Moxir Valiyev Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi raisi etib tayinlandi.
Armaniston, Rossiya va Ozarbayjon rahbarlari Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘xtatilishi to‘g‘risida bayonot imzoladi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjonga yon berib, bir nechta tumanlarni, shuningdek tan olinmagan respublikaning bir qismini Bokuga o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Qaror e’lon qilinganidan keyin Yerevanda norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi.
Bunga qadar Sirdaryo viloyati prokurori lavozimida faoliyat olib borgan Ravshan Masharipov Samarqand viloyati prokurori etib tayinlandi.
9 noyabr kuni tunda Ozarbayjon Rossiya vertolyotini urib tushirdi. Ozarbayjon ushbu hodisa tasodifan sodir etilgani va Rossiyaga qarshi qaratilmaganligi haqida ta’kidlamoqda. Vertolyot ekipajining 2 a’zosi halok bo‘lgan.
Rossiyalik reper Morgenshtern tanlovda g‘olib bo‘lgan buxorolik yigitga Mercedes-Benz mashinasini sovg‘a qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan edi. Musiqachi qimmat «rastamojka»dan shikoyat qilgan edi. Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Morgenshtern kamida 353,8 mln so‘m ($34 ming) boj to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Samarqand viloyatida «Avtomashinasiz 10 kun» aksiyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov taklifiga binoan 11 noyabrdan 21 noyabrgacha hokimlardan tortib, byudjet tashkilotlari rahbar va xodimlari ishga piyoda borib keladi. Velosiped yoki jamoat transportidan ham foydalanish mumkin.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasining UNG yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i orqali sotilayotgan AI-95 markali benzin narxi arzonlashtirildi.
Mast fuqaro temir yo‘lda uxlab yotgani sababli «Xiva-Urganch-Toshkent» poyezdi 16 daqiqaga to‘xtab qoldi. Hozirda hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tadigan majlisida ishtirok etadi.
«Biror vazirlik yoki hokimiyat davlat moliyaviy nazoratidan ustun bo‘masligi kerak, ungacha foydasi yo‘q», — dedi moliya vaziri Timur Ishmetov. Ma’lum bo‘lishicha so‘nggi ikki yilda 2477 nafar shaxs 371 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Hozirda ular qonun oldida javob bermoqda.
Deputat Rasul Kusherbayevning aytishicha, qonunchilikka ko‘ra shartnoma shartlari kuchga kirishi uchun 15% oldindan to‘lov kifoya bo‘lganligi sababli, xaridorlar UzAuto Motors bilan shartnomalar tuzishda oldindan 85 foizdan kamroq miqdorida to‘lov qilishlari mumkin. «Qonun bo‘yicha bunga haqli bo‘lsangiz ham aslo buning iloji yo‘q, chunki ular monopolist diktovkasi bilan tuzilgan shartnomaning bitta harfini ham o‘zgartirishmaydi», — deya ta’kidladi deputat.
Xitoy dunyodagi birinchi oltinchi avlod (6G) aloqa sinovi uchun sun’iy yo‘ldoshini uchirdi. Cun’iy yo‘ldoshda ekinlar va o‘rmon yong‘inlarini kuzatish texnologiyalari ham mavjud.
Rossiyaning Samara shahrida uy yonib ketishi oqibatida 4 kishi vafot etdi, 5 nafar odam jarohat oldi. Jarohat olganlar ichida O‘zbekiston fuqarosi ham bor.
Virgin Hyperloop kompaniyasi vakuumli poyezd kapsulasining birinchi yo‘lovchi sinovlarini o‘tkazdi. Tunnel orqali o‘tish paytida yangi transport turi 48 m/s tezlikkacha ko‘tarildi.
Hukumat qarori bilan ilmiy nashrlar bo‘yicha milliy bazaning elektron platformasi yaratilishi belgilanmoqda. Unga respublikada nashr qilingan ilmiy jurnallardagi maqolalarning elektron shakli kiritiladi.
2021 yildan respublikada o‘tkaziladigan xalqaro musiqa festivallari va anjumanlari doirasida «Oltin davr» xalqaro musiqa yarmarkasi o‘tkaziladi. Unda asosiy e’tibor mahalliy va xorijiy san’atshunoslarning o‘zaro hamkorligiga qaratiladi.
Buxoro viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i pora olayotganida ushlangan. U karantin qoidalarini buzgan korxonaga jarima tayinlamaslik evaziga 400 AQSH dollari va 500 ming so‘m pora talab qilgan.
Davlat maktabgacha ta’lim muassalarida xitoy tilini qo‘shimcha chet tili sifatida o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Toshkentda raqamli bolalar bog‘chasining pilot loyihasini ishga tushirish taklif qilinmoqda.
10−11 noyabr kunlari mamlakat hududi sovuq havo massalari ta’sirida bo‘lib, quruq ob-havo kuzatiladi. 12 noyabr kuni Volga bo‘yidan sovuq antitsiklon respublikaga kirib keladi. O‘zbekiston hududining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi, tog‘li hududlarda qorga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining videokonferensaloqa shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis yakunlari bo‘yicha transport, energetika, qurilish, ta’lim, madaniyat, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalarini, shuningdek, yoshlar siyosatini rivojlantirishga oid jami 23 hujjat imzolandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting