Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun mavjud bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilinib, o‘rniga jarima yoki majburiy jamoat ishi jazosi qo‘shilmoqda.
London, Esseks va Xartfordshirning ayrim qismlari koronavirusning «yangi varianti» aniqlanganligi sababli, 16 dekabrdan boshlab karantinning maksimal darajasiga (uchinchi darajali) o‘tkaziladi. Unga ko‘ra, shaharda yopiq yig‘ilishlar ham taqiqlanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan e’lon qilingan 2020 yilgi Inson kamoloti indeksi hisobotida O‘zbekiston 106-o‘rinni egalladi.
CNN, The Insider va Bellincat nashrlari tomonidan birgalikda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, Aleksey Navalniyga uyushtirilgan suiqasdda Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) qo‘li bor ekanligi aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, bunda 8 kishining qo‘li bor.
Namangan viloyatida ZIL-130 va Neksiya-1 rusumli avtomashinalar to‘qnashdi. YTH oqibatida 3 kishi vafot etdi, ikki nafar yo‘lovchilar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Pochta bo‘limlarida aholidan to‘lovlarni qabul qilish kengaytirilib, autsorsing asosida bank va davlat xizmatlarini taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.
Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan Moliya vazirligi sug‘urta tashkilotlari bilan birgalikda Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha Ye-polisni sotish, rasmiylashtirishni amalga oshiradi.
Toshkentda noqonuniy diniy hujralar faoliyat yuritganligi aniqlandi. Hujralarda o‘qigan 30dan ortiq bolalar kaltaklanib, muntazam ravishda och qoldirish orqali jazolangan.
Turkiyada 31 dekabrdan 4 yanvarga qadar 24 soatlik komendantlik soati joriy qilindi. O‘tgan kunlar davomida mamlakatda 29 617 koronavirus infeksiyasi aniqlandi va bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Jo Bayden 306 ta saylovchining ovozini qo‘lga kiritdi va bu AQSH prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasini tasdiqladi. Donald Tramp noyabr oyidagi saylovlardan so‘ng mag‘lubiyatini tan olmadi.
Rossiya tinchlikparvar kuchlari vositachiligi bilan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Armanistonga 44 nafar, Ozarbayjonga 12 nafar asirlar yetkazildi.
Bosh prokurorni bir nechta huquqbuzarliklard ayblagan Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning vajlarini «har tomonlama va xolisona tekshirish» maqsadida Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda ishsizlikni qisqartirishga, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan loyiha uchun 93 mln dollar ajratadi.
Rossiya qurilish vazirligi va kommunal xizmatlar boshqarmasi migrantlarning qurilish ishlariga kelishlari uchun mamlakatga kirish shartlarini soddalashtirishni so‘radi. Qurilish vazirligi 1 dekabr holatiga ko‘ra mamlakatning 77 viloyatidan 50 tasidagi qurilish maydonlarida muhojirlar yetishmovchiligi kuzatilayotganini aytgan.
14 dekabr kuni futbol bo‘yicha UEFA Chempionlar ligasining 2020/2021 yil 1/8 final uchrashuvlari uchun qur’a tashlandi. 1/8 finalning dastlabki bahslari 16, 17, 23 va 24 fevral kunlari o‘tkaziladi.
Toshkent shahar Bektemir tumanida IIO xodimlari tomonidan 4 mln so‘mga yaqin pirotexnika vositalari ushlab qolindi.
Amudaryo bo‘ylab Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonni bog‘laydigan deyarli 413 m uzunlikdagi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi quriladi. Shuningdek, Shovot tumanidan Korauzoq tumanigacha 79 kilometrlik temir yo‘l quriladi. Qurilishni yanvar oyida boshlash rejalashtirilgan.
Qamchiq dovonida muzlagan yo‘llar sababli 13 ta avtotransport vositalari YTHga uchradi. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Haftaning o‘rtalaridan boshlab havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. Seshanba kuni kechasi Farg‘ona vodiysi hududlari va shanba kuni Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida qor yog‘ishi mumkin.
Toshkent shahar Yunusobod tumani «Universam» savdo majumuasida ichki ishlar organ xodimlari yer osti yo‘lagida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarga yo‘lakni bo‘shatish to‘g‘risida ogohlantirish berishgan. Ogohlantirishlarga mazkur fuqarolar rad javobini berib, janjal ko‘targan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting