Yoshlar huquqlari bo‘yicha jahon konferensiyasi 12−13 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Unda SOVID-19 pandemiyasi yoshlarning zaif guruhlariga ta’sir o‘tkazayotgan sharoitda yoshlarning sifatli ta’lim olishi va ishlab chiqarishda band bo‘lishga taalluqli imkoniyatlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari avgust boshida 965 mln dollarga oshib, 35,1 mlrd dollarga yetdi. Oltin zaxiralari ham 9,3 tonnadan ko‘proqqa yetdi.
Poytaxtning Chilonzor tumanida «Gazel» va Lacetti avtotransportlari to‘qnashdi. 8 kishi jabrlandi.
«Jizzaxliklar» Telegram-kanalida Jizzax shahridagi Olmazor mahallasida daydi itlar ko‘payib ketgani haqida murojaat e’lon qilingan. Shundan so‘ng, Obodonlashtirish boshqarmasi «it ovlov brigadasi» tomonidan 7 ta it otib o‘ldirilgani aytilmoqda.
Kecha kun davomida O‘zbekistonda 891 kishida koronavirus infeksiya qayd etildi. 7 nafar COVID-19 bemori vafot etdi. Shuningdek, dushanba kuni 457 kishida pnevmoniya qayd etildi, 4 nafar pnevmoniya bemori vafot etdi.
Atabek Tursinbekov O‘zbekistonning Aqtaudagi bosh konsuli etib tayinlandi.
Rossiyaning uchta kompaniyasi AQSh sanksiya ro‘yxatiga kiritildi. Cheklovlar Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga ommaviy qirg‘in qurollari tarqatilmasligi to‘g‘risidagi qonun doirasida joriy etildi. Rossiya kompaniyalaridan biri O‘zbekiston korxonalariga uskunalar yetkazib beradi.
O‘zbekiston Germaniyadan koronavirusga qarshi 350 ming doza vaksina oladi. Preparatlar COVAX dasturi doirasida yetkazib beriladi.
Adliya vazirligi haydovchilarga quloqchin va boshqa uskunalar orqali telefondan foydalanishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Salonga monitor o‘rnatganlik uchun jarimani bekor qilish ham taklif etilmoqda. Bundan tashqari, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi va texpasport olib yurmasdan avtomobildan foydalanishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilda O‘zbekiston 917 million kub metr gaz import qilganligini ma’lum qildi. «Bu juda katta raqam. Ikkinchidan, biz valyutaga import qilyapmiz. Kelajakda nima bo‘ladi?», — dedi u. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, neft va gaz sohasi uchun so‘nggi uch yilda ajratilgan 1,4 mlrd dollar o‘z natijasini bermayapti.
Bosh vazir Abdulla Aripov Tokiodagi Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik bokschilarga nisbatan adolatsizlik bo‘lganligini ta’kidladi. «Shu yoshga kirib, hech qachon bunaqangi adolatsiz hakamlikni ko‘rmaganman… Ularning maqsadi bokschilarimizning irodasini sindirish edi», — dedi u.
Qonunchilik palatasida deputat yordamchisi institutini joriy etishga oid qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu orqali deputat va saylovchi o‘rtasidagi muntazam aloqani yaxshilashga erishish maqsad qilingan. Tashabbus «Milliy tiklanish» partiyasi tomonidan ilgari surildi.
Belarus rahbarining «tez orada» prezident lavozimidan ketishi mumkinligi, «Tolibon»ning 6 ta viloyat markazini egallab olgani, Kubada kichik va o‘rta xususiy tadbirkorlikka ruxsat berilgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Deputat Nodir Abduvaliyev Toshkent aholisi mahallalarni obodonlatirish borasida bekorda shikoyat qilmayotganini ma’lum qildi. Uning fikricha, ayrim holatlarda qurilish ishlaridan keyin «mahallalar bor fayzu tarovatidan mahrum bo‘lmoqda».
Hukumat qarori bilan Chorvoq suv ombori atrofidagi va unga tutash hududlarda, o‘rmon bilan qoplangan va o‘rmon barpo qilish mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jalik yerlari chorvachilikka taqiq qo‘yilgan holda o‘rmon fondiga o‘tkaziladi. 2023 yilgacha ushbu hudud o‘rmonlashtiriladi.
Dollarning rasmiy kursi 11,79 so‘mga pasaydi va jami 10 628,00 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham biroz pasaydi.
«Chegarasiz shifokorlar» va OITSga qarshi kurashish markazi OIV, Gepatit S va teri-tanosil kasalliklari tashxisi uchun mobil laboratoriyani ishga tushirdi. U Toshkent shahri va viloyatida faoliyat ko‘rsatadi.
Xalq ta’limi vazirligi yangi 2021−2022 o‘quv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Bunda maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab ayrim maktablar karantinga yopilib masofaviy tizimga o‘tkazilishi mumkin.
AQShdan beg‘araz ko‘mak sifatida qiymati 330 ming dollardan ziyod bo‘lgan 240 ming dona tibbiy niqoblarning birinchi qismi O‘zbekistonga olib kelindi. Mazkur insonparvarlik yuki «Global Jewish Assistance and Relief Network» jamg‘armasi va Buxoro yahudiylari jahon kongressi tomonidan yetkazilgan.
9 avgustdan boshlab bir hafta davomida O‘zbekistondagi barcha emlash punktlarida xitoy-o‘zbek vaksinasining faqat birinchi dozasi bilan emlash ishlari amalga oshiriladi. Shu muddat ichida ushbu vaksinaning ikkinchi va uchinchi bilan emlanilmaydi. Bu ish vaksinatsiya jarayonini to‘g‘ri rejalashtirish va emlash bo‘yicha hisob-kitobni to‘g‘rilab olish uchun qilinganligi aytildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting