Toshkent shahrida yakka tartibdagi iste’molchilar uchun «aqlli» gaz hisoblagichlarini o‘rnatish 2022 yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Avvarroq buni 2021 yil oxirigacha amalga oshirish ko‘zlangan edi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Yaponiya hukumati tomonidan «Ko‘tarilayotgan quyosh ordeni katta tasmasi» bilan taqdirlandi. Bunday darajadagi mukofot O‘zbekistonda ilk bor berilmoqda.
Marg‘ilon shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq boshlig‘i qurilish davrida 1,7 mlrd so‘m miqdordagi mablag‘larni talon-toroj qilganlikda gumonlanib, qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentda 4 noyabr soat 11:00gacha olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari munosabati bilan Islom Karimov ko‘chasining Senat yangi binosi oldidagi qismi yopildi. Avtobus yo‘nalishlari aylanma yo‘nalishda tashkil etilgan.
Moliya vazirligi pensiya to‘lovi hamda nafaqa tayinlash uchun zarur hujjatlar haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan @pensiyauzbot Telegram-botini ishlab chiqdi. U orqali pensiya jamg‘armasiga murojaat yo‘llash imkoniyati ham mavjud.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Namangan va Sirdaryo viloyatlarining 208 ta maktabiga 385 ming dona darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalarni taqdim etdi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yildan Cambridge University Press tomonidan chop etilgan ushbu darsliklar O‘zbekistonning barcha maktablarida ijara asosida berila boshlanadi.
Toshkent viloyatida joylashgan fermer xo‘jaligining 16,5 gektar sug‘oriladigan yerini o‘zganing nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 600 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida joylashgan o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berish evaziga 300 ming dollar talab qilgan shaxslar ham qo‘lga olindi.
Hukumat qarori bilan paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxtani terib olish uchun 1,6 trln so‘mgacha resurslar ajratiladi. Mashinada paxta yig‘ib olish xizmati xarajatlarining 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, ayrim hududlarda paxta teruvchilarga amaldagi stavkaga qo‘shimcha ravishda har bir kg paxta uchun 230 so‘m ustama haq to‘lanadi.
2006 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda dunyo bo‘ylab 1200 dan ortiq jurnalist o‘ldirilgan. Bu qotilliklarning har 10 tasidan deyarli 9 tasi sudda ochilmagan. Tashkilot so‘rovida ishtirok etgan jurnalist ayollarning 73 foizi o‘z ishi bilan bog‘liq holda internet orqali tahdid, qo‘rqitish va ta’qibga uchrab kelayotganini aytgan.
Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, Abdulaziz Kamilovning rossiyalik jurnalistlarga bergan intervyusi, respublika bo‘ylab 60 dan ortiq bozor va majmualarning xususiylashtirilishi kutilayotgani — “Gazeta.uz"ning 2 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Kobulda shifoxonadagi portlashlarda 23 kishining halok bo‘lgani, 100 dan ortiq dunyo yetakchilarining 2030 yilgacha o‘rmonlarni kesishni to‘xtatishga va’da bergani, Janubiy Sudanda AN-26 samolyoti qulashi natijasida 5 ekipaj a’zosi, jumladan ikki rossiyalikning halok bo‘lgani, Zelenskiyning va Qrim va Donbass shaharlarini «Yevropa markazidagi ekobombalar» deb atagani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Hozirda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi loyihaning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, yashil energetikaga sarmoya kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflarni hisobga olgan holda ham, uning shaffofligi nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqilmoqda. «Biz nafaqat O‘zbekiston, balki mamlakatimiz bilan chegaradosh qo‘shni davlatlar jamoatchiligining ham bu masalaga munosabatini o‘rganamiz», — dedi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.
Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistonining elchisi etib tayinlangan Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi. U O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Aprel oyida vafot etgan Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonovning otasi qonunda belgilangan tartibda nafaqa pullari to‘lab berilmaganini ma’lum qildi. Shu sabab marhumning otasi Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qildi. Biroq, FIB Mirobod tuman sudi da’vo arizasini rad qildi. Da’vogar esa sudga apellyatsiya shikoyatini kiritgan.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini ma’lum qildi. 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddat daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» deb e’lon qilindi.
Prezident ishtirokidagi videoselektorda sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, sement ishlab chiqaruvchilarga foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i esa 2 baravarga kamaytirilishi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida kelgusi besh yilda yiliga 80 mingtadan xonadon qurish zarurligini ta’kidlandi. Davlat rahbari «Yangi O‘zbekiston» massivlari kompleks rivojlanish tamoyili asosida barpo etilishini qayd etdi. 2022 yilda ehtiyojmand 10 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foizlarni subsidiyalash uchun budjetdan 1,5 trln so‘m ajratilishi belgilandi.
2022 yildan boshlab barcha vazirliklar uchun davlat budjeti mablag‘larini sarflash bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni belgilash rejalashtirilmoqda, dedi moliya vaziri Timur Ishmetov. Unga ko‘ra, budjet taqchilligini 3 foizga kamaytirish va «budjet xarajatlarini qattiq nazorat qilish» rejalashtirilgan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 21,92 so‘mga ko‘tarilib, 10 712 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ko‘tarildi, rubl kursi esa pasaydi.
Deputatlar inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi uchun bemorning yaqin qarindoshi bo‘lishi kerak degan cheklovni bekor qilishga oid qonun loyihasini ma’qulladi. Unga ko‘ra, donor sifatida o‘z a’zosi olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda rozilik bergan inson tushuniladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting