistraturaga tavsiya etilmagan talabgorlar OTMlar belgilaydigan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi. Qo‘shimcha qabul asosida o‘qimoqchi bo‘lganlar tegishli oliygohga murojaat qiladi.
MDHning O‘zbekistondagi deputatlik saylovini kuzatish missiyasi rahbari Sergey Lebedev saylovlar ochiq, raqobat va adolatli o‘tganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, saylovchilar siyosiy yetuklik ko‘rsatib, nomzodlarning va’dalarini bajara olish-olmasligini to‘g‘ri baholay boshlagan.
OTMlarda kontrakt yoki “superkontrakt” asosida o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 1-dekabrga qadar uzaytirildi. Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddatini uzaytirish masalasini OTM rahbari hal qiladi.
Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari tomonidan 6 dona oltin quymasi, quyma tilla uzuk va 7 dona xitoy iyerogliflari tushirilgan tangalar olib o‘tayotgan shaxs ushlandi. Buyumlarning umumiy qiymati 223 mln so‘mni tashkil qildi.
Maktab o‘quvchilari uchun 2-noyabr so‘nggi o‘qish kuni bo‘ladi. Ular 4-noyabrdan kuzgi ta’tilga chiqib, 10-noyabrgacha dam oladi.
Vladimir Jollibekov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbari etib tayinlandi.
Bosh prokuratura Komil Allamjonovga qurolli hujum uyushtirishda gumon qilinayotgan yana uch shaxs hibsga olinganini ma’lum qildi. Avvalroq bir gumonlanuvchi hibsga olingandi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov poytaxtdagi 531-sonli saylov uchastkasida ovoz berdi. Parlament deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan vazirga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mavqeini jamiyat oldida yuksaltirish zarur. “Deputatda aynan siyosiy tafakkur yuqori bo‘lishi shart, deb o‘ylayman”, — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting