2021-yilda O‘zbekistonning turli hududlarida yana 10 ta prezident maktabi bunyod etiladi. Ma’lum bo‘lishicha, Andijondagi prezident maktabi shahar hokimiyati va Andijonnoma tahririyati o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan. Tahririyat xodimlari uchun esa alohida joy hozirlanayotgani aytildi.
Niderlandiyadagi COVID-19 ga qarshi karantin choralari tufayli norozilik namoyishlari mamlakat bo‘ylab tartibsizliklarga olib keldi. Ushbu holat 40 yildan buyon Gollandiyada ilk bora sodir etilayotgani qayd etildi.
O‘tgan yili O‘zbekistonga 1,5 million xorijlik tashrif buyurdi, bu 2019 yilga nisbatan 77,7 foizga kam. Ko‘pchilik mamlakatga qarindoshlarini ko‘rish uchun kirgani (87,8%) qayd etilmoqda.
Samarqandlik talaba fuqaroni Qirg‘izistondagi universitetga kiritib qo‘yish, keyinchalik o‘qishni Samarqandga ko‘chirishni va’da qilib, 5 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Talaba 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar ob’ektlarning 8:00 dan 23:00 gacha faoliyat yuritishi bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilindi.
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 28 yanvardan boshlab konsert tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat berildi. Bunda konsert saroylari faqat 50 foizgacha to‘ldirilishi, o‘rindiqlarda oraliq masofa saqlanishi va barcha himoya niqobda bo‘lishi kerak.
Poytaxt hokimi ajratgan 30 mlrd so‘m nafaqat daraxt ekishga balki, obodonlashtirish ishlariga ham sarflanishi mumkin. Shahar Kengashi deputati Vasila Alimova ta’kidlashicha, hozirda qanday daraxtlarni qayerga ekish maqsadga muvofiqligi bo‘yicha mutaxassislar o‘rganishlar olib bormoqda.
AQSHda Qulikka qarshi harakatning yetakchisi bo‘lgan Garriyet Tabmen 20 dollarlik kupyuralarning old qismiga joylashtirilishi rejalashtirilmoqda. Kupyuralar Baraka Obama davrida almashtirilishi boshlangan edi, biroq Donald Tramp ma’muriyati tomonidan qoldirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Coca-Cola korxonasining xususiylashtirilishi bo‘yicha Davaktiv munosabatiga javob berdi va jarayonning davom ettirilishiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura departamenti Toshkent va Romitan tumanlarida tadbirkorlar 2,7 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlanganini aniqladi. Ular sarflagan miqdor qish mavsumida 200 tagacha xonadonni uzluksiz gaz bilan ta’minlashga yetishi ma’lum bo‘ldi. Ishbilarmonlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2020 yilda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 14 ming 774 xotin-qizga himoya orderi berilgan. Himoya orderlari ko‘proq Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon mamlakat bo‘ylab koronavirusga chalingan bemorlarning qolmagani haqida ma’lum qildi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan so‘nggi 15 kun ichida infeksiyaning yangi holatlari aniqlanmagani aytilmoqda.
Angren shahar obodonlashtirish boshqarmasi sobiq rahbari byudjetdan ajratilgan 638,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilganligi aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash jarayonida ularni yig‘ish, tizimlashtirish va saqlash O‘zbekistonda jismonan joylashgan texnik vositalar yordamida amalga oshirilishi kerak. Ushbu o‘zgartirishlar shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga kiritildi.
Davaktiv Antikorrupsiya agentligining «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»ni xususiylashtirish bo‘yicha tenderni to‘xtatishni so‘rab kiritgan taqdimnomasiga munosabat bildirdi. Davaktiv Antikorrupsion agentlik va jamoatchilik bilan xususiylashtirishni xalqaro amaliyot qoidalariga muvofiq holda sotish jarayoni yuzasidan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Markaziy bankning Kredit tashkilotlari prudensial nazorati departamenti direktori lavozimida ishlab kelgan Abrorxo‘ja Turdaliyev Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Toshkent davlat yuridik universitetining 31 yoshli kafedra mudiri Huseyn Rajabov prezident bilan uchrashuvda yuristlar uchun yagona malakalovchi imtihon tizimini joriy etishni taklif qildi. Shavkat Mirziyoyev bu imtihondan 90 foiz yuristlar o‘ta olmasligini ma’lum qildi, biroq ushbu g‘oyani o‘rganib chiqishini aytdi. Prezident yosh mutaxassisga Oliy sudda ishlashni taklif qildi, biroq u kafedra mudiri sifatida qolishni so‘radi.
Toshkent shahrida 17 yoshli maktab o‘quvchisi oilaviy kelishmovchilik tufayli 48 yoshli otasini pichoqlab qo‘ydi. Tan jarohati oqibatida fuqaro vafot etgan.
Hukumat qarori bilan DXX Chegara qo‘shinlariga ko‘maklashuvchi 10 kishilik otryadlar tashkil etilmoqda. Ularga chegaraga yaqin hududda yashovchi yoki ishlovchi aholi orasidan sog‘lom 18 yoshdan yuqori, 60 yoshdan oshmagan fuqarolar tanlab olinadi. Otryad a’zolariga oylik to‘lovlar ham ajratiladi. Ular zarurat tug‘ilganda belgilangan vazifalarga jalb qilinadi.
Prezident saylovlari oktyabr oyiga ko‘chirilishi mumkin. Bunda 2021 yilgi saylovlar tahminan 24 oktyabrga to‘g‘ri keladi. Qonunchilik palatasi saylov kuni o‘zgarishitirilishiga sabab bo‘lgan omillarni ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, hujjat loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting