Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i himoyasini yanada kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish muhimligi ta’kidlandi. Qashqadaryo, Farg‘ona va Buxoroda yengillatish jarayoni boshlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida Janubiy Koreyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Tashrif koronavirus pandemiyasi sababli keyinroq muddatga ko‘chirilgan.
O‘zbekiston Afg‘oniston Maslahat loya jirg‘asining 400 nafar tolib-mahbusni ozod qilish to‘g‘risidagi qarorini olqishlashini ma’lum qildi. Afg‘onlararo muzokaralari shu hafta ichida boshlanishi mumkin.
Xolmo‘min Yodgorov Sudyalar oliy kengashi raisi etib tayinlangani munosabati bilan Oliy sud raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti insonparvarlik yordami sifatida O‘zbekistonga 500 ta kislorod konsentratorini jo‘natdi. Hafta oxirigacha laboratoriyalar uchun zarur bo‘lgan moddalar bilan yuklangan yana bir insonparvarlik yordamining kelishi kutilmoqda.
Andijon viloyatida institutga kiritish evaziga 2 ming dollar olgan kafedra dotsenti firibgarlik ustida ushlandi.
O‘zbekiston 2025 yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi.
Oldinroq Uzcard kompaniyasining 75 foiz aksiyasiga ega bo‘lgan Oybek Tursunov hozirda kompaniya ta’sischilarining ro‘yxatida yo‘q. Endilikda aksiyalarning 51 foizi «O‘zmilliybank»ga, 6 foizdan aksiya «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka» bank, Ipoteka-Bank va «Aloqabank» banklariga tegishli bo‘lsa, qolgan 25 foiz aksiyalar jismoniy shaxslarga tegishli.
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi gidroelektrstansiya hududida jomadon ichidan erkak kishining jasadi topildi. O‘limning «mexanik asfiksiya» natijasida sodir bo‘lgani xabar qilindi.
Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy faollikning sekinlashuvi ish haqi miqdorlarining pasayishiga olib keldi. Jumladan, 1 mln so‘mgacha maosh oladiganlar soni 100 ming kishiga ko‘payib, 1,77 mln nafarga yetdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni Belarus prezidenti saylovida erishgan g‘alabasi bilan qutladi.
2020 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida Davlat byudjeti daromadlari 58,2 trln so‘mni, xarajatlari esa 64,8 trln so‘mni tashkil etib, defitsit 6,7 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Dollarning rasmiy kursi deyarli 22 so‘mga qimmatlab, jami 10 231 so‘m etib belgilandi. Bu AQSH milliy valyutasining ikkinchi hafta oshishi. Yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Hafta o‘rtalarida havo harorati kunduzi 30−35, kechasi 18−23 darajagacha pasayadi. Tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Ish haftasining oxiriga kelib esa harorat yana ko‘tarilib, 33−38 darajaga yetishi kutilmoqda.
9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida 5 nafar nomzod ishtirok etdi. 10 avgust kuni mamlakat markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini e’lon qildi va unda 80,23% ovoz bilan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoning qo‘li baland kelgani ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtdagi Mirzo Ulug‘bek tumaniga kiruvchi Ulug‘bek shaharchasining aholisi shaharchani Toshkent viloyatining Qibray tumaniga o‘tkazishga qarshi chiqdi. Ularning fikricha, bu shaharcha va u yerda joylashgan Yadro fizikasi institutining holatini yomonlashuviga olib keladi. Aholining ochiq xati 2700 ga yaqin imzo to‘plagan.
COVID-19 bemorlari soni 211 nafarga ortib, jami 30820 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarning 176 nafari Toshkent shahrida, 24 nafari Toshkent viloyatida hamda 11 nafari Sirdaryo viloyatida qayd etildi. Shu bilan birga, ikki nafar COVID-19 bemori vafot etdi.
O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus holatlari soni 29918 taga (kunlik o‘sish 693 ta), sog‘ayganlar — 21316 nafarga (+936), vafot etganlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumoti bo‘yicha, 188 nafarga (+5) yetdi.
Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bir qator bloggerlar va jurnalistlarning Telegram-akkauntlarini buzishga bo‘lgan urinishlarni izohlab, matbuotning «ovozini o‘chirishga» urinish bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini aytdi. Shuningdek, u Facebook ga kirish bilan bog‘liq muammolarga qaramay, foydalanuvchilar baribir kirishda davom etishlarini ta’kidladi.
Bosh prokuratura ikki viloyatda byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinganlik holatlari aniqlanganini e’lon qildi. Andijon viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasida ishlamayotgan ishchilarga ish haqi va nafaqalar to‘langan — 240 mln so‘mga yaqin mablag‘lar talon-toroj qilingan. Sariosiyo tumani Xalq ta’limi bo‘limi hisobchisi bir necha yil davomida 355,3 mln so‘mni talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting