O‘zbekistonda yana 204 ta koronavirus holati aniqlanib, umumiy soni 15 mingtaga yaqinlashdi. Yangi holatlarning 126 tasi poytaxtda, 34 tasi Toshkent viloyatida aniqlandi.
Toshkentda 6 iyulda koronavirus alomatlari paydo bo‘lgan 53 yoshli erkak bemor hayotdan ko‘z yumdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 73 nafarga yetdi.
Sulton Tex Group kompaniyasi bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuxrat Teshayevni sudga berdi.
2020 yilning birinchi yarmida mamlakat ichki bozorida chet el valyutasiga bo‘lgan talab $8,2 mlrd, umumiy taklif hajmi esa $4,3 mlrdni tashkil etdi. Markaziy bank ichki valyuta bozoriga $2,2 mlrd intervensiya kiritdi. Shuningdek, yil boshidan milliy valyuta kursi 7,2 foizga qadrsizlandi.
16 iyul kuni O‘zbekistonning uchta yo‘lovchi poyezdi Rossiya va Qozog‘iston chegarasidagi 2100 dan ortiq o‘zbekistonlik yo‘lovchilarni mamlakatga qaytarish uchun Toshkent tomon yo‘l oldi. Poyezdlar Milliy gvardiya, IIV va SSV xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.
Twitter ijtimoiy tarmog‘iga xakerlar tomonidan hujum uyushtirilib, Ilon Mask, Bill Geyts, Barak Obama va boshqa mashhur shaxslar sahifalari orqali bitkoin bo‘yicha yolg‘on xabarlar tarqatildi. Xabarlar sayt administratsiyasi tomonidan o‘chirildi.
Adliya vazirligi matbuot kotibi Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi bosh yuriskonsulti Adhamjon Dexkanov vafot etganini, hamda unda COVID-19 infeksiyasi aniqlanganini ma’lum qildi.
«O‘zbekiston 24» telekanali poytaxtning Bektemir tumani hokimligi xodimi yerni rasmiylashtirib berish uchun $4000, SISI dotsenti — $10 ming, Urgutdagi poliklinika shifokori — $18 ming, NDPI dekani o‘rinbosari — $3000 va xodimi $8000 hamda BDU o‘qituvchisi — $4000 pora olayotganlarida DXX tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
MDH mamlakatlari oktyabr oyida xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga to‘g‘ri kelmaydigan maqsadlarda axborot texnologiyalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilishni rejalashtirishmoqda.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning aytishicha, endilikda prezident topshirig‘iga binoan 103 raqamiga telefon qilinganda band bo‘lish holatiga chek qo‘yiladi. Bundan tashqari, tez tibbiy yordam xizmati 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda yetib kelishi va COVID-19 ga test natijalarini uzog‘i bilan bir kunda chiqarilishi ta’minlanadi.
Vafot etgan yana bir nafar IIV xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini vazirlik matbuot kotibi «Gazeta.uz» ga tasdiqladi.
Koronavirus bemorlari soni 206 nafarga ortib, jami 14787 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlar Karantin markazida (53), Toshkent shahrida (101) Surxondaryo viloyatida (35) va Qoraqalpog‘istonda (17) qayd etildi. Shu bilan birga, COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 72 nafarga yetdi.
Prezident qarori bilan Abduhakim Xadjibayev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
O‘zbekistonda kun davomida qariyb 500 ta koronavirus holati aniqlandi. Yangi holatlarning 200 tasi karantin muassasalarida, 291 tasi — COVİD-19 bemorlari bilan muloqotda bo‘lganlar va 5 tasi aholi orasida qayd etildi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun hayfsan e’lon qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘nggi oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasini keskin buzganligi ta’kidlandi.
Ichki ishlar vazirligi Sirdaryo viloyatidagi ichki ishlar organlari xodimlari va sudya bilan bog‘liq vaziyatda sudyaning tez yordam mashinasiga yo‘l bermaganligini ma’lum qilib, voqea tasvirlangan videotasvirni e’lon qildi.
Tashqi ishlar vazirligi Armanistan va Ozarbayjon chegarasidagi to‘qnashuvlar bo‘yicha bayonot bilan chiqdi. Holatning keskinlashishi tinch aholi orasidagi qurbonlar bo‘lishiga olib kelishi, iqtisodiy aloqalarni buzishi va mintaqaviy xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkinligi sababli O‘zbekiston tomonlarni o‘ta sabr-toqatli bo‘lishga va siyosiy-diplomatik muzokalarga chaqirdi.
O‘zbekistonda yana 173 kishining koronavirusga chalingani tasdiqlanib, jami holatlar 14466 taga yetdi. Yangi holatlar karantin markazlari, Toshkent shahri, Namangan, Andijon, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida qayd etildi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 37 yoshli pskentlik bemor (erkak kishi) o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 69 nafarga yetdi.
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida Nexia qarshidan kelayotgan SHACMAN yuk mashinasiga urildi. Yengil avtomobil haydovchisi voqea joyida halok bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting