O‘zbekistonlik taekvondochilar Osiyo chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza jami 10 ta medalni qo‘lga kiritib, rekord o‘rnatishdi. Bunga qadar O‘zbekiston tarixida hech qachon bitta Osiyo chempionatida 10 ta medal qo‘lga kiritilmagan edi.
Shavkat Mirziyoyev Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi hamda Andijon tumanidagi «Andijon gullar bog‘i»ni borib ko‘rdi. «Bunday bog‘larni har bir tumanda tashkil etib, ayollarga gul yetishtirishni o‘rgatish kerak. Bu orqali «ayollar daftari»ga kirgan xotin-qizlarni ishli, daromadli qilish mumkin», — dedi davlat rahbari.
Dollarning rasmiy kursi 13,43 so‘mga pasaydi va jami 10 467,60 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham biroz pasaydi, rubl esa biroz ko‘tarildi.
«Paxtakor» futbol klubi asosiy tarkibidagi futbolchilar, asosiy jamoa murabbiylar shtabi va klub rahbariyatining yillik maosh va daromadlari aks ettirilgan ma’lumotni taqdim etdi. Klub bosh murabbiyi yiliga 350 ming yevro ishlab topsa, futbolchilar ichida eng ko‘p daromadni shveysariyalik legioner Eren Derdiyok topadi — yiliga 1 mln 300 ming yevro.
Jahon banki Andijon shahrining issiqlik ta’minotini yaxshilash uchun qiymati 36 mln dollar bo‘lgan loyihani boshlaydi. Uning doirasida 24 km issiqlik uzatish tarmoqlari, 271 ta ko‘p qavatli uy qurilishi hamda 32 ta ijtimoiy soha obyektida alohida ishlaydigan isitish uskunalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
«Uzbekistan Airways» Toshkent — Tbilisi — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yakshanba kuni qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Haftasiga umumiy hisobda uchta muntazam aviaqatnov: seshanba, juma va yakshanba kunlari bajariladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 1 martdan boshlab Andijon shahri tarkibida «Yangi Andijon» tumani tashkil etilishini ma’lum qildi. «Yangi Andijonda „Damas“ bo‘lmaydi. U yerda yer usti yoki yer osti metrosini qurish bo‘yicha hisob-kitoblar qilinadi. Ma’qulini quramiz», — dedi davlat rahbari. Yangi Andijon loyihasining kommunikatsiya tarmoqlarini qurishni boshlash uchun 100 mln dollar ajratiladi.
Raqqosalar bilan video sababli ishdan ketgan Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari Nurali Mirzayev ushbu holat «qasddan uyushtirilganligini» ta’kidladi. «Videoda, to‘g‘risi, menga nisbatan provokaya bo‘lgan. Bu ishdan keyin bo‘lgan holat», — deydi u.
Sakkiz oylik ikkita oq sher bolasi (Jonni va Jenni) Janubiy Afrikadan Toshkent hayvonot bog‘iga olib kelindi. Dunyoda bunday sherlarning soni 300 dan oshmaydi.
Andijon viloyatidagi Asaka zavodida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. 2021−2023 yillarda 80 mln dollar investitsiya evaziga, 8 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. 2020 yilning dekabr oyida «O‘zavtosanoat» kompaniyasi faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazilishi rejalashtirayotgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kelajakda viloyat, shahar va tuman hokimlarining xalq tomonidan saylanishini ta’kidladi. Shuningdek, davlat rahbari keyinchalik hokimlar xalq deputatlari kengashi raisi bo‘lmasligini ham qayd etdi. «Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar o‘rgansin deb uni ushlab turibman», — dedi u.
Andijon viloyatida 2021−2022 yillarda jami 19,8 trln so‘m, ya’ni 1,8 mlrd dollarlik 584 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 60 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida iqtisodiy kompleksda ishlovchi 5700 nafar xodimning barchasi ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi. «Ularga 3 oy sinov muddati beriladi, agar aravani torta olsa, ishga tiklanadi, oyligini ham beramiz, kerak bo‘lsa mukofot ham beramiz», — deya qo‘shimcha qiladi prezident.
Shavkat Mirziyoyev Andijonlik tadbirkor ayol, Umida Usmonovani «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotladi. Shuningdek, unga «Mikrokreditbank» tomonidan 5 mlrd so‘m foizsiz kredit ajratilishi bo‘yicha topshiriq berildi. Prezident tadbirkor ayol bilan 17 iyun kuni Urganji mahallasida uchrashib, uni mukofotlashini aytgan edi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlashiga ko‘ra, Andijon viloyatida mahallalarning aksariyati o‘zining «o‘sish nuqta"larini aniqlab olgan bo‘lishiga qaramay, 100 ta mahalla haligacha o‘z ixtisoslashuv yo‘lini topmagan. 200 ta mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 400 mlrd so‘m (har bir mahallaga 2 milliard so‘mdan) resurs ajratilishi qayd etildi.
Prezident qarori bilan mamlakatda kamondan otish rivojlantirilib, ommalashtiriladi. Toshkentda har yili «Alpomish va Barchinoy», Samarqandda — «To‘maris kubogi» musobaqalari, Buxoro, Qo‘qon, Samarqand va Xivada — «Turizm va kamondan o‘q otish haftaligi» o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 105 ming 219 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 395 nafar bemor kasallikdan sog‘ayib, O‘zbekistonda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.
Respublika bo‘ylab juma va shanba kunlari bulutli ob-havo ustunlik qiladi, ba’zi hududlarda yog‘ingarchiliklar kuzatilishi mumkin. Yakshanba kuni tog‘ oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, havo harorati me’yordan +2…+4 daraja past bo‘lishi kutilmoqda.
«Paxtakor» homiylari tomonidan ajratilgan 22 mlrd so‘m hisobidan klubning yig‘ilib qolgan qarzdorliklari yopildi. Endilikda jamoaning moliyaviy hisobotlari, futbolchilar ishlab topadigan mablag‘lar va mukofot pullari klub rasmiy manbalarida e’lon qilib boriladi.
Andijon tumanida 4 ming gektar maydonda barpo etilayotgan yangi shahar qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. “Bu tarixiy voqea bilan, xayrli marosim bilan butun Andijon halqini chin yurakdan tabriklayman”, — deya ta’kidladi prezident Shavkat Mirziyoyev.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting