Olmaliq shahrida ayollar tomonidan yo‘lning qatnov qismi to‘sib qo‘yildi. Olmaliq kon metallurgiya kombinati mazkur fuqarolar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan kvota olishganini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi otishma butunlay to‘xtatildi. Tojikiston otishma sodir bo‘lgan Laylak viloyatidan hozirda buldozerlari olib tashlamoqda.
Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi sabablari haqida rasmiy ma’lumot berildi. Suv omborini loyihalashtirish, qurish va to‘g‘onning ekspluatatsiyasi jarayonida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun 17 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bugun va ertaga ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Yakshanba kuni kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 29−32 darajagacha, janubda 34−37 darajagacha ko‘tariladi.
Talabalar orasida COVID-19 infeksiyasi aniqlangani sababli, Toshkent davlat texnika universiteti, Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti masofaviy ta’lim tizimiga o‘tdi.
Publitsist Shuhrat Rizayev O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovning sakkiz kishilik xonada yotgani, yaxshiroq shifoxonaga o‘tkazish bo‘yicha undan yordam so‘raganini ma’lum qilgan edi. SSV vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida artistni davolagan shifokorlar va uning turmush o‘rtog‘i fikr-mulohazalarini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, Mirza Azizovni xorijlik, jumladan, oxirgi marta rossiyalik professor-reanimatolog tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan va shu asosda muolajalar qilingan.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqotda mintaqaviy hamkorlikning muhim masalalari hamda Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish masalalarini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni muhokama qilishdi. Shavkat Mirziyoyev yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish va uning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlari erishgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatladi.
Miraziz Bozorov 110-maktab o‘qituvchilarining jamoaviy arizasi asosida «g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish» moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga aylandi. Hozirda u uy qamog‘ida. Mart oyi oxirida bloger LGBT faollariga qarshi namoyish kuni noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklangan. Ichki ishlar boshqarmasi hujum qilgan shaxsning fotorobotini e’lon qildi.
Mart oyining oxirida Amir Temur xiyoboni yaqinida o‘tkazilgan ruxsatsiz miting paytida o‘spirinlarni kaltaklaganlikda to‘rt kishi ayblanmoqda; ular sud boshlanguniga qadar uy qamog‘iga olingan. Tartibsizliklarda qatnashgan yana 27 kishining harakatlari ma’muriy huquqbuzarlik deb topildi.
Isroildagi Lag ba-Omer diniy bayrami paytida yuzaga kelgan tiqilinch natijasida 44 kishi halok bo‘ldi va 100 dan ortiq kishi jarohat oldi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu voqeani «dahshatli falokat» deb atadi.
Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 150 mln 133 mingdan oshdi, shulardan hozirgacha 87,2 mln inson COVID-19 dan tuzalgan, vafot etganlar soni esa 3 mln 162 mingdan ko‘proqni tashqil qilmoqda.
29 aprel kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 400 nafardan oshdi. Kun davomida 2 ta o‘lim holati qayd etildi. Ayni vaqtda COVID bilan kasallangan deyarli 3100 nafar kishi shifoxonalarda davolanmoqda. Emlash tezligi yanada oshirildi.
Qirg‘izistonning Botken viloyatida yuzaga kelgan otishma butunlay to‘xtatildi. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni avvalgi joylashtirilgan joylariga olib chiqish to‘g‘risida kelishib oldilar. Hozirda Laylak tumanida otishmalar kuzatilayotgani aytilmoqda. To‘qnashuvlar oqibatida Qirg‘izistonda 13 kishi, Tojikistonda 10 kishi vafot etdi.
O‘zbekiston fuqarolariga kripto-birjalarda kripto-aktivlar va tokenlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy va chet el valyutasida amalga oshirishga ruxsat berilishi mumkin.
«Paxtakor» jamoasi OCHL guruh bosqichidagi 6-tur uchrashuvini «Eyr Fors» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 1:0 hisobi qayd etildi va unda O‘zbekiston jamoasining qo‘li baland keldi. Bugun Olmaliqning AGMK jamoasi Tojikistonning «Istiqlol» klubiga qarshi maydonga tushadi.
To‘lqin Atamurodov Navoiy viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Bundan tashqari, viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga Sa’dulla Mirzayev tayinlandi.
Samarqandda Qozog‘iston bosh konsulxonasi ochildi. Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston uning konsullik okruglari sifatida belgilandi.
Qurilish vazirligi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi rekonstruksiyasi loyihasini taqdim etdi. U yerda veloyo‘lak, amfiteatr, kafe, do‘konlar, muzeyning ma’muriy binosi va boshqa ob’ektlar barpo etiladi, velosipedlar ijarasi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston prezidenti payshanba kuni Ashxobodda Turkmaniston prezidentining otasi — Malikguli Berdimuhamedov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi. U aprel oyi o‘rtalarida vafot etgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting