Koronavirus bemorlari orasida o‘lim sonining oshishiga 50 foiz holatlarda shifokorlarga kech murojaat qilganlik sabab bo‘lmoqda, deya xabar berdi sog‘liqni saqlash vaziri. Alisher Shodmonov alomatlarsiz bemorlarni uyda davolash hamda sog‘liqni saqlash tizimi koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga qanchalik tayyor ekanligi to‘g‘risidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan karantin majmuasida saqlanayotgan shaxslar uy karantiniga hamda OTM va kasb-hunar kollejlarining talabalar turar-joylari bazasida tashkil etilgan karantinda saqlash joylariga o‘tkaziladi. Oliy ta’lim vazirligi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan karantinda saqlash infratuzilmasiga ega OTM va kollejlar ro‘yxatini tuzib chiqadi.
Sanoat va yirik qurilish ob’ektlari faoliyatiini davom ettirish uchun shartlar belgilandi. Ularning hududi to‘liq karantinga olinadi.
10 iyuldan 1 avgustga qadar O‘zbekistonda karantin cheklovlari kuchaytiriladi. Respublika hududida avtotransport vositalarining harakati cheklanadi. Davlat organlari va tashkilotlarning mehnat faoliyati maksimal darajada masofadan turib tashkil etiladi. Parklar, buyum bozorlari, sport zallari, umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyati to‘xtatiladi. Xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartiriladi.
Andijon viloyati rahbarlariga ish natijalariga qarab “mas'uliyatsiz rahbar” va “mas'uliyatli rahbar” so‘zlari yozilgan nishonlar berildi. Bu ish Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning koronavirusga topshirgan test natijalari ijobiy chiqdi. U uydan turib o‘z ish faoliyatini davom ettiradi.
Koronavirus bemorlari soni 168 nafarga ortib, jami 10838 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarining 161 nafari Qashqadaryo viloyatida va 7 nafari Namangan viloyatida qayd etildi. Shundan 38 nafari aholi orasida.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 64 yoshli toshkentlik bemor (ayol) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 41 nafarga yetdi.
Buxoro viloyatida tez tibbiy yordam avtomashinasi haydovchisining ehtiyotsizligi oqibatida yo‘l chetida to‘xtab turgan Isuzu yuk avtomobilining orqa qismiga borib urilgan. YTH natijasida tez tibbiy yordam avtomashinasining haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida vafot etishgan.
Toshkent hokimligi yana bir bor G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i fuqarolar dam olish joyi sifatida yashil zona bo‘lib qolishini ta’kidladi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘rnida turar-joy majmuasi yoki biznes-markaz quriladi, degan gap-so‘zlar tarqalgan edi.
Navoiyda “O‘zsanoatqurilishbank” filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari X. Sh. vafot etdi. Unda koronavirus aniqlangan edi.
“Mahalla” jamg‘armasining Sergeli bo‘limi mansabdor shaxslari umumxalq xayriya hashari hisobidan kelib tushgan 95,8 mln so‘mni talon-taroj qilgani aniqlandi. Ularga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Koronavirus holatlari 128 taga ko‘payib, jami 10587 nafarga yetdi. Yangi holatlarning 112 nafari Toshkent shahrida, 11 nafari Qoraqalpog‘istonda, 2 nafardan Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida hamda 1 nafari Toshkent viloyatida aniqlandi. Shundan 34 nafari aholi orasida qayd etildi.
Farg‘ona viloyati Qirg‘izistonning Botken viloyatiga koronavirus testlari va tibbiy asbob-uskunalarni o‘z ichiga olgan gumanitar yordam yubordi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 79 yoshli toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Ta’kidlanishicha, u shifokorlarga murojaat qilmasdan bir hafta davomida uyida davolangan. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 39 nafarga yetdi.
2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘tgan 5 yil davomida eng yuqori natija — 2,7 mlrd dollarni tashkil etdi. 6−7 iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Seulga amaliy tashrifi davomida yangi kelishuvlarga erishildi.
Amerikancha futbol jamoasi “Kanzas-Siti Chifs” a’zosi Patrik Maxoums sport tarixidagi eng yirik shartnomani imzoladi. Shartnoma qiymati 503 mln dollar bo‘lib, 10 yil muddatga tuzildi.
Jizzax viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar soni ortib borayotgani sababli Jizzax shahrida karantin choralari kuchaytiriladi. Xususan, shaharga kirish va chiqishda ko‘shimcha postlar tashkil etiladi, avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishi cheklanadi.
Jizzax shahar hokimligi xodimida koronavirus aniqlangani sababli hokimlik binosi karantinga olingan. Ayni paytda hokimlik xodimlari o‘z ishlarini masofadan turib davom ettirishmoqda.
Moliya vazirligi kuzatuv kengashlaridagi mustaqil xorijiy direktorlar orqali davlat banklari ustidan nazoratni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Moliya vaziri Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, ba’zi banklar «tushunarsiz sharoitlarda» katta kreditlarni tasdiqlashgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting