«O‘zaviatsiya» agentligi Rossiyaning iFly Airlines aviakompaniyasining O‘zbekistonga parvozlariga vaqtinchalik taqiq qo‘ydi. Avvalroq kompaniya agentlikdan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotgan.
Farhod Dehqonov Toshkent shahar, Bahromjon Jumanov Farg‘ona viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rahbari etib tayinlandi.
Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 4,5 trln so‘mlik (420 mln dollardan ortiq) 619 ta davlat aktivlari sotildi. 2022 yilda 32 ta yirik obyektni davlat ulushi bilan sotish, «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayevga Qarag‘anda viloyatidagi konda yuz bergan portlash oqibatida olti kishi halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Navoiy viloyati hokimi lavozimidan ozod qilinishi va yangi hokim tayinlanishi, yangi chiqarilgan qaror va farmonlar, prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlar — “Gazeta.uz"ning 8 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Aydar-Arnasoy hududida ekoturizmni rivojlantirish uchun, avvalo, suv hajmi barqarorligini ta’minlash, bioxilma-xillikni asrash kerakligi ta’kidlandi. Ko‘llar atrofida qo‘shimcha sayyohlik zonalari va dam olish maskanlari barpo etish, baliq ovlash hajmini 4 ming tonnadan 20 ming tonnaga yetkazish va qirg‘oqlar bo‘yidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekish topshirildi.
Navoiy viloyatidagi YTHda halok bo‘lgan 3 nafar bank xodimi “yuqori turuvchi rahbarlar bergan topshiriqlarni bajarish uchun dam olish kuni ishga jalb qilingani” aytilmoqda. Mehnat vazirligi holatni o‘rganishni boshladi.
Prezident xalq deputatlari Kengashlari va hokimlarning vakolatlarini aniq belgilab beruvchi qonunchilik bazasini yaratish vaqti kelganini aytdi. Unga ko‘ra, «endi kengash rahbari ijroiya organi rahbari bo‘la olmaydi».
Magic City majmuasi qo‘riqchilari hamda gaz to‘ldirilgan sharlarni sotuvchi shaxslar o‘rtasida mojaro sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi doirasida 4 nafar gumonlanuvchi ushlangan, qolganlarini ushlash choralari ko‘rilmoqda.
2021−2025 yillar davomida butun mamlakatda badminton, stritbol va «Workout» sport turlari bo‘yicha 1164 ta sport maydonchasi quriladi. Har yili ushbu sport turlari hamda yurish, yugurish va mini-futbol bo‘yicha 18 ta musobaqa o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Qarordagi dastur va parametrlar to‘liq bajarilgunga qadar budjetdan har yili 104 mlrd so‘mdan ajratiladi.
Prezident qarori bilan Olimpiya zaxiralari kollejlari negizida Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari tashkil etiladi. Undagi kontingent faqat olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha shakllantiriladi. Qolaversa, 3 yillik «spetsialitet» dasturni amalga oshiradigan Oliy sport mahorati instituti ham ochiladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12,26 so‘mga pasayib, 10 693 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa ko‘tarildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Avstriyaning Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linxart bilan uchrashdi. Muzokaralarda 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov sog‘ligi davolanish talab etilganligi sababli, o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etildi. Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan Normat Tursunov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Nurafshonda Zulfiya Zokirova yodgorlik majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish, shuningdek, kutubxona qurish uchun 34,4 mlrd so‘m (3,2 mln dollardan ortiq) mablag‘ yo‘naltirildi. Loyiha Qarshidagi «Qashqadaryo Maks Servis Qurilish korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Hokimlik xarajatlar yuzasidan izoh berdi.
8 noyabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning chang bilan ifloslanishi ruxsat etilgan maksimal qiymatdan oshmadi, deb xabar berdi «O‘zgidromet».
Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov vazifasidan ozod etilishi kutilmoqda. Aprel oyida prezident videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari hokimlariga hayfsan bergan edi.
7 noyabr kuni respublika bo‘ylab 3768 kishi «Tez yordam» xizmatiga murojaat qilgan. Shundan 349 tasi chang-qumli bo‘ron natijasida nafas yetishmovchiligi bilan bog‘liq chaqiriq bo‘lgan.
DXX tomonidan «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti ta’siriga tushib qolgan shaxs O‘zbekistonga olib kelindi. U Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida qo‘shni davlatlarning biriga o‘tganida qo‘lga olingani aytilmoqda.
Bugun va ertaga O‘zbekistonning janubiy hududlarida nam havo massalari aylanib turadi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Payshanba kuni mamlakatga iliq havo massalari kirib keladi. Havo harorati kechalari +3…+8 daraja iliq, kunduz kunlari +15…+18 daraja iliqgacha isiydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting